O‘zbekiston | 19:24 / 14.01.2020
37779
13 daqiqa o‘qiladi

Shaharlarda tezlikni 60 km/soatgacha pasaytirish taklif qilindi

Tezlikni pasaytirish, piyodalar maydonlarini kengaytirish, jamoat transportini rivojlantirish va yo‘llar sifatini oshirish. YTH qurbonlari sonini qanday kamaytirish mumkin?

«Yuksalish» umummilliy harakati O‘zbekiston shaharlari va aholi punktlarida transport harakatining ruxsat berilgan eng yuqori tezligini 70dan 60 km/soatgacha pasaytirish taklifi bilan chiqdi.

«Ommaviy axborot vositalarida deyarli har kuni O‘zbekistonning turli hududlarida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari haqidagi xabarlar quloqqa chalinadi, achinarlisi, ularning aksariyati o‘lim bilan yakun topmoqda.

Qayta aloqa tizimlari (Telegram˗bot, elektron manzil, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar) orqali hamda hududlardagi bevosita uchrashuvlar chog‘ida «Yuksalish» umummilliy harakatiga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Fuqarolar yo‘llardagi vaziyat, transport inratuzilmasi sifati, aholining, ayniqsa, bolalar va yoshlarning yo‘l harakati qoidalarini bilish darajasidan xavotirda.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublika hududida yiliga o‘rtacha 9˗10 ming yo‘l˗transport hodisalari sodir bo‘ladi, ulardan ikki mingdan ortig‘ida insonlar halok bo‘lmoqda. 2018 yilning o‘zida O‘zbekistonda 2 262 nafar kishi YTH qurboni bo‘ldi. Halok bo‘lganlar soni 2017 yilga nisbatan 8,5 foizga kamaygan bo‘lsada (2 473 kishi), bu ko‘rsatkich hamon yuqori - bir kunda 6 kishi.

Harakatlar strategiyasiga muvofiq, respublikada yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, avtotransport boshqarish va avtomobil harakati yo‘llarida piyodalar madaniyatini oshirish sohasi ham takomillashtirilyapti. 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash Konsepsiyasi qabul qilindi. U normativ˗huquqiy bazani takomillashtirish, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini oshirishni maqsad qilgan.

Shunday bo‘lsada, O‘zbekiston shaharlari va aholi yashash punktlarida avtotransport harakat tezligini 70dan 60 km/s.ga pasaytirish to‘g‘risidagi taklif tasdiqlanmadi. Bu taklif jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan hujjat loyihasida bildirilgan edi.

Xorij tajribasidan shuni aytish mumkinki, dunyoda ruxsat etilgan eng yuqori harakat tezligi 70 km/s.ni tashkil etgan mamlakatlar ko‘p emas. MDHning qator davlatlari, Armaniston, Gruziya, Ozarboyjonda aholi yashash punktlarida ruxsat etilgan eng yuqori harakat tezligi 60 km/s hisoblanadi. Ukrainada 2019 yil 1 yanvaridan yo‘llarda o‘lim holatlari sonini kamaytirish choralaridan biri sifatida maksimal harakat tezligi 60dan 50 km/s.ga kamaytirildi. Yevropaning 29ta mamlakatida harakatlanish tezligi 50 km/s, London shahrida 48 km/s.ni tashkil etadi.

Tadqiqotlarga qaraganda, tezlikni oshirish avariya ehtimoli va uning og‘ir oqibatlari bilan bevosita bog‘liq. Misol uchun, harakat tezligining bir foizga oshishi yo‘l harakati ishtirokchilari o‘limi bilan tugaydigan YTH ehtimolini 4 foizga, jiddiy avariya ehtimolini 3 foizga orttiradi. Mashina urib ketishi natijasida piyodalarning halok bo‘lishi ehtimoli ham keskin ortadi. (65 km/s tezlikda bunday natija ehtimoli 50 km/s tezlikdagiga qaraganda 4,5 barobar yuqori). 65 km/s tezlikda harakatlanganda yondan berilgan zarba natijasida haydovchi va yo‘lovchilarning halok bo‘lishi ehtimoli 85 foizni tashkil etadi.

O‘rtacha tezlikni atigi 5 foizga kamaytirish orqali o‘lim bilan yakun topadigan yo‘l˗transport hodisalarini deyarli 30 foizga kamaytirish mumkin. Boisi, tezlik qancha yuqori bo‘lsa, mashina to‘xtashi uchun shuncha katta masofa kerak bo‘ladi, bu esa yo‘l˗transport hodisasi ehtimolini oshiradi. Quruq yo‘lda 70 km/s tezlikda kelayotgan haydovchi, u yoki bu holatga javoban manyovr qilishi uchun 18-20 m yo‘l bosib o‘tadi, mashinani butunlay to‘xtatish uchun esa u 47 m yo‘l bosib o‘tish talab etiladi.

Tezlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar ham bor, ular - alkogol, yo‘l trassasi, harakat zichligi va ob˗havo sharoitlari.

Masalan, 9 yanvar kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Xalqlar do‘stligi saroyi to‘g‘risida «BMW» va «Lacetti» rusumli avtomobillar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Dastlabki sabab etib ko‘rsatilgan «BMW» mashinasi haydovchisining tezlikni oshirganligi tufayli sodir bo‘lgan avariya natijasida ikkala avtoulov yonib ketgan. Keyinroq o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, xorijiy avtomobilni boshqargan kishi alkogol ta’sirida mast holatda bo‘lgan. Hodisa oqibatida «Lacetti»ning ikki nafar yo‘lovchisi hodisa joyida halok bo‘ldi, yana ikki nafari, jumladan, haydovchi hozirda shifoxonada.

Tezlikni cheklovchi qonunchilik normalarining qabul qilinishi bilan bir qatorda ularning amalda ishlashini ham ta’minlash, yo‘llarni loyihalash va avtomobil texnologiyalarini tatbiq qilish ham muhim ahamiyatga ega. Jahonda yo‘l harakati xavfsizligi holati to‘g‘risidagi Hisobotda 2015 yil 180ta ishtirokchi˗davlatdan 97tasi qonunchiligida shahar hududlarida tezlikni 50 km/s qilib cheklash ko‘zlangan, shunday bo‘lsada, faqat 27 davlat (15 foiz) tezlikni cheklash to‘g‘risidagi qonunlar amalda ishlashi nazorat qilinishiga ijobiy baho berdi (10 ballik tizimda 8 va undan yuqori).

Umuman olganda, yo‘llarda xavfsizlik muammosi global xarakterga ega. 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasi kun tartibida keng ko‘lamli vazifa belgilangan, ya’ni 2020 yilga borib butun dunyoda YTH natijasida o‘lim holatlarini ikki barobar kamaytirish. Bu vazifa amalga oshish ehtimoli qanchalik yuqori?

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi hisobotida dunyoda yo‘l harakati xavfsizligi holati (2018 yil) to‘g‘risida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, YTH natijasida o‘lim holatlari soni ortib bormoqda va bu ko‘rsatkich yiliga 1,35 million o‘lim holatlarini tashkil etadi. Hisobotda YTH oqibatidagi jarohatlar 5˗29 yoshdagi bolalar va ayolarning o‘limiga asosiy sabab deb qayd etildi. Yo‘llarda halok bo‘layotganlarning yarmidan ko‘pi «yo‘llarning ojiz foydalanuvchilari»dir — piyodalar, velosipedchilar va mototsiklchilar.

Yo‘l xavfsizligi bo‘yicha BMTning maxsus elchisi Jan Todt fuqarolik jamiyati institutlari, haydovchilar hamjamiyati va avtotransport boshqarishni o‘rgatadigan tashkilotlar vakillari bilan 2019 yil sentyabrida «Yuksalish» umummilliy harakati binosida o‘tgan uchrashuvi chog‘ida yo‘l˗transport travmatizmi bolalar va yoshlar o‘rtasida o‘lim holatlarining asosiy sabablaridan biri ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Jan Todtning fikricha, muammoning asosiy sabablaridan biri ˗ yo‘llarda haydovchilar yo‘l qo‘yadigan elementar xatolar: harakat tezligini oshirish, xavfsizlik kamarini taqmaslik, mast holda avtoulov boshqarish, harakat vaqtida telefondan foydalanish. Bunday holatlarni tugatish va elementar yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish yo‘l˗transport hodisalari sonini ikki baravar kamaytirish imkonini beradi.

Misol uchun, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik kamarini taqish haydovchi va old o‘rindiqlarda o‘tirgan yo‘lovchilar o‘rtasida o‘lim ehtimolini 45˗50 foizga va orqa o‘rindiqlarda ketayotgan yo‘lovchilarning o‘lish va og‘ir jarohat olish ehtimolini 25 foizga kamaytirar ekan. Bolalarni olib yurish uskunalaridan foydalanish esa o‘lim ehtimolini 60 foizga kamaytirishi mumkin.

Shuning uchun yo‘l harakati ishtirokchilarining, jumladan, YHQni buzish oqibatlari to‘g‘risida keng xabardor qilish orqali shaxsiy mas’uliyatni oshirish muhim.

Jan Todtning ta’kidlashicha, bunda kompleks yondashuv muhim. Milliy darajada mas’uliyat hukumatlarga yuklatiladi, chunki ularda qonunchilik bazasini o‘zgartirish uchun barcha vakolatlar mavjud, biroq jamoatchilik birlashmalari va yoshlarda ham gap ko‘p. Ular aholining turli qatlamlarini yo‘llarda xavfsizlik qoidalari va texnikasiga rioya qilishga targ‘ib qilishlari mumkin.

BMT va JSST tomonidan ilgari surilayotgan xavfsiz tizimli yondashuv yo‘l˗transport travmatizmi ehtimollik omillari va tegishli choralarni har tomonlama o‘rganish uchun barqaror asos ta’minlayapti. Ular Shvetsiyada ishlab chiqilgan «Vision Zero» («Yo‘llarda o‘lim holatlarining nol darajasi») strategiyasiga tayanadi. U uzoq istiqbollarda transport tizimida jiddiy jarohatlar va o‘limga olib keluvchi jarohatlar holatlarini butunlay yo‘q qilish maqsadini ko‘zlaydi. Mazkur yondashuvning maqsadi avariyalarning oldini olish imkonini beruvchi xavfsiz yo‘l tizimini yaratish uchun axborot va yo‘nalishlar bilan ta’minlash, avariya sodir bo‘lgan taqdirda urilish kuchi jiddiy tan jarohati yetkazish yoki o‘limga sabab bo‘lish uchun yetarli bo‘lmasligi, jarohatlanganlar qutqarilib, tegishli travmatologik yordam ko‘rsatilishini kafolatlashdan iborat.

BRM vazifalarini amalga oshirish uchun JSST «Hayotni saqlab qolish» yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha texnik hujjatlar to‘plamini ishlab chiqdi. U 6ta komponent va 22 tadbirni o‘z ichiga oladi. Jumladan, «Tezlikni tartibga solish» komponenti mamlakat, shahar va mahalliy miqyosda tezlikni cheklash to‘g‘risidagi qonunlarga rioya qilishni ta’minlash, transport harakat tezligini kamaytirish maqsadida yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish, masalan, yo‘lni toraytirish hisobiga, aylana harakat maydonlarini yaratish, sun’iy o‘ydim˗chuqurlar («yotqizilgan politsiyachilar»), yon tarafdan bo‘rtiqlar va rifel ovozli polosalar yaratish hisobiga. «Transport vositalari xavfsizligi mezonlari» komponenti avtotransport vositalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik kamarini taqish, olddan yoki yondan urish, piyodalar himoyasi, ISOFIX bolalarni olib yurish uskunalarini mahkamlovchi nuqtalar kabi texnik xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni nazarda tutadi. «Yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlash faoliyatini boshqarish» komponentining muhim choralari qatorida ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash tizimini mustahkamlash asosida yo‘l harakati xavfsizligini monitoring qilish, ta’limni tashkil etish va axborot kampaniyalarini o‘tkazish orqali xabardorlikni oshirish.

Jahon amaliyoti ko‘rsatganidek, yo‘llarda travmatizmni kamaytirish va oldini olish, o‘lim holatlarini kamaytirish mumkin.

Misol uchun, Norvegiya poytaxti Oslo shahrida 2019 yilda o‘limga sabab bo‘lgan birgina YTH sodir bo‘ldi: avtomobil panjara to‘siqqa urilishi natijasida haydovchi halok bo‘ldi. Bitta ham piyoda yoki velosipedchi o‘limi holati sodir bo‘lmadi.

Oslo yo‘llaridagi vaziyatni yaxshilashga shahar ichida tezlikni keskin cheklash, shahar markaziy tumanlarida avtomobil yo‘llari sonini kamaytirish, yo‘l qoplanishi sifatini yaxshilash va avtomobillarning zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanishi kabi omillar sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, Norvegiyada velosipedlar tobora ommalashib boryapti.

Shu sababli, «Yuksalish» umummilliy harakati jahon amaliyoti va yurtimizdagi vaziyatni kompleks tadqiq etish asosida shaharlar va aholi yashash punktlari yo‘llarida eng yuqori harakat tezligini 70 km/soat.dan 60 km/soat.ga pasaytirish masalasini ilgari suradi.

Shuningdek, jamoat transporti tarmog‘ini rivojlantirish va shaharning markaziy qismlarida sayr uchun maydonlarni kengaytirish masalasini dolzarb deb hisoblaydi. Yo‘l infratuzilmasini loyihalashda va bu kabi loyihalarning amalga oshishini nazorat qilishda jamoatchilikning ishtiroki muhim.

Aholini (haydovchi va piyodalarni) xavfsizlik kamarlaridan foydalanish, avtotransportni bolalarni olib yurishga mo‘ljallangan o‘rindiqlar bilan jihozlash, tezlikni oshirishning ayanchli oqibatlariga alohida urg‘u berib yo‘l harakati qoidalaridan xabardor qilish bo‘yicha ommaviy kampaniya o‘tkazish taklifi bildiriladi.

«Yuksalish» umummilliy harakati barcha manfaatdor tomonlarni, shu jumladan, xalqaro tashkilotlarni mazkur sohada hamkorlik qilishga chaqiradi», deyiladi «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid