O‘zbekiston | 22:42 / 15.01.2020
14724
3 daqiqa o‘qiladi

Istanbulda Navoiyning ilk rasmiy devoni yangi nusxasi aniqlandi

Alisher Navoiy qalamiga mansub «Badoye' ul-bidoya» devonining Turkiyada saqlanayotgan oltinchi nusxasi borligi aniqlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, qo‘lyozma Navoiy hayotligi davrida mashhur xattot Sultonali Mashhadiy tomonidan qog‘ozga tushirilgan.

Bu haqda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi bo‘lim boshlig‘i, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov 15 yanvar kungi matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«2019 yilda Istanbulda O‘zbekistonga tegishli madaniy boyliklarni tadqiq etish jarayonida Alisher Navoiy hayotlik davrida – 1485 yilda ko‘chirilgan qo‘lyozmani o‘rganishga muvaffaq bo‘ldik.

Aftondil Erkinov

Hozirgacha bu devonning 5ta nusxasi fanga ma'lum edi. Biz aniqlagan qo‘lyozma 6-variant – «Istanbul nusxasi» sifatida qayd etildi», – degan Aftondil Erkinovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning aytishicha, Istambulda o‘rganilgan asar Alisher Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgani bilan ham ahamiyatli.

«Alisher Navoiy mazkur qo‘lyozma asarini hayotlik davrida tahrirlagani ham o‘rganishlar natijasida aniqlandi. Bu qo‘lyozma-asarning ahamiyatini yanada oshiradi», – deya qo‘shimcha qildi adabiyotshunos olim.

Ma'lumot uchun, Alisher Navoiyning lirik she'rlari jami 8ta devonga jamlangan. «Badoye' ul-bidoya» («Badiiylik ibtidosi») – shoirning o‘zi tuzgan ilk rasmiy devoni sanaladi. Asar taxminan 1472-1476 yillar oralig‘ida Xuroson shohi Husayn Boyqaroning iltimosi bilan tartib berilgan.

Bunga qadar navoiyshunoslikda ushbu devonning shoir hayotlik davrida ko‘chirilgan Parij, London, Tehron, Boku va Toshkent nusxalari ma'lum edi. Oltita qo‘lyozma 1480–1486 yillar oralig‘ida (muallifning 34-45 yoshlari) kitobat qilingan, ammo ulardagi she'rlar tarkibi farq qiladi. Devon o‘ndan ziyod janrdagi mingdan ortiq she'r (777tasi g‘azal)dan iborat.

Eslatib o‘tamiz, 9 fevralda Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi nishonlanadi.

Mavzuga oid