O‘zbekiston | 21:37 / 17.01.2020
63306
2 daqiqa o‘qiladi

Sodiqjon Turdiyev yangi lavozimga tayinlandi

«Nuroniy» jamg‘armasi raisi Shuhrat Jalilov lavozimini tark etdi, uning o‘rnini Jalaquduq tumani hokimi Sodiqjon Turdiyev egalladi.

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi Vasiylik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Qosimov ishtirok etdi.

Videoselektor shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda «Nuroniy» jamg‘armasi Vasiylik kengashi a'zolari, respublika boshqaruvi xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. «Nuroniy» jamg‘armasi Vasiylik kengashi qaroriga ko‘ra shu paytga qadar jamg‘armaning respublika boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelgan Shuhrat Jalilov boshqa ishga o‘tgani sababli lavozimidan ozod etildi. 

Uning o‘rniga O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev «Nuroniy» jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi etib saylandi. 

  • Ma'lumot uchun, Sodiqjon Turdiyev 2010—2013 yillarda Xalq deputatlari Asaka tuman kengashi deputati bo‘lgan. 2012 yilga qadar «Asaka jilosi» fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilgan. 2012 yil noyabrida O‘zbekiston Fermerlar kengashi raisligiga saylangan. U 2013 yil dekabrida O‘zLiDeP yetakchiligiga saylangan, 2015 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari bo‘lgandi. 2018 yilning avgustida esa partiya liderligini tark etib, Andijon viloyatining Jalaquduq tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.
  • 2019 yilning avgustida Sodiqjon Turdiyev salomatligi tufayli tuman hokimi lavozimini tark etgani haqida xabar tarqalgan, ammo u keyinroq yana hokimlik vazifasini bajarishda davom etayotgandi.

Mavzuga oid