Jamiyat | 22:24 / 19.01.2020
31044
4 daqiqa o‘qiladi

Maktab bitiruvchilari uchun FLEX dasturiga arizalar qabuli boshlandi

AQShning FLEX ta'lim dasturi uchun arizalar qabuli boshlandi. Unda dunyoning 40dan ortiq mamlakati bolalari hujjat topshirishi mumkin.

O‘zbekistonlik talabgorlar uchun oxirgi muddat 6 fevral etib belgilangan.

FLEX dasturi tarixiga nazar

Future Leaders Exchange – FLEX (Kelajak liderlari almashinuvi) dasturiga oid qonun AQShda 1991 yilda qabul qilingan.
Avvaliga loyiha Amerikaning sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlar bilan aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan edi. Keyinchalik esa ro‘yxatga boshqa davlatlar ham qo‘shildi.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad – amerikaliklar va boshqa millat vakillari o‘rtasida do‘stona aloqalarni o‘rnatishdir. Minglab amerikaliklar va mahalliy maktablar grantni qo‘llab-quvvatlaydi va hech qanday haq olmasdan g‘oliblarni o‘qitadi, oilalariga qabul qiladi.

O‘tgan 27 yil mobaynida FLEX dasturi o‘rta maktablarning 28 000 nafar o‘quvchisiga stipendiyalar ajratdi. 2019/20 o‘quv yili uchun jami 977ta kvota berilgan.

Ular orasida shu loyiha doirasida bilim olib qaytgan va keyinchalik yaxshi lavozimlarni egallagan o‘zbekistonlik yoshlar ham bor.

Maktab va litsey bitiruvchilari uchun

Bu yilgi dastur uchun 2002 yilning 15 fevralidan 2004 yil 31 martgacha bo‘lgan muddatda tug‘ilgan va hozir 11-sinfda yoki akademik litseyning oxirgi bosqichida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik bolalar hujjat topshirishi mumkin.

Hujjatlar https://ais.americancouncils.org/flexuz havolasida qabul qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tilgach, dastur imtihonlari vaqti haqida talabgorning elektron pochtasiga ma'lumotlar yuborib turiladi. Arizada talabgor imtihonlarni topshirish uchun Toshkent, Nukus, Namangan, Samarqand kabi shaharlardan o‘ziga mosini tanlashi mumkin.

Nomzodlar bir necha bosqichdan iborat tanlovdan o‘tishadi. Yarim final  bosqichida ishtirokchilar va ularning ota-onalari tanishtiruv yig‘ilishiga taklif etiladi va ularga dastur haqida ko‘proq ma'lumot beriladi.

Har bir ishtirokchi individual suhbatdan, ingliz tili bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadi. Bunda ingliz tilini yaxshi bilish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi

Dastur g‘oliblariga beriladigan imkoniyatlar

  • Doimiy yashash joyidan to AQShdagi belgilangan uygacha va vataniga qaytib kelish yo‘lkirasi;
  • Oylik stipendiya. Ushbu stipendiyani o‘quvchi shaxsiy xarajatlari hamda AQShda yashagan davrida ijtimoiy hayotda teng ishtirok etishiga sarflaydi;
  • Oldindan yaxshilab tekshirib, tanlangan mezbon oilada bir yil mobaynida bepul yashash;
  • Amerika maktabida ro‘yxatga olinish va o‘qish;
  • Dastur oldidan va keyin o‘tkaziladigan tayyorlov kursida ishtirok etish;
  • AQShda tashkil etiladigan mahalliy tadbirlarda ishtirok etish;
  • Tibbiy sug‘urta. Mazkur sug‘urta AQShga kelgunga qadar bo‘lgan kasalliklarni davolashni qoplamaydi. Shuningdek, stomatologik yordam ham ushbu sug‘urta tarkibiga kirmaydi.

Grant dasturi asosida o‘qiydiganlarda ham ingliz tilini mukammal o‘rganib qaytish, ham boshqa turli millat vakillari bilan do‘stlashish, ularning madaniyati bilan tanishish va o‘z navbatida, o‘zbek madaniyati haqida ham ularga ma'lumot berish imkoniyati bo‘ladi.

Imkoniyati cheklangan o‘quvchilar ham tanlovda ishtirok etishlari mumkin. Har yili 20ga yaqin imkoniyati cheklangan ishtirokchi grant g‘olibi bo‘lib, FLEX dasturida qatnashadi.

Izoh: Bola oxirgi 5 yil ichida AQShda 90 kundan ortiq yashagan bo‘lsa, tanlovda qatnasha olmaydi. Shuningdek, ota-onasi yo qarindoshi AQShga immigratsiya qilgan yoki buning uchun ariza bergan yoxud buni rejalashtirayotgan bo‘lsa ham bola FLEX dasturida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmaydi.

Mavzuga oid