O‘zbekiston | 11:10 / 24.01.2020
154624
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2020 yilga nom berildi

Prezident 2020 yilni Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e'lon qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomasida ilm-ma'rifat va texnologiyalar rivojiga alohida ahamiyat qaratdi.

«Sharq donishmandlari aytganidek, «Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, Eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!»

Shu sababli, hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma'rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.

Taraqqiyotga erishish uchun, raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart.

Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.

Yurtimiz «Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi» bo‘yicha 2019 yilda 8 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali judayam orqadamiz.

Aksariyat vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalardan mutlaqo yiroq, desak, bu ham haqiqat.

Albatta, «raqamli iqtisodiyot»ni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz.

Biroq, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech bo‘ladi.

Shu bois, «Raqamli iqtisodiyot»ga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi.

Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi.

Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng og‘ir illat – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham samarali vositadir.

Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor.

Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir so‘z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkin.

Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma'naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida, men yurtimizda 2020 yilga “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berishni, taklif etaman», deydi prezident.

Davlat rahbarining taklifi qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 1997 yildan boshlab har bir yilga shu davr ichida taraqqiyotning muhim yo‘nalishlarini ifoda etadigan nom berish an'anaga aylangan. 1997—2017 yillar oralig‘ida yillarga quyidagicha nom berilgan:

2019 yil — Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili
2018 yil — Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili
2017 yil — «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»
2016 yil — Sog‘lom ona va bola yili
2015 yil — Keksalarni e'zozlash yili
2014 yil — Sog‘lom bola yili
2013 yil — Obod turmush yili
2012 yil — Mustahkam oila yili
2011 yil — Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili
2010 yil — Barkamol avlod yili
2009 yil — Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili
2008 yil — Yoshlar yili
2007 yil — Ijtimoiy himoya yili
2006 yil — Homiylar va shifokorlar yili
2005 yil — Sihat-salomatlik yili
2004 yil — Mehr va muruvvat yili
2003 yil — Obod mahalla yili
2002 yil — Qariyalarni qadrlash yili
2001 yil — Onalar va bolalar yili
2000 yil — Sog‘lom avlod yili
1999 yil — Ayollar yili
1998 yil — Oila yili
1997 yil — Inson manfaatlari yili

Mavzuga oid