Sport | 17:20 / 27.01.2020
12242
2 daqiqa o‘qiladi

Iroda To‘laganova Osiyo tennis federatsiyasining vitse-prezidenti etib saylandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston tennis federatsiyasining Bosh kotibi Iroda To‘laganova yana bir nufuzli lavozimga saylandi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston MOQ matbuot xizmati.

«Hamyurtimiz bugun Osiyo tennis federatsiyasining (OTF) vitse-prezidenti deb e'lon qilindi. To‘laganova o‘tgan yilning 1 dekabr kuni Hindistonning Bangalor shahrida o‘tgan yig‘ilishda OTF direktorlar kengashiga a'zo bo‘lgan edi. Ortda qolgan vaqt mobaynida yurtdoshimizning samarali faoliyati uni xalqaro tashkilotning vitse-prezidentlik darajasiga ko‘tardi» - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 38 yoshli Iroda To‘laganova tennis bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi bosh murabbiyi ham hisoblanadi. U 2019 yil boshida federatsiya bosh kotibi sifatida 20 yildan ortiqroq vaqt faoliyat yuritib kelgan Igor Shepelovning o‘rnida ish boshlagandi.

Ma'lumot uchun, Iroda To‘laganova 1982 yilning 7 yanvarida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Yakkalik bahslarida 3 martadan WTF va ITF turnirlari g‘olibi. 2002 yilda jahon reytingidagi eng yuqori o‘rni – 16-pog‘onaga ko‘tarilgan. «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni, «Shuhrat» medali sohibasi sanaladi.

Mavzuga oid