Jahon | 21:09 / 29.01.2020
23417
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Chuvashiston rahbarini iste'foga chiqardi. U jurnalistlarni haqoratlagan va o‘t o‘chiruvchining ustidan kulgandi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z farmoni bilan Chuvashiston prezidenti Mixail Ignatevni «ishonchni oqlamagani» uchun iste'foga chiqardi. Yanvar oyida Ignatev ikkita shov-shuvli mojaro markazida qolgandi.

Foto : GETTY IMAGES

Kreml saytida ma'lum qilinishicha, Ignatev «ishonchni yo‘qotgani» sababli lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga vaqtinchalikka Davlat dumasi deputati Oleg Nikolayev tayinlandi.

50 yoshli Ignatevning iste'foga chiqarilishidan oldin uning ishtirokida ikkita shov-shuvli mojaro yuz bergandi.

Chuvashiston rahbari 18 yanvarda Matbuot kuniga bag‘ishlangan chiqishida ba'zi jurnalistlar va blogerlar respublikaga «turli yo‘llar bilan» pul ishlagani kelishlarini, u yerda «yaxshi o‘rnashib olib», «hech kim va hech narsadan bexabar bo‘lar-bo‘lmas narsalarni yozishlari»ni aytgan.

«Shu sababli ularni, xalq tilida aytiladigandek, ta'zirini berish kerak. Ular qayerdan, qanday niyatda kelganlari, qayerda yashashlari, ishlashlari, qanday pul topishlari haqida gapirish kerak», deb aytgan Ignatev.

Chuvashistonning endilikda sobiq rahbari ishtirokidagi yana bir mojaro o‘t o‘chiruvchilarga yangi xizmat mashinalari kalitlarini topshirishi vaqtida yuz bergan. Mahalliy matbuotda yozilishicha, ushbu voqea videosida Ignatev mashina kalitini topshirish vaqtida uni baland ko‘tarib, «favqulodda vaziyatlar zobitini kalitni olish uchun sakrashga majbur qilgani» aks etgan.

Matbuotda Ignatevning bu xatti-harakati «zobitni kalaka qilish» sifatida qabul qilingan. Shundan keyin Chuvashiston rahbarining bu «qilmishi» favqulodda vaziyatlar vazirligi va u a'zosi hisoblangan «Yedinaya Rossiya» partiyasi tomonidan ham tanqid qilingan. Mojarodan keyin Ignatev partiya safidan chiqarilgan. Ignatevning matbuot xizmati esa kalitni olish uchun sakragan zobit respublika rahbarining ko‘p yillik tanishi ekani va barchasi do‘stona tarzda kechganini aytgan.

Putin ma'muriyatidagi manbalarning ma'lum qilishicha, Ignatevning iste'fosi uning ishtirokidagi mojarolargacha rejalashtirib qo‘yilgan edi. Ularning ta'kidlashicha, Chuvashistonga 2010 yildan beri rahbarlik qilib kelgan Ignatevning reytinglari past va sog‘lig‘ida muammolar bo‘lgan.

Ignatevning vakolatlari muddati 2020 yil sentyabrda tugashi kerak bo‘lgan.

Mavzuga oid