Jahon | 10:28 / 30.01.2020
28258
2 daqiqa o‘qiladi

Bolton «oltinchi jahon urushi»ga olib kelishi mumkin edi - Tramp

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp 29 yanvarda o‘zining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonni tvitter orqali keskin tanqid qildi. Bunga esa Boltonning hali nashr etilmagan kitobidagi ba'zi ma'lumotlarning matbuotga sizib chiqqani sabab bo‘lgan.

“Agar men unga [Boltonga] quloq solganimda, biz allaqachon oltinchi jahon urushida bo‘lardik”, deb aytgan Tramp.
 
Oq uy rahbarining ta'kidlashicha, Bolton AQSh ma'muriyatidagi faoliyati davomida ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ygan.
 
“Ko‘pchilik “Buni qilmang, ser” deganiga qaramay, unga bu ishni berdim. U bu lavozimni egallagashi bilan televideniye orqali [Shimoliy Koreya masalasini hal qilishda] “Liviya modeli” haqida xato gapirgan”, deb yozgan Tramp.

Uning ta'kidlashicha, sobiq maslahatchisi iste'foga ketkazilishi bilanoq “bu yoqimsiz va aldam-qaldam kitobni yozgan”. 

Avvalroq OAV AQSh ma'muriyati Boltonni kitobining ba'zi qismlari chop etilishiga qarshi ekani, chunki ular maxfiy ma'lumot saqlashidan ogohlantirganini ma'lum qilgan.

Matbuotga Boltonning The Room Where It Happened: A White House Memoir (“Bu yuz bergan xona: Oq uy haqidagi xotiralar”) deb nomlangan kitobidagi ba'zi ma'lumotlar sizib chiqqandi. Jumladan, ularda Tramp sobiq vitse-prezident Jo Baydenga qarshi Ukrainada tergov o‘tkazilishi ilinjida Kiyevga harbiy yordamni ushlab turgani ta'kidlangan.  

Boltonning kitobini mart oyida nashr etish rejalashtirilgan. 

Bolton 2019 yil sentyabrida AQSh prezidenti farmoni bilan iste'foga chiqarilgandi. Tramp o‘z qarorini maslahatchisining ko‘p takliflarga qarshi bo‘lgani bilan tushuntirgan.

Mavzuga oid