Jahon | 22:02 / 07.02.2020
16208
2 daqiqa o‘qiladi

Putin va Lukashenko xokkey o‘ynash uchun muzokaralarni to‘xtatib turishdi

Rossiya va Belarus prezidentlari Sochida xokkey o‘ynash uchun muzokaralarni to‘xtatib turishdi.

Foto: RIA Novosti

Vladimir Putin “Galaktika” ko‘ngilochar markazidagi muzga an'anaviy ravishda 11-raqam, Aleksandr Lukashenko esa 1-raqam ostida chiqqan. Ularning ikkisi ham bir jamoada o‘ynaydi. O‘yindan oldin prezidentlar chigilyozdi mashqlarini o‘tkazishgan. Lukashenko muzga rossiyalik hamkasbidan oldinroq chiqib, jurnalistlar tomon bir nechta shaybani yo‘naltirgan. Ta'kidlanishicha, o‘yinda Lukashenkoning o‘g‘li Nikolay ham ishtirok etgan.

Bu Putin va Lukashenkoning birinchi marta xokkey o‘ynashi emas. Ular birgalikda oxirgi marta 2019 yil fevralda Sochidagi muzokaralar vaqtida muzga chiqishgan. O‘shanda ular “Yo‘lbarslar” jamoasida harakatlanib, raqib jamoasini 6:1 hisobida mag‘lub etishgan.

Rossiya prezidenti vaqti-vaqti bilan xorijlik hamkasblarini birgalikda xokkey o‘ynashga chaqirib turadi. 

Ta'kidlanishicha, odatda o‘yinlar Tungi xokkey ligasi doirasida xokkey faxriylari, Rossiya rahbariyati vakillari, hududlar rahbarlari va yirik tadbirkorlar ishtirokida o‘tadi.

Putin konkida uchishni 2011 yilda yosh xokkeychilarga va'da bergandan keyin boshlagan. Rossiya prezidentiga bu borada sobiq ittifoq xokkeychisi, 2 karra Olimpiya chempioni Aleksey Kasatonov murabbiylik qilgan.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov o‘shanda xokkey bo‘yicha mashg‘ulotlar gohida bir haftada bir marta, gohida ikki marta, ba'zida esa qatorasiga bir necha kun davomida o‘tganini ma'lum qilgan. U ta'kidlaganidek, barcha mashg‘ulotlar yarimtundan keyin o‘tkazilgan.

Avvalroq Vladimir Putin Sochida belaruslik hamkasbi bilan dastlab yakkama-yakka holda 1,5 soat suhbatlashgani, so‘ngra uchrashuv kengaytirilgan tarkibda davom etganini ma'lum qilgan. Rossiya prezidentining ta'kidlashicha, uchrashuvda “o‘zaro manfaatlarni bildiruvchi ko‘plab masalalar” muhokama qilingan.

 

Mavzuga oid