O‘zbekiston | 10:43 / 08.02.2020
11491
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston geologlari forsayt o‘tkazdi: asosiy fikr va takliflar

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan forsaytda geologiya ta'limi, ilm-fani, innovatsion tadqiqotlar hamda ilm va ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish uchun ekspertlar, olimlar, talabalar, shuningdek, xususiy sektor vakillari soha rivoji uchun o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Forsayt qatnashchilari 4 guruhga bo‘linib, har bir guruhga olimlar, yosh tadqiqotchilar, xususiy firmalar vakillari hamda talabalar kiritildi.

Bir soat mobaynida geologiya rivoji uchun ta'lim, ilmiy faoliyat, innovatsion tadqiqotlar hamda ilm-fan va ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish yo‘nalishlarida takliflar ishlab chiqildi.

Forsayt yakunida guruhlar takliflari birma-bir tinglanib, muhokama qilindi.

Quyida ushbu taklif va mulohazalar umumiylashtirilgan holda, shuningdek, ta'lim, ilmiy faoliyat, ilm-fan va ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha taqdim etiladi.

«Geologiya fakulteti shafqatsiz tabiiy sharoitlarda ishlaydigan mutaxassis tayyorlashi kerak»

Forsaytda oliy ta'lim, mutaxassis kadrlarni tayyorlash bilan bog‘liq muammolar, ularga yechim sifatida kiritilgan takliflar ancha ustun bo‘ldi.

«OTM mutaxassis tayyorlaydigan muassasa bo‘lishi kerak. Hech kimga kerak bo‘lmaydigan ma'naviyat, ma'rifat, logika va shu kabi fanlarni o‘qitishdan nima foyda?! Geologiya fakulteti tarbiyachini emas, shafqatsiz tabiiy sharoitlarda ishlaydigan mutaxassisni tayyorlashi kerak.

Shuning uchun 80 foizgacha mutaxassislik fanlari o‘qitilishi lozim. Talabalarga beriladigan bilim boshlang‘ich kurslarda umumkasbiy fanlar, katta kurslarda mutaxassislikka bo‘lingan holatda o‘tilishi maqsad muvofiq», dedi so‘zga chiqqan geolog olimlardan biri.

O‘zbekiston Milliy universiteti professori Abdulla Qo‘shaqov o‘z so‘zida bitiruv malakaviy ishining rahbari ishlab chiqarish korxona va zavodlaridan tayinlanishini taklif qildi.

«Bu bilan biz talabani hali o‘qiyotgan davridayoq ishga taqsimot masalasini ham hal qilgan bo‘lamiz», – dedi u.

Toshkent davlat texnika universiteti PhD doktori Bahrom O‘runovning fikricha, universitetlarning yosh professor-o‘qituvchilarini chet el universitetlariga, laboratoriyalariga muddatli, maqsadli ilmiy stajirovkalarga ko‘proq yuborish kerak.

«Buning samarasi o‘laroq chet el laboratoriyalaridagi metodika va uslubiyatlarini olib kelib o‘zimizga joriy qilinadi», deydi O‘runov.

Geologiya sohasidagi ilmiy tadqiqot instituti yetakchi mutaxassislaridan biri Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent kimyo texnologiyalari institutidan amaliyotga keladigan talabalar bilim darajasi pastligi, bunga ba'zi o‘quv darslari, xususan minerologiya fani dars soati kam yoki umuman yo‘qligi sababligini ta'kidladi.

O‘zMU Geologiya va geoinformatsion texnologiyalar fakulteti dekan muovini Abdurahmon Zahilovning aytishicha, darsliklar masalasi achinarli holatda: ikki yil oldin yozilgan, nashr guvohnomasi berilgan kitoblar hali ham chop etilgani yo‘q...

«Gonarar-ku eng og‘ir nuqtalardan biri. Misol uchun, marhum ustozlarimizdan biri kitob chiqarganlarida afsus bilan tilga olgandiki, nashriyotdan 100 dona kitob chiqarilgan va 5 donasi muallifga gonorar sifatida berilgan», deydi u.

«Fundamental tadqiqotlar geologiya-qidiruv ishlarining asosi bo‘lishi kerak»

Geologiyada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida ma'lumot berilar ekan, asosan fundamental tadqiqotlarning yetishmasligi, bu tip ilmiy ishlar to‘la davlat budjetidan moliyalashtirilishi kerakligi ta'kidlandi.

«Geologiyada fundamental tadqiqotlar yetishmaydi. Og‘ir bo‘lsa ham aytaman, bu yerda muammo sohadagi masalaning tagiga yetolmaslikda deb bilaman. Yangi tashkil etilayotgan universitetda fundamental tadqiqotlar to‘liq shaklda davlat budjetiga o‘tkazilishi shart.

Geologiya sohasida fundamental tadqiqotlar kamligini prezidentimiz ham ta'kidlab o‘tdi. Fundamental tadqiqotlar geologiya-qidiruv ishlarining asosi bo‘lishi kerak. Biz dunyoning qanaqa paydo bo‘lganini tushunmasdan turib, biror obektni qanday qilib qidirishimiz mumkin?!

Masala yechimi nimadan iborat? Birinchidan, fundamental tadqiqotlar bazani yaratish kerak. Ikkinchidan, sohaga yo‘naltirilgan mablag‘ning bir qismini maqsadli ravishda ushbu tadqiqotlarga yo‘naltirish kerak», deya ta'kidlandi tadbirda.

«Ishlab chiqarish ta'limdan 10-15 yil oldinda»

Ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiya qilish bo‘yicha bir qancha takliflar bildirildi. Ulardan ba'zilarini keltirib o‘tamiz:

– Ishlab chiqarish korxonalari qoshida ilmiy texnologik markazlar tashkil qilish. Bu integratsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi;

– Professor-o‘qituvchilarni texnologik tadbirkorlikka o‘qitish;

– Talabalarga xalqaro konferensiyada qatnashish uchun grandlar ajratish;

– Geologiya sohasida dunyodagi eng yetakchi kompaniyalar dasturiy ta'minotlarini qo‘llash.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yetakchi ekspertlaridan biri, laboratoriya mudiri Amir Abidov ishlab chiqarishdagi imkoniyatlar, amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirar ekan, sanoat sohasi ta'limdan ancha ilgarilab ketganini ham qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid