O‘zbekiston | 16:42 / 11.02.2020
59199
10 daqiqa o‘qiladi

«Aqlli hisoblagichlar» energiya sarfini ko‘p hisoblaydimi? Mutaxassis bilan suhbat

Bugungi suhbatdoshimiz Davrbek Imomovning lavozimi rasman quyidagicha ataladi – «Hududiy elektr tarmoqlari» aksionerlik jamiyati qoshidagi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishni avtomatlashtirish tizimini joriy qilish hamda muvofiqlashtirish direksiyasi direktori.

Mehmonimiz bilan «aqlli hisoblagichlar» nega «ko‘p hisoblashi», tabaqalashtirilgan tizim qachon ishga tushishi, umuman, yangi tizim yo‘lga qo‘yilsa, elektr ta'minotiga qanday ta'sir qilishi haqida suhbatlashdik.

– Davrbek, ASKUE, «aqlli hisoblagichlar», avtomatlashtirilgan tizim o‘zi nima?

Avtomatlashtirilgan tizim bu inson omili ta'sirisiz hisoblagich ko‘rsatkichlarini qayd qilish, qarzdorlik mavjud bo‘lganda tarmoqdan ajratish, qarzdorlik bartaraf etilgandan keyin tarmoqqa qayta ulashning avtomatlashtirilgan mexanizmi hisoblanadi.

Bundan tashqari bu diagnostika vazifasini ham bajaradi. Xalq tili bilan aytganda «tizim shifokori» hisoblanadi, ya'ni «kasallik» qaysi hududlardaligini, qayerda yo‘qotishlar ko‘p, qaysi hududda tarmoqni rekonstruksiya qilish kerakligini aniqlash mumkin.

Dunyoda shu tizimga yuz foiz o‘tgan yagona davlat Italiya hisoblanadi. Boshqa davlatlarda qisman joriy qilingan, hattoki ayrim rivojlangan davlatlarda hali-hanuzgacha induksion mexanik hisoblagichlardan foydalanib kelinmoqda.

Avtomatlashtirilgan tizim juda ko‘p afzalliklarga ega shu bugungacha nazoratchilar fuqarolarni har-xil xizmat vazifalari bilan bezovta qilgan bo‘lsa, bu tizimda hech kim fuqaroni bezovta qilmaydi. Turli tamagirlik holatlari kamayadi, debitor qarzdorlik o‘sishiga yo‘l qo‘yilmaydi, undirilgan mablag‘lar tizimni rivojlantirishga tarmoqlar sifatini yaxshilashga sarflanadi, tarmoqda tijorat yo‘qotishlarni aniqlashga hamda kamaytirishga xizmat qiladi.

2020 yilda 4,5 mln dona hisoblagich o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu jarayonga 3000dan ortiq mutaxassislar jalb qilish kerak bo‘ladi.

– Ko‘pchilikni bir savol qiynaydi: yangi o‘rnatilayotgan hisoblagichlar ko‘p hisoblaydimi? Hatto «chiroq o‘chgan» paytlarida ham hisoblagich ishlayverayotgani aytiladi.

 Yangi, zamonaviy hisoblagichlar ishlab chiqarilayotgan zavodlarda har bir hisoblagich inson omili ta'sirisiz alohida, bir nechta bosqichli ko‘riklardan o‘tkaziladi. Ya'ni davlat metrologik ko‘rsatkichlari talabiga javob bermasa, yaroqsiz deb topiladi va foydalanishga chiqarilmaydi.

Bu hisoblagichlar ko‘p hisoblamaydi, balki avvalgi hisoblagichlar kam hisoblagani uchun va bu hisoblagichlar aniqlik sinfi yuqori bo‘lganligi uchun fuqarolarimiz nazarida shunday tushuncha paydo bo‘lgan. Elektr ta'minoti bo‘lmaganda ham tizim bilan aloqa mavjudligini bildiruvchi chirog‘i o‘chib yonishi va xotira batareykasi borligi sababli raqamlarni ko‘rsatib turishi tufayli ishlayveradi, degan fikr tug‘ilgan. Aslida unday emas.

Davrbek Imomov

– Avtomatlashtirilgan tizim qay tartibda ishlaydi?

– Tizimda hisoblagich, transformatorga o‘rnatilgan konsentrator (uni tizim yuragi deyish mumkin), BILING dasturi hamda «Elektrhisob» dasturi o‘zaro ma'lumotlar almashgan holda ish yuritadi.

Ya'ni hisoblagichdan ma'lumotlarni konsentrator olib jamlab boradi va ASKUE dasturiga jo‘natadi, ASKUE dasturi ma'lumotni BILING («Elektrhisob») dasturiga jo‘natadi, dastur esa qarzdorlikni hisoblab tarmoqdan ajratish yoki qayta ulash uchun ushbu jarayonning teskari uslubida ish bajaradi.

Avtomatlashtirilgan tizimni uyali aloqa operatoriga o‘xshatishadi, ya'ni qarz bo‘lsangiz o‘chadi, to‘lasang darhol yonadi. Lekin energetika sohasida tizim boshqacharoq – bir nechta omillarga bog‘liq. Ya'ni uyali aloqa operatori aloqa sifatiga, tarmoqning eskirganligiga qarab avtomatlashtirilgan tizim yaxshi yoki yomon ishlashi mumkin.

– Iste'molchi hisoblagichni almashtirishga majburmi, almashtirishni xohlamasa qanday chora ko‘riladi?

Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qaroriga muvofiq, hisoblagichni almashtirish majburiy hisoblanadi. Kimdir xohlamasa, tarmoqdan uziladi.

–  Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qaroriga muvofiq hisoblagichni almashtirish majburiy hisoblanadi. Kimdir xohlamasa, tarmoqdan uziladi. Bilasizmi, davlat tomonidan tekinga almashtirilayotgan bir paytda aksariyat noqonuniy foydalanayotgan, uyiga nazoratchilarni kiritmaydigan, o‘z vaqtida qarzini to‘lamaydigan iste'molchilar ana shunday qarshiliklar qilishi ko‘p kuzatiladi. Oddiy fuqarolarimiz, o‘qituvchi, shifokor, pensionerlar esa hech qanday qarshilik ko‘rsatmaydi.

– Hisoblagich almashtirish bepulmi? Har necha yilda bu hisoblagichlar davriy qiyoslovdan o‘tqaziladi?

 Hisoblagich, almashtirish xizmat haqi, tamg‘alash, xujjatlarni rasmiylashtirish tekin, lekin hisoblagichgacha bo‘lgan yaroqsiz simni yangi sim olib berish va yangisiga almashtirish, yaroqsiz avtomat/rubilnikni sotib olish va almashtirish va boshqa qo‘shimcha elektr ish xizmatlari bundan mustasno.

O‘rnatilayotgan hisoblagichlar har 10 yilda bir marotaba davriy qiyoslovdan HETK tomonidan o‘tkaziladi, qolgan hisoblagichlar esa har 8 yilda bir marotaba.

Shu o‘rinda aytmoqchimanki, elektr energetika sohasida qiyoslov o‘z vaqtida o‘tqazilmagani uchun hech qanday jarima yo‘q, iste'molchilarga hech qanday ta'sir choralar ko‘rilmaydi, balki hisoblagichlarni o‘z vaqtida qiyoslovdan o‘tqazish HETK majburiyatiga kiradi. Shuning uchun fuqarolar umuman bezovta bo‘lmasa bo‘ladi. Ko‘pchilik tabiiy gaz va ichimlik suvi yoki issiqlik ta'minotida qiyoslov muddati o‘tgani uchun ortiqcha to‘lovlar mavjudligi uchun elektr energiyada ham jarima bor, deb o‘ylashadi, aslida unday emas.

– Nima deb o‘ylaysiz, avtomatlashtirilgan tizimga to‘liq o‘tilishi elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlarni bartaraf eta oladimi?

Dastlabki bosqichda bartaraf eta olmaydi. Sababi, ishlab chiqarish va avtomatlashtirilgan tizim o‘rtasida yetkazib berish ham bor. Afsuski, ko‘p uskunalarimiz eskirgan. Ularni to‘la almashtirib chiqish ma'lum vaqt talab qiladi.

– Ma'lum muddat oldin «aqlli hisoblagichlar» sutkaning turli vaqtlarida turlicha tarif bo‘yicha hisoblashi e'lon qilingandi. Bu tizim yo‘lga qo‘yildimi?

Tabaqalashtirilgan tizim deb ataluvchi bu tizim e'lon qilingandi, ammo hali yo‘lga qo‘yilmadi. Yangi hisoblagichlarimizda sutkaning to‘rt vaqtida turli tariflar qo‘llash imkoniyati bor. Tizimni ishga tushirish uchun hali qilinadigan ishlar bor. Lekin ayrim yuridik shaxslarga – 750kVA dan yuqori quvvatli yuridik iste'molchilarga nisbatan bunday hisoblash amal qilmoqda.

– 7 mln.ta hisoblagich bu juda katta raqam. Uning xaridi qay darajada shaffof? Bu hisoblagichlarning ishlab chiqaruvchilari qaysi tashkilotlar?

Albatta, bu hisoblagichlar asosan o‘zimizda, «Toshelektroapparat» korxonasi hamda «Elektronhisoblagich» qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqariladi. Bu yurtimizda ish o‘rinlari, soliqlar demakdir. Shuningdek, qisman Janubiy Koreyadan keltirilganlari ham bor. Ammo ko‘rinishi farqlansa-da, hammasining ish prinsipi bir xil.

Har bir viloyat uchun ma'lum bir turga mansub hisoblagichlar tanlab olindi. Misol uchun Toshkent shahrida «Elektronhisoblagich» qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan «YeX18,YeX518» rusumli hisoblagichlar o‘rnatilmoqda.

Kelajakda tizimda har xil muammolar kuzatilmasligi uchun, hisoblagichlar tekin o‘rnatilayotganligi uchun qaysi hududga qanday hisoblagich o‘rnatilishini hududlardagi HETKlar belgilab beradi. Iste'molchi manfaatini o‘ylab shunday yo‘l tutilmoqda.

– Ma'lumki, elektr energiyasi uchun to‘lovlar Majburiy ijro byurosi tomonidan undirilgan. Avtomatlashtirilgan tizimda undiruvga hojat yo‘q, hamma oldindan to‘lashga majbur. Bu holatda MIBning vakolati nima bo‘ladi?

– Albatta, bu borada hukumatning maxsus qarori chiqsa kerak. Lekin aniq aytish mumkinki, elektr energiyasi to‘lov tizimida ba'zida uchrab turadigan tushunmovchiliklarga barham beriladi.

– Avtomatlashtirilgan tizimga ulangan iste'molchilarning shaxsiy kabinetida boshqa ko‘rsatich, joyida boshqa ko‘rsatkich kuzatilishiga qanday izoh berasiz?

– Fuqarolar tomonidan «nega uyimda ko‘rsatkich 100, dasturda esa 120?» deganga o‘xshash holatlar bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kuzatiladi. Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qarorining 108-bandiga muvofiq, oldingi davr uchun amaldagi elektr energiyasi iste'molining hajmi (dasturda eng oxirgi 2ta ko‘rsatkichlardan hosil bo‘lgan o‘rtacha kunlik sarf) bo‘yicha hisob-kitob olib boriladi, ya'ni iste'molchilar shaxsiy kabinetga e'tibor berib nazar tashlansa, «taxminiy ko‘rsatkich» deb ko‘rsatiladi.

Ushbu taxminiy ko‘rsatkichdan hosil bo‘lgan qarzdorlik bo‘yicha iste'molchi tarmoqdan ajratilmaydi, balki haqiqiy ko‘rsatkich olinib qarzdorlik hosil bo‘lgandagina tarmoqdan ajratiladi.

Shu sababli fuqarolardan ushbu holatga jiddiy e'tibor qaratmasliklarini, balki bu taxminiy iste'mol energetika korxonasida ayrim hisobotlar uchun qo‘llanilishda foydalanishimizni bildiraman.

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid