Jahon | 12:07 / 11.02.2020
39644
15 daqiqa o‘qiladi

Muhofizlari o‘zidan mashhur inqilob. Eron islom inqilobi qanday sodir bo‘lgandi?

11 fevral Eronda milliy bayram sifatida nishonlanadi. Eronliklar shu kuni islom inqilobi g‘alabasini tantana qilishadi. Quyida bu inqilob qanday sodir bo‘lgani va uning ahamiyati haqida hikoya qilamiz.

Foto: AP Photo

1978 yil 8 yanvarda Eronda inqilob boshlanadi, islom inqilobi. Qariyb bir yil davom etgan qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy taxtdan ag‘darilib, mamlakatni o‘zlarini «Islom inqilobchilari» deb atagan kuchlar egallaydi.

Misrga qochib ketgan Pahlaviy o‘sha yerda vafot etadi. 1979 yil 11 fevral kuni mamlakat rasman Eron Islom Respublikasi deb e'lon qilinadi. O‘shandan buyon 11 fevral sanasi Eronda islom inqilobi g‘alabasi kuni sifatida nishonlanadi.

Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviy

1941 yil Rizo Pahlaviy Buyuk Britaniya va SSSR harbiylarini Eronga joylashtirishga rozi bo‘lmaydi, ammo ular baribir o‘z harbiylarini Eronga kiritadi. Bu voqealar fonida Rizo Pahlaviy taxtdan voz kechib xorijga qochishga majbur bo‘ladi. Uning o‘rniga o‘g‘li, 21 yoshli Muhammad Rizo Pahlaviy taxtga o‘tiradi.

1953 yil bosh vazir Muhammad Mussiddiq tomonidan Muhammad Rizo Pahlaviyga qarshi davlat to‘ntarishi uyushtiriladi. O‘sha yili 19 avgustda G‘arb davlatlari ko‘magi bilan Muhammad Mussiddiq hokimiyatdan chetlashtirilib hibsga olinadi. Oqibatda to‘ntarish vaqtida xorijga qochgan Pahlaviy Eronga qaytib mamlakatni boshqarishda davom etadi.

Rizo Shoh Pahlaviy va uning o‘g‘li Muhammad Rizo Pahlaviy

Muhammad Rizo Pahlaviy boshqaruvi davrida Eron o‘zining asriy an'analaridan voz kechib, dunyoviy davlatga aylana boshlaydi. Mamlakatda nafaqat G‘arb bayramlari, balki islom dini kelishidan avval mavjud bo‘lgan bayramlar ham nishonlana boshlaydi. Kichik Pahlaviy AQShning tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘sha paytlarda butun islom olami Isroil-Falastin masalasida Isroil tomonida turgani uchun AQShni qoralayotgan vaqtda u AQShning Yaqin Sharq masalasida yuritgan bir tomonlama siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa eronliklarning ko‘pchiligiga yoqmaydi.

Muhammad Rizo Pahlaviyning tashqi va ichki siyosatdagi qarorlarini qo‘llaydiganlar ham ko‘p edi, ammo asrlar davomida shakllangan an'analarga sodiq yashayotgan aholining katta qismi buni hazm qila olmaydi.

Shu tariqa, Eronda shoh Pahlaviyning «radikal g‘arblashtirish» siyosatiga qarshilar soni tobora o‘sib boradi.

Pahlaviy Eron xavfsizlik xizmati SAVAK yordamida mamlakatda o‘ziga qarshi chiqayotgan odamlarni qattiq jazolashni boshlaydi. Yuz minglab eronliklar shunchaki Pahlaviy siyosatiga qarshi bo‘lgani uchun qamaladi.

1953 yilda yuz bergan davlat to‘ntarishi muvaffaqiyatsizlikka uchragach, unga boshchilik qilgan «Milliy front» tarqalib ketgan, uning rahnamolari xorijga qochgan edi. Shunday bo‘lsa-da, mamlakatda Pahlaviy siyosatiga qarshilar ko‘p, faqat ularning boshini qovushtiradigan rahnamo kerak edi. Bu vazifani hozir Eronda eng qadrlanadigan marhum Ruhulloh Xumayniy a'lo darajada bajardi.

Birinchi oyatulloh, Eronning birinchi raqamli qahramoni Ruhulloh Xumayniy

Ruhulloh Xumayniy

Xumayniy 1960-yillardayoq Pahlaviy yuritgan «radikal g‘arblashtirish» siyosatiga qarshi chiqqandi. 1963 yil 5 iyunda Eronda Pahlaviyga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tadi. SAVAK bo‘limlari namoyishchilarni tarqatishga urinadi, o‘zaro to‘qnashuvlarda rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra 86 nafar, norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra 15 ming nafar kishi halok bo‘lgan. Namoyishchilarni tarqatish chog‘ida Xumayniy hibsga olinadi va uy qamog‘iga hukm qilinadi. Sakkiz oydan so‘ng belgilangan muddat tugaydi va u yana ko‘chaga chiqib, odamlarni shoh tuzumiga qarshi chiqishga da'vat qila boshlaydi.

1964 yil noyabr oyida Xumayniy qayta hibsga olinib bu gal mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Xumayniy muhojirlikda yurganida ham shoh tuzumiga qarshi faol targ‘ibot olib boradi. Shuningdek, keyinchalik mamlakatda Islom respublikasi tuzilganda foydalanilgan davlatchilik asoslarini tuzadi, kitoblar yozadi, ma'ruzalar qiladi. Uning kitoblari va ma'ruzalari yozilgan kassetalar yashirincha yo‘llar bilan Eronga kirib keladi va odamlar orasida ommalashadi. Xumayniy Eronda aql bovar qilmas darajada katta obro‘ga ega bo‘la boshlaydi.

Inqilobga olib kelgan sabablar

1971 yilda Eron shohligining 2 500 yilligi katta dabdaba bilan nishonlanadi. Bu vaqtda mamlakatning bir necha viloyatida ochlik hukm surar, odamlarning ochlikdan sillasi qurigandi. 1973 yil neft narxi arzonlashishi mamlakatdagi ahvolni yanada og‘irlashtiradi.

Pahlaviy esa o‘z ishlari bilan hammani ajablantirishda va g‘azablantirishda davom etaveradi. Masalan, u 1976 yilda an'anaviy Eron taqvimi o‘rniga shoh Kirning taxtga o‘tirgan kunidan boshlab yil hisoblanadigan taqvim joriy qiladi. Bundan Eron aholisi nihoyatda norozi bo‘ladi.

Bu vaqtda Ruhulloh Xumayniyning o‘g‘li Mustafo vafot etadi va bu uning targ‘ibotiga salbiy ta'sir qiladi. 1977 yilda Eron shohi AQShning yangi saylangan prezidenti Jimmi Karterning bosimi ostida bir necha yuz siyosiy mahbusni qamoqdan ozod qiladi. Eronda qonuniy tarzda muxolifat faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat beriladi va mamlakatda marksistlar, konstitutsionalistlar va islomchilar harakatlari shakllanadi.

Vaziyatdan unumli foydalangan muxolifat mamlakatdagi og‘ir vaziyat uchun shoh tuzumini ayblab chiqa boshlaydi. Yuqoridagi uch yo‘nalishdan islomchilarning mamlakatda obro‘si nihoyatda baland edi. Ular mamlakatdagi tuzumni qon to‘kmasdan almashtirish g‘oyasini ilgari sura boshlaydilar.

Xumayniy tomonidan tuzilgan Ruhoniylar qarshilik jamiyatiga keyinchalik Eronning yuqori martabali shaxslariga aylangan Murtazo Mutohhariy, Muhammad Behishtiy, Ali Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy a'zo bo‘lib kirashdi. Bu esa harakat obro‘sini yanada oshiradi.

Inqilobning boshlanishi

1978 yil yanvar oyida Qum shahrida, talabalar namoyishi vaqtida politsiya tomonidan ikki nafar talaba o‘ldiriladi. Qum - aholisi uzoq yillik an'analarga qattiq amal qiladigan Ruhulloh Xumayniyning ona shahri edi. Talabalar o‘limidan so‘ng bu shahar aholisi shoh tuzumiga qarshi oyoqqa turadi. Fevralda yana bir yirik shahar Tabriz aholisi bosh ko‘tardi. Martga kelib Erondagi barcha shaharlarda keng ko‘lamli namoyishlar boshlanib ketadi.

1978 yil iyunida Pahlaviy namoyish uyushtirayotgan xalqni tinchlantirish uchun erkin saylovlar o‘tkazishga va'da beradi, ammo bu quruq gap vaziyatni yumshatmaydi. 1978 yil 20 avgust kuni Obodon shahridagi kinoteatrda yong‘in sodir bo‘lib 500dan ortiq odam halok bo‘ladi. Bu namoyishlar yanada avj olishiga olib keladi. Shoh mamlakatda harbiy holat joriy etib, namoyish o‘tkazishni taqiqlaydi, ammo xalq nazorat qilib bo‘lmas darajada yetib bo‘lgandi...

Taqiqqa qaramay 8 sentyabrda Tehronda keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Politsiya harbiy texnikalar yordamida namoyishchilarni tarqatishi vaqtida 87 kishi halok bo‘ldi. Tehrondagi hodisalar ortidan mamlakatdagi neft korxonalari ishchilari to‘liq ish tashlaydi. 2 dekabrda Tehron ko‘chalariga 2 million odam Pahlaviyning iste'fosini talab qilib, namoyishga chiqdi.

1979 yil 16 yanvar kuni shoh Muhammad Rizo Pahlaviy hokimiyatni bosh vazir Shopur Baxtiyorga qoldirib Erondan qochib ketdi. Shoh qochganini eshitgan odamlar butun mamlakat bo‘ylab ko‘chalarda shohning suratlarini oshkora yoqadi.

Bosh vazir SAVAKni tarqatib yuboradi, siyosiy mahbuslarni ozod qiladi, harbiylar namoyishlarni tarqatishga jalb qilinishini to‘xtatib, yaqin muddatda Eronda demokratik saylovlar o‘tkazilishi haqida e'lon qiladi. Shuningdek, qochqinda yurgan Xumayniy bilan aloqa bog‘lab, uni mamlakatga qaytib yangi konstitutsiya qabul qilish jarayonida qatnashishga chorlaydi.

Xumayniyning Eronga qaytishi va inqilobchilarning uzil-kesil g‘alabasi

1979 yil 1 fevralda oyatulloh Xumayniy 15 yillik qochqinlikdan so‘ng Eronga qaytadi. Uning qaytganini eshitgan millionlab tehronliklar «Shoh qochdi, Imom keldi» deb baqirib ko‘chalarga chiqadi.

Xumayniy samolyotdan tushishi bilan Behishte-Zahro qabristoniga yo‘l oladi. Endilikda xalq orasida imom deb nom olgan Xumayniy to‘plangan odamlar oldida nutq so‘zlar ekan, u bosh vazir Baxtiyorning yangi davlatni hamkorlikda qurish haqidagi taklifini rad etishi, Baxtiyor boshliq hukumatni ag‘darib, o‘zi orzu qilgan davlatni qurishi haqida gapiradi.

4 fevral kuni Xumayniy Mahdiy Bozargonni Eronning yangi bosh vaziri etib tayinlaydi. Shundan so‘ng Erondagi ko‘plab tuzilmalar Xumayniy tarafiga o‘tadi. Faqat quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni general Abdul Ali Badroiy Xumayniy tarafiga o‘tmaydi va davlat to‘ntarishi uyushtirib, mamlakatda harbiy diktatura o‘rnatishni reja qiladi.

Oyatulloh Xumayniy va Mahdi Bozargon

9 fevral kuni bosh vazir Baxtiyor qo‘l ostidagi shoh gvardiyasi va Xumayniy tarafdorlari o‘rtasida «Mehrbod» aeroportida kelib chiqqan to‘qnashuv butun mamlakatga yoyiladi. Xumayniy tarafdorlari politsiya bo‘linmalari va harbiy qismlarni egallab u yerda bo‘lgan qurollarni olib xalqqa tarqatadi. Mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketadi. Ikki o‘rtada bo‘lib o‘tgan qurolli to‘qnashuvlarda Xumayniy tarafdorlari ustun keladi. Voqealar rivojida Eron oliy harbiy kengashi rahbari Abbos Qorabog‘iy 11 fevral kuni o‘zining betarafligini e'lon qiladi. Shoh gvardiyasi boshlig‘i, general Ali Nashot inqilobchilar tarafiga o‘tadi.

Inqilobchilarga birgina general Badroiy qurolli qarshilik ko‘rsatadi. Janglardan birida Badroiy o‘ldiriladi va uning qo‘shini inqilobchilar tomoniga o‘tadi. Shu tariqa, Xumayniy boshliq inqilobchilar Eronni batamom egallaydi. Bosh vazir Baxtiyor Fransiyaga qochib ketadi. Mamlakatda referendum o‘tkaziladi va ko‘pchilikning ovozi bilan mamlakat Eron Islom respublikasi deb e'lon qilinadi.

1979 yil dekabrda yangi konstitutsiya qabul qilinadi. Unga ko‘ra, mamlakatning diniy rahnamosi oyatulloh bo‘ladi. Siyosiy va fuqarolik hokimiyati esa prezident, Oliy Majlis va bosh vazir ixtiyorida bo‘ladi. Ruhulloh Xumayniy Eronning ilk oyatullohi bo‘ladi.

Inqilobdan keyingi o‘zgarishlar

Inqilob amalga oshib, Eronda tuzum o‘zgarganidan keyin aksariyat shoh tuzumini qo‘llaganlar, g‘arbona hayot tarzini yoqtiradiganlar va xorijliklar Eronni tark etadi, natijada butun dunyoda ko‘p sonli eronliklar diasporalari paydo bo‘ladi. Mamlakatdagi xorij kompaniyalariga tegishli zavod va fabrikalar milliylashtiriladi. Shu bilan birga, mamlakat iqtisodiyoti shoh tuzumi davridagidan farqli ravishda erkin bozor tamoyillari asosida tashkil etiladi va aksariyat sohalarda davlat ulushi sezilarli darajada kamaytiriladi.

Xalqaro aloqalar masalasida Eron va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar xorijiy kompaniyalarning natsionalizatsiya qilinishi ortidan keskin sovuqlashadi.

Ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlarga kelsak, 1980 yilda yangi hukumat bir qator gazeta va jurnallarni chop etishni taqiqlaydi. Kinoteatrlar, teatrlar, g‘arb tipidagi restoran va kafelar, shuningdek erkaklar ishlaydigan ayollar sartaroshxonalari yopiladi. Ayollar ko‘cha-kuyda o‘ranib yurishi joriy etiladi. Stadionlarga ayollarning futbol tomosha qilish uchun tushishi taqiqlandi. Bunday qoidalarga bo‘ysunishni xohlamay minglab odamlar Eronni tark etadi.

Shoh tarafdorlarini jazolash

 

Eronda Islom respublikasi tuzilganidan keyin shaxsan Xumayniyning buyrug‘i bilan shoh tuzumini qo‘llab-quvvatlagan va inqilobchilarga qarshi borgan harbiylarni qo‘lga olib, jazoga tortish boshlanadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘shanda jami 25 ming sobiq harbiy, politsiyachi va SAVAK xodimlari jazolangan.

Jumladan, 1979 yil 15 fevralda Pahlaviyga sadoqat bilan xizmat qilgan yuqori lavozimli to‘rt general, SAVAK direktori Ne'matulloh Nosiriy, Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni Manuchehr Xusravdod, Tehron politsiyasi boshlig‘i Mahdiy Rahimiy, Isfahon harbiy gubernatori Rizo Nojiy qatl etiladi.

Yuqori martabali amaldorlar va harbiylardan jami 27 kishi o‘lim jazosiga hukm qilinib, otib tashlanadi. Ular orasida sobiq bosh vazir Amir Abbos Huvaydo, sobiq tashqi ishlar vaziri Abbos-Ali Xalatboriy va Tehronning sobiq hokimi G‘ulom Rizo Nikpey ham bor edi.

Umuman olganda, Eron Islom respublikasi e'lon qilingandan so‘ng mamlakat bo‘ylab shoh tarafdorlari bo‘lgan aksariyat insonlar jazoga tortildi.

Inqilobdan keyin xorijga qochgan eronliklar harakatlari

Eronda inqilob sodir etilgan paytda va undan keyin xorijga qochgan ko‘pgina sobiq amaldorlar xorijda turib ham Eronda e'lon qilingan Islom respublikasiga qarshi turli tashkilotlar tuzdi va targ‘ibot olib bordi. Masalan, xorijda yurganlar shoh davrida Tehrondagi namoyishlarni bostirishda nomi chiqqan general G‘ulom Ali Uvaysiy boshchiligida Eron qarshilik harakati, Eronni ozod qilish armiyasi, Eronni ozod qilish qilish fronti kabi harakatlar tuziladi. Shuningdek, Eronga qo‘shni bo‘lgan davlatlarda Xumayniy o‘rnatgan tuzumga qarshi tashkilotlar tuzilib ularning a'zolari Eronda yashirincha ish olib boradi.

Muhojirlikda yurgan shoh tarafdorlari safida sobiq diplomat Ardasher Zohidiy va sobiq bosh vazir Shopur Baxtiyor ham bor edi. Shopur Baxtiyor Parijda yashab, Eron Islom respublikasiga qarshi targ‘ibot olib borgani uchun 1991 yil 7 avgustda noma'lum qotillar tomonidan o‘ldiriladi. Qotillar Eron moliyalashtirishi aytiladigan «Hizbulloh» jangari guruhi vakillari bo‘lgani taxmin qilinadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid