O‘zbekiston | 17:11 / 16.02.2020
16749
3 daqiqa o‘qiladi

IIV plastik karta egalarini internetdagi firibgarlardan ogohlantirdi

Keyingi paytda fuqarolarni aldash va firibgarlik yo‘li bilan ularga tegishli bank plastik kartalaridan noqonuniy ravishda pul yechib olish holatlari tez-tez uchrab turibdi.

Foto: Shutterstock

Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati shu kabi holatlarga misollar keltirib, fuqarolarni ogohlikka chaqirdi.

Birinchi misol

2019 yil 15 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi fuqaro M.B.ning uyali telefonidagi «Telegram» tarmog‘ining «Jesco aksiyasi» guruhidan unga «Siz 75 ming so‘m pul yutdingiz, pulni telefon raqamingizga tashlab beramiz» degan SMS xabari keladi.

Bu xabar orqali M.B.ning telefon raqami va plastik karta raqami aniqlanadi. Biroq uning plastik kartochkasiga pul mablag‘i tushmaydi, aksincha, 868 ming so‘m yechib olinadi.

Ikkinchi misol

Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro B.A. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida joriy yilning 11 yanvar kuni noma'lum shaxs soat taxminan 21:15larda o‘ziga tegishli bo‘lgan plastik kartochkasidan ma'lum miqdordagi pulni noqonuniy yo‘l bilan yechib olgani, noma'lum shaxsni aniqlab unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ma'lum bo‘lishicha, fuqaro B.A. 11 yanvar kuni soat 21:11larda Samarqand shahridagi xonadonida bo‘lgan vaqtida o‘ziga tegishli oshxona mebelini sotish maqsadida uning suratini internet do‘koniga joylashtiradi.

Ko‘p o‘tmay, unga Rossiya Federatsiyasiga tegishli abonent raqamidan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Notanish kishi B.A.ga oshxona mebelini sotib olishini, pulni esa plastik kartaga o‘tkazib berishini aytib, undan plastik kartochkasining seriya raqami va sms xabaridagi kodni so‘raydi. Tabiiyki, begonaga ishongan fuqaro chuv tushadi – uning plastik kartasidan jami 1.442.000 so‘m pul mablag‘i yechib olinadi.

Hozirda har ikkala holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid