«Ayol bo‘lgani uchungina unga ko‘p eshiklar yopiladi» – Saida Mirziyoyeva gender tengligi haqida
25 fevral kuni Toshkentda «O‘zbegim ayoli» mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston gender tengligini ta'minlash komissiyasi a'zosi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqdi.
«Jonini garovga qo‘yib, yangi insonga hayot bergan ayol borki, dunyo dunyo bo‘lib turibdi.
O‘zidan kechib, butun umri, mehrini yaqinlariga bag‘ishlagan ayol borki, dunyo dunyo bo‘lib turibdi.
Turmush go‘zalroq, obod bo‘lsin deb, bilimi, kuch-quvvatini ayamagan ayol borki, dunyo dunyo bo‘lib turibdi.
Ojiza deb atalguvchi siz ayollar har lahzada kuchingiz, bardoshingizni namoyon qilasiz. Sizning har kuningiz qahramonlik. Ko‘zga ko‘rinmaydigan, birov bilib, birov bilmaydigan jasoratdir. Siz tahsinga sazovorsiz.
Ro‘zg‘orim but, birim ikki bo‘lsin deb hunar egallagan, kechalarni bedor o‘tkazgan mushtiparim. Siz tahsinga sazovorsiz.
Har qanday sharoitda o‘z ustida ishlagan, bilim olishga intilgan ziyoli opa-singillarim. Siz shu yurtga ilm durini taratyapsiz. Vatanimizni sizdan tarbiya olgan o‘g‘il-qizlar yuqori cho‘qqilarga ko‘taradi. Siz tahsinga sazovorsiz.
Barcha ayollar kabi o‘zbek xotin-qizlarining ham orzulari cheksiz. Kimdir uchuvchi, yana kimdir harbiy, arxitektor, muhandis, kashfiyotchi, dasturchi, tergovchi bo‘laman deydi, qiziqadi shu sohalarga. Ammo erkaklarga nisbatan ko‘proq harakat qilishi kerakligini tezda tushunib oladi. Ayol bo‘lgani uchungina uning qarshisida ko‘p eshiklar yopiladi. Ana shunday qilib, umid so‘nadi, orzular chilparchin bo‘ladi.
Ammo tarixdan ma'lum, katta kuch talab qiladigan kasblarda ham ayollar yutuqlarga erishgan. Urushga ketgan erkaklar o‘rniga zavod stanoklarini boshqargan ham xotinlar. Zarur bo‘lsa, qo‘liga qurol olgan ham shular. Dalaga chiqqan ham ayollardir.
Qanchadan-qancha ayollar ilm-fan va madaniyatda olamshumul zafarlarga erishgan, dunyo tan olgan, noyob mutaxassis darajasiga yetgan.
Mana misol – jahonga tanilgan ayol dirijyorlardan biri hamyurtimiz, shu zaminda yashab ijod qilgan Dilbar Abdurahmonova bo‘ladi. Akademik Hadicha Sulaymonova Markaziy Osiyoda birinchi sud ekspertizasi institutining asoschisi. Arxeologimiz Galina Pugachenkova ilmiy ishlarining dovrug‘i butun dunyoga tarqalgan. Yoki eng so‘nggi yangiliklardan Aziza Shonazarova Kolumbiya universiteti professori maqomini olgan birinchi o‘zbekistonlik bo‘lsa, Nigora Hakimova Oksford universitetining islomshunoslik markazida o‘zbekistonlik ilk tadqiqotchi ayol bo‘ldi.
Bu darajaga yetish oson deysizmi? Albatta, oila, farzandlar, yaqinlariga yetarli vaqt ajratish bilan birga yutuqlarga erishish juda mushkul.
Ayolning tabiati shunday. Kerak bo‘lsa ulg‘ayadi, chidaydi, kuchli bo‘ladi», dedi Saida Mirziyoyeva.
Saida Mirziyoyeva hozirda 65 yoshni qarshilagan ammasi haqida gapirib berdi.
«Buvim vafot etganlarida dadam 9, opalari 12 yoshda bo‘lganlar. Mana shu 12 yoshli qizaloq dadamni ona o‘rnida voyaga yetkazgan. O‘qishga kirib Samarqandga ketgan paytlarida ham stipendiyani o‘zlariga ishlatmay, ukalari, ya'ni dadam bilan baham ko‘rganlar.
O‘zlari yoshgina bo‘lib, onasiz qolgan ukaga g‘amxo‘rlik qilish ular uchun tabiiy hol bo‘lgan, «men qahramonlik ko‘rsatyapman» degan fikr ammajonimning xayoliga ham kelmagan», – dedi Mirziyoyeva.
U 16 fevral kuni Dubayda o‘tgan Butunjahon ayollar forumida qatnashganini eslab o‘tdi.
«Forumdan keyin ammamdan telefon bo‘lmadi. Hayronman, ammam ko‘rmay qoldilarmikin? Keyin bilsam, iPhone telefonlari buzilib qolibdi.
65 yosh bo‘lsalar ham, iPhone ishlatadilar. Har doim yozib turadilar. Uni qo‘ying, 76 yoshli buvim repost qilishni ham biladilar, matn ham yozadilar, biron joyida xato ketsa tahrirlab ham qo‘yadilar», – deydi Saida Shavkatovna.
«Yaqinda turli soha mutaxassislari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Jurnalistlar nega bizda yuqori lavozimlarni egallagan rahbar ayollar soni juda kam, deb so‘rashdi. Erkaklar qanday javob berganini anglash qiyin emas. Rahbar bo‘lish ayollarga og‘irlik qilarkan. Go‘yoki, ayol kishi faqat uy-ro‘zg‘or yumushlari, eri, farzandlari va ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilishni uddalar emish.
Aslida-chi? Xohish, maqsad va intilish bo‘lsa, ayol kishi har qanday vazifani bajara oladi», dedi Mirziyoyeva.
U Boyovut tumaniga Dilfuza Uralova hokim etib tayinlanganini misol keltirarkan, davlat boshqaruvi, hokimlik, vazirlik va idoralarda ayol rahbarlar ko‘proq bo‘lishini istashini yana bir bor ta'kidladi.
«Ayol o‘zi uchun imtiyoz talab qilmaydi, ortiqcha xayrixohlik kutmaydi. Unga o‘zini namoyon qilish uchun erkaklar bilan teng sharoit yaratib, adolatli munosabatda bo‘linsa bas.
Ayollarga aytar so‘zim shuki, qadringizni biling, orzularingizdan voz kechmang, qiyinchilikdan qo‘rqmang, sira ortga chekinmang. Siz tahsinga sazovorsiz», dedi Saida Mirziyoyeva.
Mavzuga oid
02:08 / 24.12.2024
Saida Mirziyoyeva: «Kelgusi yil uchun belgilangan vazifalar ko‘lami juda keng»
20:49 / 19.12.2024
Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi
19:14 / 12.12.2024
Saida Mirziyoyeva ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan samarqandlik bolalar bilan uchrashdi
18:52 / 27.11.2024