O‘zbekiston | 17:51 / 10.03.2020
10435
2 daqiqa o‘qiladi

Inom Majidovga ham yangi maslahatchi tayinlandi

Foto: Odinaxon Jamoldinova/OTV matbuot xizmati

10 mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Markaziy apparati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda tashkiliy masala ko‘rilib, Jamoldinova Odinaxon Rasulovna Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi.

Vazirlik matbuot xizmati vakilining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, Odinaxon Jamoldinova vazir o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov tomonidan jamoaga tanishtirilgan hamda uning yangi vazifalari haqida tushuntirish berilgan.

Unga ko‘ra, yangi maslahatchi endilikda OTMlarda o‘zbek tili kafedralari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mavjudlarini esa jonlantirish, shuningdek, sohada ishlab chiqilayotgan o‘quv-metodik adabiyotlarda til me'yorlariga amal qilinishini ta'minlash ishlariga mas'ul bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, Odinaxon Jamoldinova 1970 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 1992 yilda Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan.

U faoliyati davomida Jizzax davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlarda turli lavozimlarda ishlagan.

2015-2020 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan.

Mavzuga oid