Iqtisodiyot | 19:21 / 10.03.2020
67655
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya bozoridagi sarosima. Rublga nima bo‘lyapti?

Seshanba kuni rubl va Rossiya fond bozori qulashni boshidan kechirdi. Iqtisodchilar rubl va bozor yaqin oylar ichida beqarorligicha qolishini taxmin qilmoqda.

Foto : XINHUA VIA TASS

Seshanba kuni Moskva birjasi ochilishida dollar 3,4 rublga - 71,9 rublgacha oshdi. Yevro 4,2 rublga - 81,7 rublgacha qimmatlashdi. Tushga kelib rubl yevro va dollarga nisbatan mustahkamlana boshladi. 

Moskva birjasi indeksi qariyb 6, RTS indesi esa 11 foizdan ortiqroqqa pasaydi. Butun boshli neft sohasi - «Lukoyl», «Tatneft» va «Rosneft» aksiyalari qulashda yetakchi bo‘ldi. Oradan bir soatcha o‘tib Mosbirjaning pasayishi sekinlashib, 3,4 foizni, RTS esa 7 foizni tashkil etdi. Bi-bi-si mazkur holatni tahlil qildi.

Nima uchun qulash yuz berdi?

Jahon bozorida keyingi bir necha hafta davomida pasayish kuzatilayotgandi. Buning asosiy sababi esa koronavirus tarqalishi bo‘ldi. Bozor ishtirokchilari u jahon iqtisodiyoti o‘sishiga va tabiiy boyliklarga bo‘lgan talabga zarba berishidan xavfsirayotgandi. 

Natijada investorlar o‘zlari xatarli deb hisoblagan barcha aktivlar, jumladan Rossiya rublidan voz kecha boshladi, uning o‘rniga an'anaviy himoya aktivlari, masalan, AQSh g‘aznachiligi obligatsiyalari va oltin sotib ola boshladi.

Hafta oxiriga kelib bunga yana bir omil qo‘shildi: OPeKka a'zo davlatlar Rossiya va boshqa davlatlar bilan neft qazib olish hajmini qisqartirish borasida kelisha olmadi. Keyingi yillar davomida neft narxini ushlab turgan bitim bekor bo‘ldi.

Saudiya Arabistoni va Rossiya neft bozorida urush qilishga tayyorlanayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. Blumberg agentligi bunday urush "uzoq va vayronkor" bo‘lishini bildirdi. Agar mamlakatlar neft qazib olishni oshiradigan bo‘lsa, bu butun sohaga jiddiy zarba bo‘ladi. Xalqaro energetika agentligi buni "rus ruletkasi" deb atadi.

Dushanba kuni neft narxi rekord – 31 foizga tushib ketdi, bu 1991 yildan beri eng qatta qulashdir. So‘ngra neft narxi ozgina ko‘tarildi. Seshanba kuni ertalab bir barrel Brent 35,84 dollarni tashkil etdi.

Iqtisodchilar neft narxi tushishini taxmin qila boshladi. Bank of America yaqin haftalarda Brent narxi bir barrel uchun 20 dollargacha tushishini kutmoqda. Bank neftning bu yilgi o‘rtacha narxi bo‘yicha taxminini pasaytirdi.  Agar ilgari Bank of America 2020 yilda bir barrel neft narxi 45-54 dollar bo‘lishini taxmin qilgan bo‘lsa, endilikda 41-49 dollar bo‘lishini kutmoqda.

Rossiya hukumati rublni qanday qilib qo‘llab-quvvatlamoqchi?

Markaziy bank va moliya vazirligi rublni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastlabki choralarni e'lon qildi.

Markaziy bank budjet qoidalari doirasida bozordan moliya vazirligi uchun valuta sotib oladi. Tinch davrlarda bu rublning kuchli darajada mustahkamlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Dushanba kuni markaziy bank bunday xaridlar to‘xtatilishini ma'lum qildi.

Moliya vazirligi milliy farovonlik fondidan valuta sotishni boshlashi mumkinligini bildirdi. Rubl moliya vazirligiga budjet taqchilligini yopish uchun kerak bo‘ladi. Bunday xarid rublni qo‘llab-quvvatlaydi.

Seshanba kuni markaziy bank moliya vazirligi fonddan valuta sotishni boshlamagunicha bozordan valuta sotib olishini ma'lum qildi. 

Rosbankning hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiya banki kuniga 50 mln dollarlik valuta sotadi. Budjet qoidasiga ko‘ra, moliya vazirligi apreldan valuta sotishni boshlaydi, deyiladi bank hisobotida.

Rublga nima bo‘ladi?

MIKHAIL TERESHCHENKO/TASS

Tahlilchilar rubl yaqin haftalarda tashqi ta'sirga bog‘liq holda kuchli tarzda o‘zgarib turishini bildirmoqda.

Rosbank bir dollar 75 rubl atrofida sotilishini kutmoqda. Muvozanatni topish uzoqqa cho‘zilishi mumkin, deb ogohlantirmoqda iqtisodchilar. Dollar muntazam ravishda 70-72 rublgacha tushadi – neft narxi arzon bo‘lgan vaqtda bu Rossiya valutasi uchun muvozanat hisoblanadi, deb ishonch bildirmoqda bank.

Bi-bi-si suhbatlashgan tahlilchilar moliya vazirligi va markaziy bank qo‘llab-quvvatlab tursa dollar kursi 75 rubl atrofida bo‘lishini kutmoqda.

Nordea banki ham neft narxi tushib ketadigan bo‘lsa rubl bilan bog‘liq vaziyat istalgan vaqtda yomonlashishi mumkinligini qayd etmoqda. Ammo bankning taxminlari ijobiy: yaqin uch oy davomida dollarning o‘rtacha kursi 66 rublni, yevro kursi esa 72,6 rublni tashkil etadi. Yil oxiriga kelib dollar 64 rublgacha, yevro 70,5 rublgacha arzonlashadi.

Rossiyada pul yetarlimi?

1 fevral holatiga Milliy farovonlik fondi 10,1 trln rublni yoki 150 mlrd dollarni tashkil etdi.

Moliya vazirligi fond mablag‘lari «neftning bir barreli 25-30 dollargacha tushib ketganida daromadning pasayishini 6-10 yil davomida qoplashga yetishi»ni bildirdi.

Rublning tushib ketishi amalda Rossiya budjetini neft narxi tushib ketishidan saqlaydi. Rossiya neftni dollarga sotadi, ammo devalvatsiyada neft narxi rublda ko‘tariladi. Bu budjetning neft narxi tushib ketishidan ko‘radigan zarari o‘rnini to‘ldiradi.

Neft narxining tushib ketishi Rossiyada jiddiy muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lmaydi, deyiladi Capital Economics hisobotida.

«Iqtisodchilar budjet uchun narxlarning pasayishi neft qazib olishning oshishi evaziga qoplanishini taxmin qilmoqda. Muammo bir barrel neft narxi 25 dollar yoki undan ham tushib ketsa paydo bo‘lishi mumkin. U holda rubl yanada kuchli inqirozga uchraydi, hukumat esa xarajatlarni qisqartirishga majbur bo‘ladi», deya fikr bildiradi kompaniya ekspertlari.

Mavzuga oid