O‘zbekiston | 10:35 / 15.03.2020
495338
4 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus O‘zbekistonda. Ilk bemor aniqlandi

O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanishning ilk holati qayd etildi. Bemor Fransiyadan kelgan.

Foto: AP / TASS

O‘zbekistonda koronavirus bilan zararlangan ilk bemor aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi ma'lumot berdi.

«Joriy yilning 15 mart kuni soat 06:00da Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiya Respublikasida bo‘lib qaytgan 1 nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlandi.

Hozirda epidemiologik surishtiruv hamda kasallikni tarqalib ketmasligi uchun profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda», deyiladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xabarida.

Ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot taqdim etilishi ma'lum qilingan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bemor ayol kishi bo‘lib, u 11 mart kuni «Parij-Toshkent» reysi orqali uchib kelgan. O‘sha kungi reysda jami 48 yo‘lovchi va ekipajning 9 a'zosi O‘zbekistonga kelgan. Yo‘lovchilarning 24 nafari tranzit yo‘lovchilar bo‘lgan, jumladan, Fransiyaning 4 nafar, Italiya va Braziliyaning bir nafardan fuqarosi ushbu reysda uchishgan.

Bemorning oila a'zolari va safardan qaytganidan keyin u bilan aloqada bo‘lganlar alohida nazoratga olingan.

Eslatib o‘tamiz, kasallik oldini olish uchun har bir fuqaro quyidagi tavsiyalarga amal qilishi kerak:

  • avvalo chet elga borishni rejalashtirishda dunyodagi epidemik vaziyat bo‘yicha to‘liq ma'lumotlardan xabardor bo‘ling!
  • zarurat bo‘lmagan taqdirda ommaviy tadbirlarda ishtirok etishdan imkon qadar cheklaning!
  • qo‘llarni tez-tez, yaxshilab sovun bilan yuving va spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning!
  • farazandlaringizning qo‘l yuvishini doimiy nazoratga oling!
  • yuz-ko‘zingizni notoza qo‘l bilan ushlamang!
  • uy hayvonlarini boqishda, asrashda gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qiling!
  • odamlar oldida yo‘talganingizda yoki aksirganingizda og‘zingiz va burningizni dastro‘mol, salfetka yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing!
  • shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan yaqin, yuzma-yuz muloqot qilishdan cheklaning!
  • ovqatlanishda yaxshilab pishirilgan, asosan qaynatilgan va qovurulgan taomlardan iste'mol qiling, iste'mol qilinayotgan go‘sht va sut mahsulotlarining yaxshilab pishganligiga ishonch hosil qiling!
  • isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qiling!

Agarda sizda COVID-19 koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan qo‘shimcha savol tug‘ilsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 71 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

  • 15 mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda jami 156 738 kishida koronavirus aniqlangan, hozirgacha ularning 75 935 nafari sog‘ayib ketgan, 5839 kishi vafot etgan.
  • Virusdan eng ko‘p jabrlangan davlatlar Xitoy (80844 holat, 3199 o‘lim), Italiya (21157 holat, 1441 o‘lim), Eron (12729 holat, 611 o‘lim), Janubiy Koreya (8162 holat, 75 o‘lim), Ispaniya (6391 holat, 196 o‘lim), Germaniya (4599 holat, 9 o‘lim), Fransiya (4469 holat, 91 o‘lim), AQSh (2982 holat, 60 o‘lim), Shveytsariya (1375 holat, 13 o‘lim), Buyuk Britaniya (1140 holat, 21 o‘lim) va Norvegiya (1109 holat, 3 o‘lim) bo‘lib qolmoqda.

 

Mavzuga oid