Jahon | 08:07 / 16.03.2020
8585
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya qiroli otasi bilan bog‘liq mojaro sababli merosdan voz kechdi

Ispaniya qiroli Filipp VI otasi tomonidan Saudiya Arabistonidan mablag‘lar olingani atrofidagi mojaro ortida merosdan voz kechishga qaror qildi.

Foto: EPA

Filipp VI otasi Xuan Karlos I’dan olishi mumkin bo‘lgan merosdan voz kechgan. Bu haqda qirollik saroyi bayonotida ma'lum qilingan.

Ta'kidlanishicha, qirol otasi merosidan va noqonuniy qo‘lga kiritilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday aktiv, investitsiya yoki moliyaviy tuzilmadan voz kechishga qaror qilgan. 
 
Bundan tashqari, Filipp VI qaroriga ko‘ra sobiq davlat rahbari Xuan Karlos I endilikda qirollik saroyi budjetidan mablag‘ olmaydi.
 
El Pais nashrining xabar berishicha, ushbu qaror Saudiya Arabistonidan sobiq qirolning Panamadagi jamg‘arma nomiga ochilgan Shveytsariyadagi hisobraqamiga 100 mln yevro o‘tkazilgani tergov qilina boshlangandan keyin qabul qilingan. 

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, bu pullar Xuan Karlos I’ga Makka va Madina o‘rtasida tezyurar poyezd yo‘li qurish bo‘yicha ispan kompaniyalari bilan shartnoma tuzishda vositachilik qilgandan keyin Saudiya Arabistoni podshohiga yaqin odamlar tomonidan “sovg‘a sitfatida” o‘tkazilgan.

Shuningdek, matbuotda Filipp VI otasi tomonidan tuzilgan jamg‘arma benefitsiari bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilingan. Qirol bu haqda 2019 yil  martigacha hech narsa bilmagan va agar ma'lumot haqiqatga mos bo‘lsa, benefitsiar bo‘lishdan bosh tortishini aytgan. 

Mavzuga oid