Koronavirus Qirg‘izistonda. Suzoqda favqulodda rejim, O‘shga kirish cheklandi
Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumanida uch kishida koronavirus aniqlandi. Bu haqda 18 mart kuni mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Kosmosbek Cholponbayev maxsus brifing chog‘ida ma'lum qildi.
Bu Qirg‘izistonda koronavirusga chalinishning ilk holatlari bo‘ldi. Uch holatda ham virus xorijda yuqtirilgan.
«Bu biz uchun kutilmagan bo‘lmadi. Biz bu ssenariyga uch oydan buyon tayyorlanyapmiz. Shifoxonalarda zarur xonalar tayyorlangan, infeksion bo‘limlarda ham zaxira xonalari tayyorlab qo‘yilgan. Laboratoriyalarda zarur qurilmalar mavjud, shifokorlar tahlil namunalari olishga tayyor», degan vazir.
Qayd etilishicha, ularning barchasi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lib, ular yaqinda Umra ziyorati uchun Saudiya Arabistonida bo‘lib qaytishgandi.
Ular qaytgan samolyotda jami 135 yo‘lovchi bo‘lgan. Ayni vaqtda ularning 90 nafari karantinga joylashtirilgan.
Vesti.kg nashri yozishicha, samolyot yo‘lovchilari parvozdan keyin tekshiruvdan o‘tkazilmagan. Chunki, shu vaqtga qadar Qirg‘izistonda Saudiya Arabistonidan keluvchilar xorijdan keluvchilarning uchinchi toifasiga kiritilgandi. Bu toifaga virus tarqalishi xavfli darajada avj olmagan davlatlar kiritilgan: Singapur, Avstriya, Daniya, Hongkong, Malayziya, Tailand, Hindiston, Bahrayn, Avstraliya, Gretsiya, Kanada, Iroq, BAA, Kuvayt, Misr, Livan, Qatar, Saudiya Arabistoni.
Super.kg nashri xabariga ko‘ra, Suzoq tumani Blagoveshenka qishlog‘ida istiqomat qiluvchi shaxs Saudiya Arabistonidan kelganlardan biri to‘y qilgani haqida xabar bergan.
«Hoji umradan qaytganidan keyin to‘y qildi. Kecha uni olib ketishgan, biz bu haqda faqat bugun bildik. Qishloqda militsionerlar patrullik qilmoqda, biz ko‘chaga chiqmayapmiz va nimalar bo‘layotganini bilmayapmiz», - degan u.
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Tolo Isakovning ma'lumotiga ko‘ra, shu kunlarda Bishkekka Saudiya Arabistonidan yana 300 nafar hoji qaytishi kutilmoqda. Vazirlik ularning barchasi karantinga joylashtirilishini ma'lum qilgan.
Tolo Isakov butun mamlakatda favqulodda holat joriy etishga hozircha zarurat yo‘qligini ma'lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday chora faqat virus ommaviy ravishda tarqala boshlasa qo‘llanishi mumkin.
Qirg‘izistonda 16 martdan boshlab barcha maktablar va oliy ta'lim muassasalari 3 haftaga karantinga yopilgandi. Shuningdek, Qirg‘iziston hukumati koronavirus qayd etilgan davlatlarga borgan xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ygan.
Prezidentning millatga murojaati
Mamlakat prezidenti Sooronbay Jeenbekov mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, ulardan ko‘chaga imkon qadar kamroq chiqishni so‘ragan.
«Bunday vaziyatda davlatning eng asosiy vazifasi o‘z xalqini asrashdir. Ayni vaqtda mamlakatda tibbiy holat to‘liq nazorat ostida. Tibbiyot xodimlarimiz yetarlicha malakaga ega, ular bu kasallikni qanday davolash mumkinligini bilishadi.
Bu kunlarda davlat organlari, mahalliy hokimiyatlar va aholi bahamjihat harakatlanishi talab etiladi.
Xorijdan kelgan har bir fuqaro tibbiy kuzatuv va uy karantini shartlariga rioya qilishi kerak. Talablarni inkor etish holatlariga qat'iy chora ko‘riladi.
Turli yig‘ilishlar, ko‘ngilochar tadbirlar, tantanalar va ommaviy tadbirlarni to‘xtatib turish kerak. Maktablarda darslar vaqtincha to‘xtatiladi, oliy o‘quv yurtlarida masofaviy ta'lim shakliga o‘tiladi», degan prezident.
Davlat rahbari mamlakatda yetarli oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa tibbiyot buyumlari zaxirasi mavjudligini ta'kidlab, xavotirga o‘rin yo‘qligini ma'lum qilgan.
«Xudo xohlasa, biz insoniyatning qadr-qimmati va milliy sha'niga putur yetkazmasdan, bu sinovdan sharaf bilan chiqa olamiz», deya nutqini yakunlagan prezident.
Suzoqda favqulodda holat
Suzoq tumani hokimligi ma'muriyati tomonidan tuman hududida favqulodda holat rejimi joriy etildi.
Farmoyishga ko‘ra, favqulodda vaziyat davrida quyidagi choralar va vaqtincha cheklovlar joriy etiladi:
1) jamoat tartibi, davlat va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan obektlar himoyasi kuchaytiriladi;
2) odamlar ko‘p to‘planadigan obektlar faoliyati to‘xtatiladi;
3) Suzoq tumani hududiga kirish cheklanadi, shuningdek, barcha turdagi transport turlari (tuman shtabi a'zolari bundan mustasno) tuman hududini tark etishi taqiqlanadi.
O‘shdagi vaziyat
O‘sh shahriga mamlakatning boshqa hududlaridan keluvchilarning kirishi cheklandi. O‘sh shahri meri Taalaybek Saribashev koronavirus infeksiyasi tarqalishi oldini olish uchun fuqarolar alohida zaruratsiz uyidan chiqmasligi kerakligini ta'kidlagan.
«Hozirgi vaziyatda fuqarolar o‘z aloqalarini cheklashi tavsiya etiladi. Mening o‘zim ham oila a'zolarimga alohida zaruratsiz uydan chiqmaslikni tavsiya qildim. Vahima ko‘tarilishi oldini olish uchun organlar faoliyatini muvofiqlashtirish kerak. Do‘konlar va dorixonalar doimiy rejimda ishini davom ettiradi. Vaziyat nazorat ostida», deya qayd etgan u.
Bundan tashqari, O‘sh meriyasi sog‘liqni saqlash sohasida profilaktika ishlari va koronavirusga qarshi boshqa tadbirlar uchun 700 ming som ajratgan.
Mavzuga oid
18:02 / 23.12.2024
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024