Jamiyat | 18:03 / 23.03.2020
62135
4 daqiqa o‘qiladi

Karantin sharoitida ishlayotgan taksilar: dezinfeksiya bepul, lekin...

Respublikamizning janubiy viloyatlarida yo‘nalishsiz taksi xizmatidan foydalanuvchi yo‘lovchilar soni shu kunlarda 70-80 foizga kamaygan. Mashinalar esa har to‘rt soatda bepul dezinfeksiya qilinmoqda.

Qashqadaryo viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Ernazarovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, barcha yo‘lovchi tashish korxonalari viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bilan shartnoma imzolagan bo‘lib, DSENM xodimlari yordamida yo‘lovchi tashish korxonalarida har bir taksi bepul dezinfeksiya qilinmoqda.

Shuningdek, Qarshi shahri markazidan tumanlarga qatnovchi «Damas» mikroavtobuslari, hozircha faoliyat ko‘rsatib turgan boshqa jamoat transportlarini dezinfeksiyalash ham qat'iy belgilangan.

Surxondaryo viloyatida esa yo‘lovchi tashish korxonalari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan shartnoma imzolagan. Transport boshqarmasi vakiliga ko‘ra, yo‘lovchi tashish korxonalarida faoliyat yuritadigan har bitta avtomashina tegishli tartibda dezinfeksiya qilinmoqda. Jamoat transportlari esa faoliyatini to‘xtatgan.

Viloyatga kiraverishdagi yo‘l-patrul postida ham maxsus guruh tashkil etilgan bo‘lib, viloyatga kiradigan har bitta avtomashinani dezinfeksiya qilish yo‘lga qo‘yilgan. Postda Boysun tuman sanitariya-epidemiologiya markazi navbatchilik tashkil etgan. Tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari ham shu maskanda navbatchilikda. Ular viloyatga kirayotgan barcha avtomashinalardagi yo‘lovchilarning haroratini teplovizor yordamida tekshirmoqda.

Samarqand viloyatida yo‘lovchilar oqimi keskin kamaygani sababli jamoat transportlari qatnovida oraliq vaqtlari uzaytirilgan. Barcha turdagi yo‘lovchi tashish transportlarida xuddi shu tartib – har to‘rt soatda dezinfeksiya.

Yo‘lovchilar soni keskin kamaygan, taksilarning kunlik to‘lovi esa yo‘q. Taksi haydovchilaridan ushbu holatga e'tiroz yog‘ilmoqda.

Taksichilarga ko‘ra, shu kunlarda ularning xizmatidan foydalanuvchi yo‘lovchilar soni 70-80 foizga kamaygani holda yo‘lovchi tashish korxonalari taksilar uchun odatdagidek kunlik va oylik to‘lov saqlanib qolmoqda.

Samarqand shahrida bir qator yo‘lovchi tashish korxonalari taksi haydovchilariga mashinalarning TT seriyadagi davlat raqamlarini korxonaga topshirib, to‘lovni to‘xtatishni taklif qilmoqda. Bu orqali dezinfeksiyalanmagan holda yo‘lovchi tashishning oldini ham olish nazarda tutilmoqda.

Misol uchun, Samarqand shahridagi «Albatros» yo‘lovchi tashish korxonasi xuddi shu taklifni ilgari surdi. Taksi haydovchilari esa shaxsiy avtomashinalarining davlat raqamini topshirsa, avtomashinani o‘z ehtiyojlari uchun ham ishlata olmasligini aytyapti.

Samarqanddagi yana bir yo‘lovchi tashish korxonasi — «Anvar trans» vakili esa haydovchilar aynan shu masalada norozilik bildirayotgani, ammo soliq idoralari hozircha bu borada biror taklif bermaganini ma'lum qildi.

«Barcha OAVda uyda qolish tavsiya qilinyapti. Yo‘lovchi soni keskin kamaygani sababli biz ham bir necha kun uyda bo‘lishni xohlaymiz, ammo kunlik to‘lov bekor qilinmas ekan. Bu kuniga 35-40 ming so‘mdan korxonaga uyingizdan pul olib borib berish kerak, degani.

Hammadan ham taksi haydovchilariga qiyin bo‘lyapti. Bizga bunday kunlarda hech qanday foyda kerakmas, tushunamiz. Ammo yo‘lovchi tashish korxonalari kunlik to‘lovlarimizni hech bo‘lmasa biroz kamaytirishsa bo‘lardi», deydi samarqandlik taksi haydovchilarda biri.

Qashqadaryo viloyatidan ham haydovchilar xuddi shu masala bo‘yicha murojaat qilishdi. Viloyat transport boshqarmasi vakili biz bilan suhbatda ayni masala yuzasidan haydovchilarga biror imtiyoz berish, kunlik yoki oylik mablag‘ to‘lovini qisqartirish to‘liq yo‘lovchi tashish korxonalari ixtiyorida ekanini ma'lum qildi.

Anvar MUSTAFOQULOV tayyorladi

Mavzuga oid