O‘zbekiston | 12:46 / 26.03.2020
65446
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirus bemorlari uchun 10ga yaqin shifoxonalar qurilmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi tez fursatlarda O‘zbekistonda koronavirus bilan xastalanganlarni davolash va karantin uchun o‘nga yaqin shifoxonalar qurilishi haqida ma'lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan jiddiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

«Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va samarali davolash choralarini kuchaytirish maqsadida qisqa fursatlarda qator shifoxonalarni barpo etish ishlari jadal boshlab yuborildi. Jumladan, Toshkent shahrida uchta zamonaviy ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari bunyod etilmoqda. Birinchisi, bu 144 o‘ringa mo‘ljallangan Chilonzor tumanida yangi qurilayotgan shahar 3-sonli bolalar yuqumli kasalliklari shifoxonasi va 158 o‘rinli shahar 4-sonli bolalar kardiorevmatologiya klinik shifoxona binolari yaqin oylarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, Yashnobod tumanida joylashgan Toshkent stomatologiya institutining yangi qurilayotgan binosini 250 o‘rinli zamonaviy davolash muassasasiga aylantirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Mazkur bino joriy yilning may oyida foydalanishga topshiriladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida karantin muassasasini bunyod etish uchun 55 gektar yer ajratilib, juda qisqa kunlarda qurib bitkazilish choralari ko‘rilmoqda. Yana bir yirik muassasa Zangiota tumanida  bunyod etilmoqda. Shu kunlarda ushbu tumandan ajratilgan 27 gektar yer maydonida o‘n ming o‘rinli shifoxona qurilishi jadal davom etmoqda.Ushbu yangi tibbiyot mussasa ham yaqin fursatlarda foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, ayni paytda Andijon, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida ham koronavirus bilan kasallanganlar va ularning karantini uchun xuddi shunday muassasalar qurilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi  Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid