O‘zbekiston | 20:05 / 28.03.2020
12434
3 daqiqa o‘qiladi

Karantin qoidasini buzish bo‘yicha eng ko‘p holat Toshkent shahrida - IIV

IIV axborot xizmatining ma'lum qilishicha, karantin tadbirlari e'lon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar respublika bo‘yicha karantin qoidalariga amal qilinmagan 7 157 ta holat aniqlangan. Eng ko‘p huquqbuzarlik Toshkent shahrida qayd etilgan.

Huquqbuzarliklar statistikasi hududlar kesimida quyidagi ko‘rinishni hosil qilgan:

  •   Toshkent shahrida – 1 046 ta;
  •  Farg‘ona viloyatida – 951 ta;
  •  Jizzax viloyatida – 772 ta;
  •  Samarqand viloyatida – 712 ta;
  •  Toshkent viloyatida – 632 ta;
  •  Namangan viloyatida – 630 ta;
  •  Surxondaryo viloyatida – 463 ta;
  •  Andijon viloyatida – 456 ta;
  •  Buxoro viloyatida – 406 ta;
  •  Qashqadaryo viloyatida – 346 ta;
  •  Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 230 ta;
  •  Sirdaryo viloyatida – 229 ta holat;
  •  Navoiy viloyatida – 169 ta holat;
  •  Xorazm viloyatida – 115 ta holat.

“6885 ta holatda tibbiy niqob taqmasdan yurish, 185 ta holatda sanitariya-epidemiologiya qoidalariga zid ravishda savdo qilish, 106 ta holatda karantin hududini tashlab ketish, 2 ta holatda ijtimoiy tarmoqlarda vahima uyg‘otuvchi va asossiz ma'lumotlarni tarqatish, 20 ta holatda marosim yoki yig‘in o‘tkazish, 23 ta holatda boshqacha ko‘rinishda respublika maxsus komissiyasining qarori bilan bilan belgilangan karantin qoidalari buzilgan.

 

Jumladan, Toshkent viloyatining  Zangiota tumanida yashovchi 18 yoshli K.S. 26 mart kuni soat 16:00 larda, shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi 44 yoshli U.Q. hamda 43 yoshli Z.K. 27 mart kuni soat 9:50larda maxsus himoya niqobisiz jamoat joyida yurgani aniqlangan va huquqbuzarlarga nisbatan jarima qo‘llangan”, deya IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

IIV rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, sanitariyaga oid qonun hujjatlari va epidemiologiyaga qarshi kurash qoidalari buzilgani uchun Jinoyat kodeksining 2571-moddasi bilan 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 3 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida ushlanib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ayni paytda IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Karantin qoidalariga amal qilmaganlarning asosiy qismini 18–50-yoshdagi fuqarolar tashkil qiladi. Ushbu turdagi huquqbuzarliklarning 3740 tasi 18–30-yoshdagilar, 2639 tasi 31–50-yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 18 yoshgacha bo‘lganlar 192 ta, 50 yoshdan kattalar esa 650 ta holatda karantin talablariga amal qilmagan.

Avvalroq Shohrux G‘iyosov Toshkent shahrida karantin davrida 2 ta holatda to‘y qilinayotganini ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid