Light | 12:15 / 31.03.2020
87876
5 daqiqa o‘qiladi

Uyda antiseptik gelni qanday tayyorlash mumkin?

Butun dunyo pandemiya iskanjasida bo‘lgan hozirgi vaqtda gigiyenaga rioya qilish zarurati yuqori. Bot-bot takrorlanayotgan talab - qo‘llarni toza tutishni ta'minlashda yordam beruvchi antiseptik gelni uy sharoitida qanday tayyorlash mumkinligini quyida bilib olishingiz mumkin.

Foto: Shutterstock

Antiseptik gel tarkibi qanday bo‘lishi kerak?

Antiseptik ta'sir kuchiga ega bo‘lishi uchun uning eng kamida 60 foizini spirt tashkil qilishi lozim. Spirtning shu nisbati bilangina antiseptik samara ko‘rsatadi: viruslarning teri to‘qimalariga o‘rnashib olishiga imkon beruvchi yog‘ qobig‘ini yorib o‘tadi.

Aroq va shu kabi spirt saqlovchi mahsulotlar bunda to‘g‘ri kelmaydi, Chunki ularda spirt nisbati yetarli darajada yuqori emas.

Antiseptik gel tayyorlash uchun iste'mol qilinmaydigan, ya'ni tibbiy yoki texnik spirtdan foydalanish ma'qul. Uni dorixonadan yoki texnik tovarlar do‘konidan topish mumkin.

Qo‘llarni dezinfeksiyalash uchun spirtni sof holda qo‘llash yaramaydi. Bu usul virusni o‘ldiradi, ammo qo‘lning tabiiy yog‘ qatlamiga shikast ham yetkazadi. Natijada ortiqcha quruqlik, qichish, mikrojarohatlar hosil bo‘lishi, bular esa infeksiya uchun ochiq darvoza vazifasini o‘tashi mumkin.

Antiseptik gel samarali bo‘lish bilan birga zararsiz bo‘lishi ham muhim. Buning uchun u kerakli nisbatdagi spirt hamda qo‘lni himoyalovchi vositalarni o‘zida jamlashi lozim.

Sizga kerak bo‘ladigan vositalar:

– ingrediyentlarni aralashtirish uchun toza idish;

– choyqoshiq yoki yog‘och kurakcha;

– tayyor gelni saqlash uchun qulay ixcham idish (0,25-0,5 litr hajmli qopqoqli banka yaxshi variant);

– antiseptikdan foydalanib yurish imkonini beruvchi idish. U purkovchi dozatorga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun dorixonadan xarid qilingan antiseptikning bo‘shagan idishi mos keladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya qilgan retsept

JSST mutaxassislari tomonidan tavsiya etiladigan bu antiseptikdan qo‘llarni toza tutish hamda turli yuza va buyumlarni dezinfeksiyalash uchun foydalanish mumkin.

Kerak bo‘ladi:

– 96 foizli tibbiyot spirti – 100 ml;

– 3 foizli perekis vodorodi – 5 ml. Perekis virusni o‘ldirmaydi, ammo suyuqlikda hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan bakteriya sporalari bilan kurashadi;

– 98 foizli glitserin – 2 ml;

– qaynatib sovitilgan suv – 10-15 ml.

Tayyorlash tartibi:

Barcha ingrediyentlarni toza idishga solib, bir xil massa hosil bo‘lguncha aralashtirish kerak. Massani purkovchi idishga soling. Tayyor suyuqlik uch sutka tursin, bu spirtda yoki idishda bo‘lishi mumkin bo‘lgan mikroorganizmlar o‘lishi uchun muhim.

Tayyor antiseptik vositaga bir necha tomchi efir moyi yoki limon suvi qo‘shish mumkin. Bu vositaga yoqimli hid bag‘ishlaydi. Ammo bunday hid beruvchilar allergiya berishi ham mumkinligini unutmang.

Yana bir samarali retsept

Healthline tibbiy nashri tavsiya etuvchi bu antiseptik 60 soniya ichida mikrob va viruslarning 99,9 foizini o‘ldiradi.

Kerak bo‘ladi:

– 96 foizli tibbiyot spirti – 100 ml;

– aloe kosmetik geli – 50 ml;

– hid beruvchilar (limon suvi yoki istalgan turdagi efir moyi) – 3-4 tomchi;

– 98 foizli glitserin – 3-4 tomchi.

Tayyorlash tartibi:

Barcha ingrediyentlarni bir xil massaga kelgunga qadar yaxshilab aralashtiring. Glitserinni 3-4 tomchidan oshirib yubormang, aks holda gel o‘ta quyuqlashib ketishi va yopishqoq bo‘lib qolishi mumkin. Tayyor massani purkagichli idishga soling. Antiseptik tayyor.

Antiseptik geldan foydalanish tartibi

Antiseptik gel qo‘llardagi virus va mikroblarni samarali yo‘qotishi uchun undan to‘g‘ri foydalanish kerak.

  • Bitta qo‘l kaftiga bir necha tomchi antiseptik tomizing / bir necha marotaba purkang.
  • Kaft va barmoqlaringizni bir-biriga obdon ishqalang. Qo‘llar to‘liq quriguncha ishqalashda davom eting (30-60 soniya).

Mavzuga oid