Jamiyat | 16:14 / 13.04.2020
7191
4 daqiqa o‘qiladi

Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar ijrosi qat'iy nazoratda 

Joriy yilning 16 martidan 5 aprel kuniga qadar virtual qabulxonaga kelib tushgan 69 ming 514 ta murojaat o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, ularning 44 ming 759 tasi ijobiy hal qilingan.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi muammolari, murojaatlar bilan ishlash masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada Prezident Virtual qabulxonasi hamda Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar ijrosi qat'iy nazoratga olingan. Virtual qabulxona Qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish markazida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda haftaning barcha kuni tunu kun uzluksiz ish yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilning 16 martidan 5 aprel kuniga qadar virtual qabulxonaga kelib tushgan 69 ming 514 ta murojaat o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, ularning 44 ming 759 tasi ijobiy hal qilingan, 11 ming 427 ta murojaat qo‘shimcha o‘rganish uchun mas'ullarga qaytarilgan, 13 ming 328 ta murojaatni o‘rganish bo‘yicha qo‘shimcha muddat belgilangan.  

Prezidentning Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasida ham muarojaatchilar uchun karantin sharoitida muammo va takliflarini yetkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Xalq qabulxonalari bilan mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘rtasida o‘rnatilgan doimiy onlayn muloqot hududlardagi mavjud real holatni muntazam monitoring qilib borish, murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va hal qilish uchun mas'ullarni belgilash hamda ijrosini nazorat qilishda bir qator afzalliklarni bermoqda.

Bundan tashqari, aholi uydan chiqmagan holda telefon orqali ham Xalq qabulxonalariga murojaat qilishi mumkin. Fuqarolarga yanada qulaylik yaratish uchun qabulxonaga kelgan murojaatchilar bilan videokonferensaloqa tizimi vositasida muloqot qilish, Xalq qabulxonalari oldida o‘rnatilgan maxsus qutilarga murojaatni qoldirish imkoniyatlari ham yaratildi. Qabulxonaga kelgan har bir murojaatchi tibbiyot xodimlari tomonidan zarur tekshiruvlardan o‘tkazib, zarur dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

Fuqarolardan kelib tushayotgan talab va takliflar asosida sektorlar rahbarlari hamda boshqa idora va tashkilotlarni jalb etgan holda oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari savdosi mahallalar kesimida yo‘lga qo‘yildi. 

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami – boquvchisini yo‘qotganlar, yakka-yolg‘iz keksalar, nogironligi bor shaxslar, doimiy ish bilan band bo‘lmagan insonlardan tibbiy-ijtimoiy, moddiy yordam ko‘rsatish, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash masalalarida kelib tushayotgan murojaatlarga birinchi navbatda e'tibor qaratilib, ularni qisqa fursatlarda mutasaddi davlat tashkilotlari ishtirokida hal etish choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, Xalq qabulxonalariga muhtoj insonlar va oilalarga yordam ko‘rsatish istagini bildirib, murojaat qilayotgan ko‘plab savobtalab yurtdoshlarimiz va tadbirkorlarimizning homiylik yordamlari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy boshqarmalari qoshida tashkil etilgan homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga yo‘naltirilmoqda. Ayni paytda homiylik xayriyalarini manzilli yetkazib berishda shu mazmunda murojaat qilgan fuqarolar, uyma-uy yurish jarayonida aniqlangan yordamga muhtoj oilalar albatta inobatga olinmoqda.

Aholi muammolari bilan ishlash jarayonida aholining yana bir toifasi – yoshlar murojaatlari ham alohida e'tiborda bo‘lib kelayotir. Bu borada davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida tashkil etilgan yoshlar murojaatlarini qabul qilish markazi Prezident virtual qabulxonasiga integratsiya qilingan bo‘lib, “12502” qisqa raqami orqali bugungi kunga qadar kelib tushgan 600 ga yaqin murojaat yuzasidan ham mas'ul ijrochilar belgilanib, ularning ijrosi nazorat qilib borilmoqda. Murojaatlar tahlili yoshlarimizni asosan bandlik, o‘qishga kirish, o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash, yer maydoni ajratish, kredit olish kabi masalalar o‘ylantirayotganini ko‘rsatmoqda. Ayni paytgacha ushbu qisqa raqam orqali kelib tushgan murojaatlarning yarmidan ko‘pi – 300 dan ziyodi bo‘yicha ko‘tarilgan muammolar amalda hal qilindi.

Mavzuga oid