Iqtisodiyot | 20:38 / 16.04.2020
17495
7 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya dunyo ta'lim tizimini qanday o‘zgartirmoqda? PISA tahlillari

Koronavirus pandemiyasi salbiy oqibatlarini kamaytirish yo‘lida dunyoning barcha mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston ham turli chora-tadbirlarni qo‘llamoqda. 150ta mamlakatda maktablar yopildi. Bu deyarli 1 milliarddan ortiq o‘quvchilarning ta'lim olish imkoniyatlarini chekladi.

Foto: Theeconomist

Ko‘plab mamlakatlarning karantin davrida asosiy e'tiborni ta'limga qaratgani e'tiborga loyiq. Masalan, koronavirus ilk bora qayd etilgan Xitoyda 17 fevral kuni o‘quvchilar uchun bepul o‘quv materiallari bilan ta'minlaydigan «Milliy bulutli platforma» ishga tushirildi. 7000 ta server va 90 terabayt hajmdagi ma'lumotlarni o‘tkazish qobiliyatiga ega platforma 50 million o‘quvchiga bir vaqtning o‘zida xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Fransiyada «Mening sinfim uyda» raqamli platformasi yaratildi. Bunda kompyuter, planshet yoki mobil telefonidan foydalangan holda o‘quvchilar to‘rt haftalik masofaviy kurslarda ta'lim olish hamda o‘zlashtirishiga oid shaxsiy ma'lumotlarini to‘plab borish imkoniyati yaratildi.

Yaponiyada davlat-xususiy sherikchiligi asosida, xususiy kompaniyalar tomonidan uyda qolgan o‘quvchilar uchun bepul ta'lim olish imkoniyatini beradigan platforma ishga tushirildi.

Google va Microsoft kabi yirik kompaniyalar ta'lim olish va ishlash uchun mo‘ljallangan raqamli vositalar imkoniyatlarini kengaytirdi.

Pandemiya ta'sirida O‘zbekistonda ham 16 martdan boshlab barcha turdagi davlat va nodavlat ta'lim muassasalari yopildi. 30 martdan boshlab 3ta telekanal orqali 6 milliondan ortiq o‘quvchi uchun onlayn darslarni 3ta tilda (o‘zbek, rus va qoraqalpoq) efirga uzatish yo‘lga qo‘yildi.

Teledarslarni tasvirga olishda imkoniyati cheklangan, ya'ni kar va zaif eshituvchi bolalarga ham tushunarli bo‘lishi uchun surdopedagog hamda surdotarjimonlar tomonidan sinxron tarjima qilinmoqda.

O‘quvchilar va ota-onalar uchun dars jadvali, uyga vazifalar hamda olgan baholarni ko‘rish imkonini beruvchi kundalik.com tizimi joriy etildi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD – IHTT) tahliliga ko‘ra, maktab direktorlarining to‘rtdan bir qismiga raqamli texnologiyalar yetishmasligi o‘quv jarayoniga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ushbu ko‘rsatkich Singapurda 2 foiz, Fransiya va Italiyada 30 foiz, Vetnamda 80 foizdan yuqorini tashkil etadi.

Uyda o‘qishga hammada ham sharoit bor emas

O‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha xalqaro dastur – PISA ma'lumotiga ko‘ra, aksariyat mamlakatlarda raqamli formatga o‘tishda bir qator kamchiliklar bor. Jumladan, Janubiy Koreyada ijtimoiy va iqtisodiy nochor maktablarning chorak qismidagi har beshinchi o‘quvchisida uyda o‘qish uchun sharoiti yo‘q.

IHTTga a'zo mamlakatlardagi 9 foiz o‘quvchi, Indoneziya, Tailand, Filippinda esa 30 foizdan ko‘proq o‘quvchilar o‘qishi uchun hattoki tinch joyga ega emaslar.

Meksikadagi boy oilalardagi 15 yoshli o‘quvchilarning 94 foizida uylarida internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati bor bo‘lsa, kam ta'minlangan oilalarning faqatgina 29 foizi bunday imkoniyatga ega.

Indoneziyada 34 foiz o‘quvchining uyida kompyuter bor. Bu ko‘rsatkich Peruda ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari yaxshi oilalardagi o‘quvchilari orasida 88 foiz, kam ta'minlangan oilalardagi o‘quvchila orasida 17 foizga teng. Daniya, Sloveniya, Norvegiya, Polsha, Litva, Islandiya, Avstriya, Niderlandiya va Shveytsariyada 95 foiz o‘quvchi, AQShda ijtimoiy-iqtisodiy holati yaxshi oilalardan bo‘lgan 15 yoshli o‘quvchilarning barchasining uyida kompyuter jihozlari mavjud.

Maktablarda raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish xususida so‘z borar ekan, o‘rta hisobda IHTT mamlakatlarida 15 yoshli o‘quvchilarning 63 foizi tahsil oladigan maktablar raqamli qurilmalardan foydalanishning zaruriyati haqida yozma bayonotlar qabul qilgan. 62 foiz maktablarda direktorlar va o‘qituvchilar o‘rtasida raqamli qurilmalardan pedagogik maqsadlarda foydalanish to‘g‘risida muntazam munozaralar olib boriladi. 60 foiz maktablarda o‘quvchilarni internetdan foydalanish intizomi va mas'uliyatiga o‘qitish haqida maxsus kurslar olib boriladi.

Texnologiya – undan foydalanilsa, yaxshi

Dunyo mamlakatlari tomonidan karantin davrida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning aksariyati raqamli texnologiyani joriy qilish va undan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmoqda.

Shuning uchun xorijiy mamlakatlarda texnologiyadan foydalanish imkoniyatlari qandayligi xususidagi tahlillarga e'tibor qaratish o‘rinli.

Texnologiyadan foydalanish va o‘qituvchining tayyorgarligi haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, PISA`ning 2018 yilgi tadqiqotida qatnashgan 65 foiz maktablarning direktorlari o‘qituvchilarining ta'lim berishda raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish ko‘nikmalari mavjud deb hisoblaydi.

IHTTga a'zo mamlakatlarda 15 yoshli o‘quvchilarning 60 foizi o‘qiyotgan maktablarda o‘qituvchilarning dars tayyorlashda raqamli texnologiyani integratsiya qilishga vaqti yetarli. Ushbu ko‘rsatkich Xitoyda 90 foiz, Yaponiyada esa 100 foizni tashkil etadi.

IHTTga a'zo mamlakatlarda 15 yoshli o‘quvchilarning taxminan 50 foizi o‘qiyotgan maktablarda onlayn platforma bor. Argentina, Kosta-Rika, Kosovo, Panama, Lyuksemburg, Yaponiya, Peru, Shimoliy Makedoniya, Belarus va Marokashdagi o‘quvchilarning 30 foizdan kamrog‘i o‘qiyotgan maktablar onlayn platformaga ega. Singapur, Xitoyning 4ta provinsiyasi, Makao, Daniyadagi o‘quvchilarning 10dan 9 nafari o‘qiyotgan maktablarda onlayn platforma mavjud.

Daniya va Yangi Zelandiyada o‘qituvchilarning 80 foizi darslarni AKT qurilmalaridan foydalangan holda olib borishadi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti COVID-19 pandemiyasiga qarshi samarali javob choralarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun davlatlar tomonidan ta'lim sohasiga oid quyidagi mazmundagi qarorlar qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi:

muqobil ta'lim dasturlarini amalga oshirish jarayonida, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muxtoj o‘quvchilar va oilalar uchun yetarli yordamni ta'minlash;

maktablar tomonidan har bir o‘quvchi bilan mustahkam aloqa tizimini yo‘lga qo‘yish va har bir o‘quvchining o‘zlashtirishi bo‘yicha kunlik monitoringni shakllantirish;

o‘qituvchilar va maktab direktorlarini masofadan turib ishlashga o‘rgatish;

ota-onalar va o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘qituvchilar va ularga yordam beradigan ishchi guruhlarini tashkil etish hamda ularni yangicha ishlash tizimlariga o‘rgatish;

faqat jismoniy emas, balki o‘zlashtirishi past va psixologik tushkunlik holatida bo‘lganlarga alohida e'tibor qaratish;

yaqin kelajakda biror xizmat turlarini butunlay yangidan yaratish emas, balki, birinchi navbatda mavjud ta'lim xizmatlarini takomillashtirish lozim.

Furqat Xolmirzayev, Xurshid Ahmedov
Ta'lim inspeksiyasi huzuridagi Ta'lim
sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni
amalga oshirish milliy markazi

Mavzuga oid