Iqtisodiyot | 23:40 / 20.04.2020
43477
5 daqiqa o‘qiladi

Tarixiy qulash. Neftning bir barreli noldan quyiga tushdi

OPeK+ davlatlari ikki marta uchrashib, uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng kunlik neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Ammo neft narxini barqaror ushlash uchun kunlik qazib olishni 9,7 million berrelga kamaytirish yechim emasligi ko‘rindi.

Foto: EPA/Vostock-photo

20 aprel kuni neft narxi aql bovar qilmas darajada pasaydi. Birjada WTI neftining 1 barreli uchun avvaliga 4 dollar, keyin 2 dollar va hatto 96 sentgacha arzonlab ketdi. Forbes ma'lumotiga ko‘ra, birjada may oyi fyucherslari uchun 1 sent evaziga 1 barrel neft taklif qilingan. Ma'lumot uchun, 1 barrel 159 litrga teng. Ya'ni, neft tekin bo‘lib qoldi.

London birjasida bugun WTI (West Texas Intermediate) turkumidagi neft narxi 20 foizga arzonlab 14,1 dollargacha tushib ketgandi. Bu 1999 yildan buyon eng arzon narx bo‘ldi. Ammo bu hali hammasi emasdi. WTI’ning barreli 10,5 dollargacha arzonlashga ulgurdi. Brent ham 4,5 foiz arzonladi. Ayni damda butun dunyoni hayratga solib neft narxi tarixdagi eng past ko‘rsatkichgacha tushdi. WTI 1 barreli avval 0,96 dollar, keyinroq 1 sentgacha arzonladi. Bir muddat neft narxi 0,00 dollar ekani ham ko‘rindi.

Ekspertlarning aytishicha, Moskva va Ar-Riyodning uzoq vaqt davom etgan «narx urushi»dan so‘ng muzokaraga kelgani, shuningdek OPeK+ kelishuvi narxning barqarorlashuvi uchun yetarli bo‘lmadi. Tashkilot a'zolari kunlik qazib olish hajmini 9,7 million barrelgacha kamaytirishga kelishgandi. O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni va Rossiya kunlik qazib olishni may-iyun oylarida 2,5 million barrelga kamaytirish bo‘yicha bir qarorga kelgandi. Biroq bu choralar samara bermayapti. Ekspertlarga ko‘ra, qazib olishni yanada kattaroq miqdorda kamaytirish kerak, chunki omborlar to‘lib ketgan.

«Bozor OPeK+ kelishuvi narxlarni ko‘tarish uchun yetarli bo‘lmaganini kech angladi», deydi Axicorp brokerlik korxonasi asosiy tahlilchisi Stiven Innes.

Neft narxi ko‘tarilmayotganining asosiy sababi AQSh neft omborlarida xomashyo to‘lib-toshgani deb hisoblamoqda iqtisodchilar. Mart oyidan buyon AQShning yirik omborlarida neft 50 foizgacha ko‘paydi. «Neft arzon bo‘lsa ham, sotilib ketayotganini ko‘ryapmiz, chunki hech kim omborlar daqiqa sayin to‘lishini xohlamaydi», deydi Stiven Innes. Aynan omborlar to‘lgani sabab korxonalar neftni tekinga ham berib yuborishga tayyor.

Bloomberg juma kuni Saudiya AQShga kuniga 600 ming barrel neft yuborishni rejalashtirayotganini yozgandi. Yil davomida bunaqa katta miqdorda neft savdosi kuzatilmagandi. Shuningdek, Bloomberg aprelning dastlabki haftasida har kuni bittadan 2 million barrel neft ortilgan tankerlar yuborilganini yozgandi.

Saudiya Arabistoni Rossiya bilan qazib olish hajmini kamaytirishni kelishib olganidan keyin ham prinsipiallikni to‘xtatmadi va yaqinda mijozlari uchun katta chegirma e'lon qildi. Saudiya Yevropa mamlakatlariga 10 dollargacha chegirma va neft uchun pulni 3 oydan keyin to‘lash mumkinligini e'lon qildi. Rossiyada esa Saudiyaning bu ishi «orqadan pichoq urish» deb qabul qilindi. Demak, Saudiya bugungi holatni bilgan holda neft uchun katta chegirmalar e'lon qilgan.

  • Ushbu material tayyorlangan vaqtda neft narxi manfiy darajagacha tushib ketdi. Ha, shunday bo‘lishi ham mumkin ekan. Kompaniyalar xaridorlarga 1 barrel neft uchun 40 dollar pul taklif qilishmoqda. Maqsad - omborlarni bo‘shatish. Tarixda biror marta WTI nefti narxi manfiy holatga kelmagandi.

Telegram’dagi Bakiro kanalida e'lon qilingan postda esa ushbu vaziyatga shunday izoh berilgan:

Neftning WTI navi ayni damda spot va may oyi fyucherslari uchun shakllangan salbiy narxlarini tushunmayotganlar uchun ikki og‘iz.

Manfiy narx — bu ishlab chiqaruvchilar sotib oluvchilarga qazilgan neftni olib ketishgani uchun to‘lanadigan komissiya. Nega? Chunki Shimoliy Amerika bozori uchun xarakterli WTI nefti uchun saqlagani joyning o‘zi qolmagan, omborlar to‘lib bo‘lgan va tankerlar band.

Kanalda ishlab chiqaruvchilarning xaridorlar uchun to‘lashga rozi bo‘layotganining sababi ham tushuntirilgan.

Sabab oddiy. Maqsad — xaridorlarni ushlab qolish. Ayni damda bitimlar yetkazib berish bilan bog‘liq emas, aksar bitimlar yetkazib berish huquqi xolos.

Yana bir sabab nasoslarni to‘xtatib, quduqlarni hozir yopib, qayta ochish o‘ta murakkab va qimmat jarayonligi bilan bog‘liq. Bitta quduqni rezervatsiyaga o‘tkazish va qayta ochish shartli ravishda 2 million AQSh dollariga tushadi. Quduqni yana 1 oy ishlatish va xaridorlarga komissiya to‘lash esa 1 million dollarga aylanadi. Hammasiga yana nisbiy afzallik sababchi.

Mavzuga oid