Eronda karantin cheklovlarining aksariyati bekor qilindi
Eron Islom Respublikasida koronavirus epidemiyasi tufayli joriy etilgan cheklovlarning aksariyati 20 aprel kuni o‘z kuchini yo‘qotdi. Cheklovlarni bekor qilish 11 apreldan boshlangan edi va bir necha bosqichda amalga oshirildi.
Epidemiya ustidan hali to‘liq g‘alaba qozonilmagan, biroq u sekin-asta chekinmoqda. Karantin o‘rniga ijtimoiy masofalanishning yangi qoidalari joriy etiladi, deb yozmoqda TASS.
Eron poytaxti Tehron ko‘chalari piyodalar va mashinalar bilan to‘lgan. Ikki hafta avvalgiga nisbatan ko‘chada odamlar bir necha barobar ko‘p, lekin odatiy Tehron tiklanishigacha hali ancha bor. Ko‘plar shahar bo‘ylab sayr qilib yurishibdi, o‘rindiqlarda dam olishmoqda
Cheklovlarni paydar-pay olib tashlashni boshlash uchun hukumat kasbiy faoliyatni uch turga bo‘ldi: koronavirus tarqalishi tahdidiga ko‘ra past, o‘rta va yuqori darajaga.
Biznesning birinchi kategoriyasi Tehrondan tashqari butun mamlakat hududida 11 aprel kuni ishga qaytdi. So‘nggi haftalarda poytaxt epidemiyaning bosh o‘chog‘i sanalgani bois, yumshatishlar bu yerda 18 apreldan kuchga kirdi.
20 aprelda yangi choralar paketi qabul qilindi. Endi ikkinchi toifa — koronavirus tarqalishining o‘rtacha xavfi bo‘lgan biznes turlari ishga qaytdi. Dushanba kuni qurilish mollari do‘konlari, suvenir sotadigan rastalar, fotosalonlar, kiyim-kechak butiklari, avtoservislar ochildi. Dorixonalar va supermarketlar epidemiya avj nuqtasiga chiqqan paytlarda ham mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Savdo markazlari va bozorlar ham ishlamoqda, biroq qisqartirilgan grafikda — soat 18:00ga qadar. Restoranlar, sport klublari va ayrim jamoat muassasalari yopiqligicha qolmoqda. Qahvaxonalarning ham ko‘pchiligi ochildi, faqat ular yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yishgan.
Bundan tashqari, 20 apreldan yana bir muhim yumshatish joriy etildi: shaharlar o‘rtasida shaxsiy transportda qatnash mumkin. To‘g‘ri, hozircha hukumat fuqarolarga sayohatga chiqishdan tiyilishni maslahat bermoqda.
«Xaraz shossesida cheklovlar olib tashlanganidan so‘ng avtomobillar soni keskin ko‘paydi. Biz Tehron aholisidan [mamlakat shimolida joylashgan] Mozandaronda joylashgan o‘zlarining villalari va dala hovlilariga yo‘l olishdan tiyilib turishni so‘raymiz», — degan dushanba kuni sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Eraj Harirchi.
«Savdo markazi yopiq, faqat soat 18:00gacha ishlaydi. Agar sizga supermarket kerak bo‘lsa, unga kirish boshqa tomondan va u soat 23:00gacha ishlaydi», — deya tushuntirish beradi «Palladium» savdo markazi qo‘riqchisi odamlarga.
Eronda taqiq va cheklovlar o‘rniga hukumat tomonidan «aqlli ijtimoiy masofa» deb ataluvchi yangi rejim kelmoqda. Tashabbusga ko‘ra, bir qator qoidalarga rioya qilinsa, odamlarning katta qismi ishga qaytishi mumkin. Qoidalarning ko‘p qismi qat'iy reglamentlashtirilgan. Masalan, avtobus va metrolarda ikkitalik o‘rindiqqa faqat bir kishi o‘tirishi mumkin, jamoat transporti poliga esa masofani saqlashga chorlovchi maxsus belgi chizilgan.
Shu holatda ham hukumat odamlarga zaruriyatsiz uylaridan ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilishda bardavom. Biroq, buning uchun hech qanday majburlov choralari nazarda tutilmgan.
Eronliklarning aksariyati vaziyatga juda mas'uliyat bilan yondashib, ko‘chalarda sayr qilishga shoshishmayapti. Lekin uy «qamog‘i»dan zerikkanlar ham yetarli darajada ko‘p.
Vaziyat nazorat ostida qolishi uchun shaharlarda odamlarning ommaviy to‘planadigan joylari: masjidlar va istirohat bog‘lari hamon yopiq. Shahar ichida joylashgan, «xavf-xatar» deb yozilgan sariq lentalar bilan o‘rab qo‘yilgan yashil go‘shalar hududiga kirish o‘rniga poytaxtliklar o‘sha bog‘lar yonida sayr qilishmoqda.
Nima bo‘lganda ham, Tehronda bu yil bahor avvalgi yillarga nisbatan yorqinroq namoyon bo‘lmoqda. Shahar uzra doim ko‘lanka tashlab turuvchi smog uzoq davom etgan karantin tufayli yo‘qolgan. Lekin asosiy o‘zgarish – cheklovlarning bekor qilinishi odamlarga epidemiyaning tez orada tugashi borasida umid uyg‘otayotganidir.
Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik tushunib turibdiki, ularni hali kasallik tarqalishining ikkinchi to‘lqini va koronavirus oqibatlari bilan uzoq oylar mobaynida kurashish kutib turibdi.
Ma'lumot uchun, Eronda kunlik kasallanishlar soni mart oyi oxiridagi 3 minglik nuqtadan pasayib borib, ayni paytda 1300gacha kamaygan. Mamlakatda 83,5 mingdan ortiq kishi virus yuqtirib olgan, ulardan 60 mingga yaqini tuzalib, 5200dan ortig‘i vafot etgan.
Mavzuga oid
16:58 / 25.12.2024
Eronda WhatsApp va Google Play blokdan chiqariladi
20:58 / 24.12.2024
Bloomberg: Rossiyaga Eron qurollarining chorak qismini biznesmen Husayn Shamhaniy yetkazib bermoqda
19:06 / 22.12.2024
Asadning qulashi - Eron tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik
14:52 / 20.12.2024