O‘zbekiston | 12:08 / 24.04.2020
13754
4 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi O‘zbekistonda qanday AES qurilishi haqida ma'lumot berdi

3+ avlod reaktori hatto elektr uzilishlari va halokatlarga olib keladigan qattiq zilzila yuz bergan taqdirda ham, xuddi shunday himoya tizimlari radioaktivlikning reaktor blokidan tashqariga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Energetika vazirligi O‘zbekistonda quriladigan atom elektr stansiyasi qanday bo‘lishi haqida batafsil ma'lumot berdi.

“O‘zbekistonda Rossiyaning VVER-1200 dizaynidagi reaktorlari bilan eng zamonaviy loyiha bo‘yicha atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yerda “1200” raqami reaktorning quvvati, ya'ni 1200 MVt.ni anglatadi. Ikkita reaktorga ega atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgani uchun uning umumiy quvvati 2 400 MVt bo‘lib, 2030 yilda mamlakat elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning 15-18 foizini ta'minlaydi”, - deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Birinchi VVER birinchi avlod elektr reaktori – Novovoronej AES 1-son energoblokida 1964 yilda ishga tushirildi. Keyinchalik ikkinchi avlod reaktorlari paydo bo‘lib, ular allaqachon dunyo bo‘ylab seriyali ishlab chiqarishga yo‘lga qo‘yilgan. Ilm-fan bir joyda turmaydi va evolyutsion yo‘l bilan takomillashgan 3-avlod, birozdan so‘ng esa – 3+ avlodga erishildi. VVER-1200 loyihasi so‘nggi 3+ avlod reaktorlariga tegishli. Bu jahon atom hamjamiyati tomonidan bugungi kunga qadar eng xavfsiz deb tan olingan rus olimlarning flagman mahsulotidir.

VVERning xavfsizligi nimada?

Rossiya reaktorlarida avtomatlashtirilgan faol va passiv xavfsizlik tizimlari mujassamlashgan. Faollari – energiya manbaini talab qiladi, passiv – energiya manbaini talab qilmaydi. VVER-1200 loyihasida olimlar barcha mavjud bilimlarni birlashtirishga va reaktor binosidan tashqarida radioaktivlikning chiqarilishidan himoya qilishni ta'minlaydigan o‘zgarishlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Passiv xavfsizlik tizimlariga, masalan, reaktor bloki ustida gumbaz shaklida o‘rnatilgan qo‘sh temir-beton qobiq kiradi. Agar reaktor zalida biror narsa sodir bo‘lsa, barcha radioaktivlik bu muhrlangan qobiq ichida qoladi. Tasavvur qiling, reaktorga beriladigan barcha suv bug‘ga aylanadi va choynakdagi kabi devorlarda va qopqoqda ichkaridan bosadi, ammo ichki qobiq bu ulkan bosimga bardosh beradi. Agar tahdid tashqi bo‘lsa, tashqi qobiq samolyot qulashi, to‘fon, portlash va boshqa qarshiliklarga bardosh bera oladi. Shunday qilib, energoblokning gumbazi har doim tashqi va ichki zarbalarni qabul qilishga tayyor.

Reaktor qobig‘ining muhim elementi faol zonaning amalda ehtimoli aql bovar qilmas holatda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan erishida ko‘zda tutilgan “eritmani ushlab qoluvchi tuzoq”dir. Bu katta kosa shakliga ega bo‘lib, eritmalar bilan kimyoviy reaksiyaga kiradigan va eritmani deyarli bir zumda sovitish va qattiq holatga o‘tkazish imkonini beradigan material bilan to‘ldiriladi. "Tuzoq" bevosita reaktor ostida joylashgani uchun eng qiyin vaziyatda o‘z og‘irligi ostidagi erigan massa mazkur o‘tga chidamli stakanga tushadi. “Eritmani ushlab qoluvchi tuzoq”ning mavjudligi, hatto eng kam uchraydigan vaziyatlarda radioaktiv parchalanish mahsulotlari muhrlangan qobiqda saqlanishini ta'minlaydi.

AES zilzilaga bardosh bera oladimi?

Albatta, bizdagi seysmik faollik tufayli bu eng dolzarb masaladir. 3+ avlod reaktori hatto elektr uzilishlari va halokatlarga olib keladigan qattiq zilzila yuz bergan taqdirda ham, xuddi shunday himoya tizimlari radioaktivlikning reaktor blokidan tashqariga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Rossiya dizaynidagi barcha 3+ avlod AES loyihalari 9 ball zilzilada xavfsizlikni ta'minlaydi.

Qobiqning kuchaytirilgan himoya konstruksiyalari, shuningdek binoning ichki konstruksiyasiga zarar yetkazilishini oldini oluvchi tirgaklar kuchli silkinishlarga bardosh berishga yordam beradi.

AES qurilishi va ekspluatatsiyasining jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston uchun VVER-1200 loyihasini tanlash xavfsizlik va ishonchlilik omillari bilan asoslanadi, deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Mavzuga oid