O‘zbekiston | 08:49 / 25.04.2020
137069
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik ish haqi to‘g‘risida ma'lumot berildi

2020 yil yanvar-mart oylarida O‘zbekiston bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,5 mln so‘mni tashkil etib, 2019 yilning mos davriga nisbatan 26,5 foizga oshdi.

Foto: KUN.UZ

Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek, uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud. 

O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichidan sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish faoliyati – 29,9 foizga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar - 27,7 foizga, ta'lim sohasi - 19,1 foizga sezilarli darajada past bo‘ldi. Shu bilan birga, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati - 111,5 foizga, axborot va aloqa sohasi - 61,5 foizga respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqoriligi kuzatildi. 

Iqtisodiy faoliyatning barcha turlarida 2019 yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining o‘sishi kuzatildi. Ayniqsa bank, sug‘urta, lizing va kredit-vositachilik faoliyatida - 46,7 foizga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar - 32,6 foizga, qurilish sohasida - 32,2 foizga sezilarli o‘sish kuzatildi. 

Hududlarda ayrim iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha respublikadagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqiga nisbatan eng past ko‘rsatkichlar kuzatildi. Jumladan, sanoat iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha – Sirdaryo (40,9 foiz), Namangan (35,1 foiz), Jizzax (30,6 foiz) va Surxondaryo (23,6 foiz) viloyatlarida, qurilish iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha - Jizzax (36,3 foiz), Qashqadaryo (34,0 foiz), Farg‘ona (32,6 foiz) va Xorazm (26,4 foiz) viloyatlarida, tashish va saqlash iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha – Andijon (56,5 foiz), Toshkent (52,7 foiz), Jizzax (50,8 foiz) va Sirdaryo (49,7 foiz) viloyatlarida hamda bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida – Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida 20 foizdan ko‘p kamayish kuzatildi. 

Ta'lim sohasi bo‘yicha qator hududlarda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining yuqori ko‘rsatkichlari kuzatildi. Respublikadagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqiga nisbatan sezilarli yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahri - 138,4 foiz, Sirdaryo viloyati - 101,9 foiz, Navoiy viloyati - 100,5 foiz va Toshkent viloyati - 100,1 foiz hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

Shu bilan birga, 10 ta hududda ushbu sohadagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan past ekanligi kuzatildi. Respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan sezilarli past ko‘rsatkichlar Surxondaryo viloyati - 95,2 foiz, Farg‘ona viloyati - 92,0 foiz, Xorazm viloyati - 91,9 foiz hamda Qashqadaryo viloyati - 87,4 foiz hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

Mavzuga oid