Jahon | 19:40 / 04.05.2020
12188
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston senatiga yangi rais saylandi

Qozog‘iston Respublikasi parlamenti oliy palatasi - Senatning yangi raisi etib Maulen Ashimbayev saylandi. Deputatlar uning nomzodini deyarli bir ovozdan ma'qullashgan.

Foto: Kazinform

49 yoshli Ashimbayev ushbu lavozimni bir yildan ko‘proq egallagan, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi Darig‘a Nazarboyeva o‘rnini egalladi

Avvalroq, 4 may kuni Ashimbayev Qozog‘iston prezidenti farmoni bilan senat deputati etib tayinlangan. 

2 may kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Darig‘a Nazarboyevaning senat deputati sifatidagi vakolatlari tugatilishi haqidagi farmonni imzolagandi. Hanuzgacha buning sababi ma'lum qilinmayapti. 

4 may kuni Qozog‘iston markaziy saylov komissiyasi Nazarboyevaning deputatlik vakolatlarini ham tugatgan.

2019 yilda Ashimbayev To‘qayevning saylov shtabiga boshchilik qilgan. To‘qayevning navbatdan tashqari prezident saylovlaridagi g‘alabasidan keyin Ashimbayev prezident ma'muriyatiga ishga o‘tgan va 2019 yil dekabrdan prezident ma'muriyati rahbari birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan. Bungacha u Qozog‘iston Xavfsizlik kengashida ishlagan, bir necha marta deputat etib saylangan.

Ta'kidlash joiz, Qozog‘iston senati spikeri respublikada deyarli ikkinchi raqamli inson hisoblanadi. Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident iste'foga ketsa yoki lavozimidan voz kechsa, yoxud vafot etsa prezident vakolatlari aynan senat raisiga o‘tadi. Aynan shunday holat 2019 yil martda Nursulton Nazarboyev iste'foga chiqishga qaror qilgandan keyin yuz berib, uning o‘rnini o‘shanda senat raisi bo‘lgan To‘qayev egallagandi.

Mavzuga oid