Jahon | 22:01 / 27.05.2020
77292
7 daqiqa o‘qiladi

«Prezident javobgar sifatida jalb etilsin» – Sobiq gubernator Putinni sudga berdi

Shu yilning 29 yanvar kuni iste'foga chiqarilgan Chuvashiston gubernatori Mixail Ignatev Rossiya Oliy sudiga mamlakat prezidenti Vladimir Putin ustidan arz qildi. U o‘zining iste'fosi nohaqlik bo‘lganini iddao qilmoqda.

Foto: TASS

Ignatev Putin rahbarligi vaqtida uni sudga bergan, umuman, Putinning qaroriga bu qadar keskin munosabat bildirgan ilk rahbar bo‘ldi. VVS prezidentni sudga berish mumkinmi yoki yo‘qligi borasida surishtiruv o‘tkazdi.

Ignatevning iste'fosi «ishonchni oqlamagani» bilan izohlangandi. U iste'fosidan oldin bir haftada ikkita mojaro markaziga tushib qolgandi.

U avvaliga Rossiyaning boshqa hududlaridan kelib «vaziyatni bilib-bilmay yozaveradigan» jurnalist va blogerlarning «tanobini tortib qo‘yish kerakligi»ni aytib, ko‘pchilikning tanqidlariga sabab bo‘lgandi.

Keyinchalik u FVV ofitseriga o‘t o‘chirish mashinasi kalitini berayotib uni sakrashga majbur qilgach, o‘z manziliga «iliq so‘zlar»ni qabul qilib oladi.

Gubernator bu holatda o‘zini oqlashga urinib, o‘sha o‘t o‘chiruvchi bilan yaxshi munosabatda ekanini, bu shunchaki hazil bo‘lganini aytdi. Ignatevning so‘zlariga ko‘ra, 2010 yil o‘t o‘chiruvchilar bilan birga o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etishda qatnashgan hamda ular bilan birga tushonka va bo‘tqa yegan. Ammo bu «ta'sirli hikoyalar» foyda bermay Ignatevga tanqidlar yog‘ilishi davom etdi.

Hatto federal telekanallarda ham tanqid qilingach, Ignatev «manzilning oxiriga kelgani» aniq bo‘ldi. Chunki Rossiyada tun-u kun hukumat propagandasi bilan band bo‘ladigan telekanallarda tanqid qilinadiganlar odatda «suvdan quruq chiqolmaydi». Shunday bo‘ldi ham. Avvaliga «Yedinaya Rossiya»da partbiletidan mahrum qilingan Ignatev ertasiga iste'foga chiqarildi. Putin uning o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishda qatnashganiga ham, o‘t o‘chiruvchilar bilan birga bo‘tqa yeganiga ham qarab o‘tirmadi.

Ignatev 20 may kuni Oliy sudga vakolatlari muddatidan avval bekor qilinganidan norozi bo‘lib arz qilgani ma'lum bo‘ldi. Uning arznomasidagi qo‘shimcha kafolatlar huquqi borasidagi qismi qaytirib berilgan va iste'foning o‘zi bo‘yicha berilgan ariza olib qolingan. Ishni ko‘rib chiqish 30 iyunga belgilandi.

Da'vo arizasining bir nusxasi Putinga yuborilgan. «Ishga ma'muriy javobgar sifatida Rossiya Federatsiyasi prezidenti jalb etilsin. Ma'muriy javobgarga da'vo arizasining nusxasi yuborilsin», deyilgan sud hujjatida.

Bu ishlar boshlanib ketgan bir vaqtda «Kommersant'» o‘z manbalariga tayanib Ignatev ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berdi. Shuningdek, «Kommersant'» Ignatevning salomatligi haqida yozar ekan, uning ishini 2003-2007 yillarda Chuvashiston Oliy sudi raisi bo‘lib ishlagan sudya Vyacheslav Kirillov qabul qilib olganini ma'lum qilgan. Xo‘sh, sobiq gubernator Putin bilan sudlasha oladimi? Bu unga nega kerak?

Aleksandr Kinev, siyosatchi:

«Prezident bilan sudlashib bo‘ladimi? Bo‘lganda qandoq. Prezidentni sudga berish yangilik emas. Hatto muvaffaqiyatli holatlar ham bo‘lgan. 1990 yillarda Lipetsk viloyatida Kupsov degan gubernator bo‘lardi. U ishdan olinganidan norozi bo‘lib Yelsinni sudga bergandi. Ikki yil davom etgan ishda sud Yelsin chindan gubernatorni noqonuniy tarzda ishdan bo‘shatgan deb topgan. Ammo u vaqtda viloyatda saylovlar o‘tib ketib yangi gubernator saylangandi.

Sud bir tomondan da'voni qanoatlantirgan, ammo gubernatorlik vakolati o‘tib ketgani uchun lavozimga tiklanish da'vosi rad etilgan. Shunday bo‘lsa-da, unga gubernatorlik muddatining ishlolmagan qismi uchun maoshi to‘lab berilgan. Ignatevning bu ishi ramziy ma'no anglatadi. Buni uning o‘zi ham tushunib turibdi. U qaysidir ma'noda o‘zi uzoq vaqt bo‘lgan tizimdan noroziligini bildirdi».

Aleksey Makarin, siyosatchi:

«Bunaqasi birinchi marta bo‘lyapti. Kupsov vaqtida vaziyat boshqacha edi, qonunlar ham boshqa edi. U vaqtda prezidentni sudga bergandan keyin ham bemalol ishlayverish mumkin edi. Hozir esa bu amalda imkonsiz. Hozir prezidentda «ishonchni oqlamaganlik uchun» hech qanday sababsiz ishdan bo‘shatish huquqi bor. Bu mehnat qonunchiligining nazoratiga ham xalaqit qiladi.

Prezident shunchaki ishonmaydi, nega ishonmasligi esa o‘zining ishi. Gubernatorlar ishonchni yo‘qotmaslik uchun harakat qilishadi. Agar ularga ishonmay qo‘yishganini bilishsa, tinchgina iste'fo berishadi. Shu tariqa siyosiy elitada qolish mumkin deb o‘ylashadi.

Ignatev esa konfliktga bordi. Uni partiyadan haydash orqali ketishi kerakligiga ishora qilishdi, lekin u tushunmadi. Balki saylovlarda g‘olib bo‘lgani eng muhimi deb o‘ylagandir. Ignatevning da'vosidan ish chiqmasligi aniq. Iste'fo qarorida uning ishonchni yo‘qotganligi aytilgan va prezident nega ishonch yo‘qotilganini izohlashga majbur emas. Ignatev nega muxolifatchi kabi ko‘rinishni xohlab qolgani tushunarsiz. Darvoqe, kun u uchun yomon yakunlandi va kasalxonaga tushib qoldi».

Yevgeniy Minchenko, siyosatchi:

«Bu ishda qandaydir sinoat ko‘rmayapman. Hukumatda Putinga qarshi muxolifat shakllanyapti, qabilidagi gaplar asossiz. Bu shunchaki mamlakatda g‘alati ishlari bilan tanilgan odamning navbatdagi g‘alati qarori. U shunchaki inson sifatida xafa bo‘lgan va shunday qilgan. Ignatevning bu ishi Chuvashistondagi saylov natijalariga ta'sir qilishga urinish ekani bo‘lmagan gap, chunki u juda past reyting bilan ketdi».

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu borada sovuqqina qilib gapirdi: «Chuvashiston sobiq rahbarining da'vosi hozir Kreml uchun kun tartibidagi eng muhim savol emas». Peskov Putinning suddagi vakili kim bo‘lishi mumkinligi haqida savolga ham «hozircha aytolmayman» deb javob bergan.

Mavzuga oid