O‘zbekiston | 07:30 / 29.05.2020
15575
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tuproq unumdorligini oshirishdagi tizimli muammolar ochiqlandi

Yer resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi.

Prezidentning “Yer resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, tuproqlar unumdorligini oshirishga oid amaliyot tahlili ushbu sohada bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan.

Xususan:

birinchidan, tuproqlardan foydalanish, unumdorligini oshirish va muhofaza qilish bo‘yicha tizimli ishlarni o‘z ichiga olgan yaxlit huquqiy hujjat mavjud emas;

ikkinchidan, tuproqlarni kompleks o‘rganish asosida ularning xossa-xususiyatlarini, jumladan, gumus va ozuqa moddalar miqdorini aniqlash va unumdorlik darajasini belgilashdan tashqari, tuproqlarning ekologik holati, turli toksikant va pollyutantlar bilan zaharlanganlik darajalarini tadqiq qilish va tashxis qo‘yish, ekologik toza va sog‘lom tuproq holatiga keltirish uchun ilmiy asoslangan ishlanmalar va tavsiyalarni joriy etish mexanizmi to‘liq yaratilmagan;

uchinchidan, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilar tomonidan tuproq unumdorligini oshirish, ayniqsa organik o‘g‘itlardan keng foydalanish bo‘yicha kompleks tadbirlarni yetarli darajada amalga oshirilmaganligi natijasida, so‘nggi 30 yilda sug‘oriladigan tuproqlarda gumus miqdori 10-15 foizga kamayib ketgan, oqibatda ekvivalent hisobida boy berilgan sug‘oriladigan ekin yerlari 450 ming gektarni tashkil qiladi;

to‘rtinchidan, tuproqlar degradatsiyasini aniqlash, baholash, monitoring qilish va salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli qishloq xo‘jaligi yerlari ishlab chiqarish aylanmasidan chiqib ketmoqda;

beshinchidan, tuproq unumdorligini oshirish va yerlardan samarali foydalanish sohasida olib borilayotgan ilmiy ishlar yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan, sohada ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash darajasi yuqori emas va ilmiy tadqiqot natijalari amaliyotga keng joriy etilmayapti;

oltinchidan, sohaga oid ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan tuproqlarning unumdorligini aniqlash va prognoz qilishda zamonaviy yondashuvlar yetarli emas;

yettinchidan, lalmi va yaylov yerlaridan foydalanish samaradorligi past bo‘lib, resurstejamkor, zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan;

sakkizinchidan, qishloq xo‘jaligi yerlarida o‘tkaziladigan agrotadbirlar, jumladan, shudgorlash, ekish oldidan mineral va mahalliy o‘g‘itlarni kiritish va vegetatsiya davrida mineral o‘g‘itlarni qo‘llashga ixtisoslashgan agregatlarni mahalliylashtirish tizimi ishlab chiqilmaganligi natijasida tuproqlarni fizik va agrokimyoviy xossalariga salbiy ta'sir ko‘rsatib, tuproqlarning zichligini ortishiga, gumus va ozuqa moddalari bilan ta'minlanganlik darajasining pasayishiga olib kelmoqda.

Mavzuga oid