Jamiyat | 14:12 / 12.06.2020
3412
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kuniga 6 million dona tibbiy niqob ishlab chiqarilmoqda

Ayni paytda O‘zbekistonda kuniga 10 million dona tibbiy niqob ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Talab darajasiga qarab kuniga 6 million dona himoya niqobi ishlab chiqarilmoqda.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan onlayn matbuot anjumanida to‘qimachilik sanoatidagi yangiliklar va pandemiya davrida kuzatilgan o‘zgarishlar haqida ma'lumot berdi.

«To‘qimachilik sanoati tizimida 1850dan ortiq katta-kichik ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritmoqda va ularda 320 mingdan ortiq kishining bandligi ta'minlangan.

2019 yilda tizimda 1,9 millard dollarga teng mahsulotning 50dan ortiq davlatga eksport amalga oshirildi», deya ta'kidladi Ilhom Haydarov.

Uyushma raisining ta'kidlashicha, o‘zbek paxtasini qayta ishlash darajasi ham oshmoqda. 2016 yilda 450 ming tonna paxta qayta ishlangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2019 yilda 760 ming tonnani tashkil etgan. Joriy yil esa 910 ming tonna paxtani qayta ishlash imkoni bor.

«O‘tgan 5 oy davomida ham o‘sish dinamikasini saqlab qolishga harakat qildik. Hozir to‘qimachilik sanoati respublikada eksport salohiyati bo‘yicha va ish o‘rni yaratish borasida ikkinchi o‘rinda turadi», dedi Ilhom Haydarov.

Uyushma raisining ta'kidlashicha, pandemiya davrida bozorlar yopilishi va transport harakatining cheklanishi bilan bir muddat to‘qmachilik sanoati mahsulotlari eksportida pasayish kuzatilgan. Panmediyaning eng murakkab davrida 1 million dollarga teng eksport qilingan bo‘lsa, hozir bu qiymat 6 million dollarga yetkazilgan.

«Pandemiya davrida himoya vositalarini ishlab chiqarishni keskin oshirish vazifasi ham qo‘yildi. Shu davrda himoya niqoblari, himoya kiyimlarini ishlab chiqarish miqdori oshdi. 

Bu borada eksport ham yo‘lga qo‘yildi. Kuni kecha Kuvayt davlatiga 2 milliondan ortiq niqoblar yuborildi», dedi u.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda kuniga 10 million dona tibbiy niqob ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Talab darajasiga qarab kuniga 6 million dona niqob ishlab chiqarilmoqda.

Mavzuga oid