Skripallarni zaharlashda ishlatilgani aytilgan «Nukus zahri» chindan ham mavjudmi?
The Sunday Times nashri Rossiya markaziy razvedka boshqarmasi (GRU) sobiq ofitseri Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning boshqa ismlar bilan ayni damda Yangi Zelandiyada yashayotgani haqida xabar tarqatdi. Ota-qiz atrofidagi voqealar 2018 yildan buyon butun dunyo OAVlari nigohida bo‘lib kelmoqda.
Ha, 2018 yilda dunyodagi eng shov-shuvli va mojaroli voqealarning biri Buyuk Britaniyaning Solsberi shahridagi ota-qiz Skripallarning zaharlanishi bo‘ldi.
Rasmiy London Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning zaharlanishida Moskvaning qo‘li borligini ta'kidlab, Kremlni kimyoviy qurol to‘g‘risidagi konvensiyani buzganlikda aybladi va uning ortidan qator g‘arb davlatlari Rossiyaga sanksiyalar joriy qildi, ya'ni 150 nafardan ortiq rossiyalik diplomatlarni chiqarib yubordi, Rossiya ham xuddi shunday javob choralari qo‘lladi, munosabatlar esa ancha taranglashdi.
Rossiya rahbariyati kimyoviy qurollarni ishlab chiqarish 1990 yillarda to‘xtatilgani va 2017 yilda barcha kimyoviy qurollar yo‘q qilinganini ta'kidlab, London qo‘ygan barcha ayblovlarni rad etib, dalillar yo‘qligini iddao qildi.
Skripallarning zaharlanishi bo‘yicha birinchilardin bo‘lib xabar tarqatgan Bi-bi-si ushbu zaharlovchi moddaning sobiq Ittifoqda ishlab chiqilgan harbiy asab-falajlash agenti – «Novichok» ekanini ta'kidlab, uning O‘zbekistonda, ya'ni Nukus (Ustyurt)da sinovdan o‘tkazilganiga urg‘u berdi. Dunyoning yana bir nechta OAVlari ham shu faktga e'tibor qaratdi, ba'zilari uni «Nukus zahri» yoki «o‘zbek zahri» deya atadi.
Bu modda qayoqdan paydo bo‘ldi?
Bi-bi-siga ko‘ra, «Novichok» SSSRda Organik kimyo va texnologiya davlat ittifoq ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan. Ushbu zaharli moddalarni ishlab chiqish dasturi «Foliant» deb nomlangan.
Solsberidagi voqea bo‘yicha surishtiruv olib borgan The Times nashri moddaning Saratov yaqinidagi Shixani shahrida joylashgan harbiy ilmiy-tadqiqot bazasida ishlab chiqarilganini ma'lum qilgandi.
«Novichok» to‘g‘risida ilk ma'lumot 1992 yilda «Moskovskiy novosti» gazetasida «Zaharlangan siyosat» deb nomlangan maqolada e'lon qilingan. Maqola mualliflari – Organik kimyo va texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti sobiq xodimi Vil Mirzayanov va Rossiya Fanlar akademiyasining Geokimyo va analitik kimyo instituti yetakchi ilmiy xodimi Lev Fedorov edi.
Shu maqoladan so‘ng Mirzayanov davlat sirini fosh qilganlikda ayblangan, lekin keyinchalik olimlarning harakatida jinoyat alomatlari topilmagach, ish tugatilgan.
Mualliflarning ushbu maqolasida («Moskovskiy novosti» gazetasi, 1992 yil 20 sentabr, 38-son) xavfli qurolning O‘zbekistonda, ya'ni Nukusga yaqin joyda Ustyurtda sinovdan o‘tkazilgani, sinov poligoni 1992 yilda faoliyatini to‘xtatgani aytiladi.
Rossiya tomoni Skripallarni zaharlagan moddaning aynan AQShda ishlab chiqarilganini e'lon qilgan. Keyinchalik ushbu modda Chexiyada ham ishlab chiqilgani ma'lum bo‘ldi.
Moddaning xavflilik darajasi qanday?
Vil Mirzayanov va Lev Fedorovning «Moskovskiy novosti» gazetasidagi maqolasida ta'kidlanishicha, Organik kimyo va texnologiya davlat ittifoq ITIda yaratilgan yangi zaharlovchi moddadan zaharlangan odam qaytib tuzalmaydi va bir umr nogiron bo‘lib qoladi.
Ushbu zaharlovchi modda asosida kimyoviy qurol ham yaratilgan, qurolni yaratuvchilar esa yuqori darajada mukofotlangan.
«Zaharlanishning oqibatlari o‘nlab yillar davom etadi. Agar modda tanaga ozgina miqdorda kirsa ham, uning oqibatlari uzoq davom etadi», deydi Mirzayanov Bi-bi-si`ga bergan intervyusida.
OAV ma'lumotlariga ko‘ra, «Novichok» bilan «Kruglyy stol biznesa Rossii» jamoat birlashmasi asoschisi, yirik bankir Ivan Kivelidi ham raqiblari tomonidan zaharlanib o‘ldirilgan.
Buyuk Britaniyaning Eymsberi shahrida 2018 yil 8 iyulda vafot etgan Don Sterjyessning o‘limiga ham «Novichok» sababchi bo‘lgani aytiladi.
Solsberida GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlashda qo‘llangan hamda atir idishida bo‘lgan asab-falajlovchi modda miqdori 4 ming kishini o‘ldirish uchun yetarli bo‘lgani dunyo OAVlarida keng yoritildi.
Xavfsizlik sohasidagi manbalar moddaning yuz foiz «Novichok» bo‘lganini tasdiqladi. Uning tarkibi XX asr o‘rtalarida amiton asosida yaratilgan zaharlovchi moddalarga qaraganda 5-8 marta zaharliroqdir.
«Novichok» (Nukus zahri yoki o‘zbek zahri) nega shunday nomlangan va u Ustyurtda sinovdan o‘tkazilganmi?
«Novichok» deb nomlanuvchi zaharlovchi moddaning nima uchun shunday atalgani to‘g‘risida aniq ma'lumot yo‘q va uning Ustyurtda sinovdan o‘tkazilgani to‘g‘risida ham aniq dalil mavjud emas.
Bu nom g‘arb OAVlaridan kirib kelgani aytiladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi spikeri Mariya Zaxarova «Rossiya 24» telekanaliga bergan intervyusida shunday fikrni ilgari surgan.
«Sobiq Ittifoq va Rossiya hududida va davrida ham «Novichok» deb to‘g‘ri yoki kod bilan nomlanuvchi tadqiqotlar o‘tkazilmagan. U patentlanmagan, ramz, shifr yoki kod sifatida ishlatilmagan. Hech qachon SSSRda ham, Rossiyada ham «Novichok» so‘zi kimyoviy elementlarning rivojlanishi nuqtayi nazaridan ishlatilmagan. Bu so‘z G‘arbda kimyoviy elementlar va toksik ta'sir ko‘rsatadigan materiallarga nisbatan nom sifatida ishlatilgan va qo‘llanilgan» degan u.
Zaxarovaning fikricha, o‘tgan asrning 90-yillarida Rossiyadan ko‘plab olimlar xorijga chiqib ketgan; nafaqat chiqib ketgan, balki o‘zlari bilan shug‘ullangan texnologiyalarini ham olib ketgan hamda g‘arbdagi olimlar bilan yangi ishlanmalarini amalga oshirgan. Shunday ishlanmalarining birini «Novichok» deb atagan.
Modda O‘zbekistonda, ya'ni Qoraqalog‘istondagi Ustyurt sahrosida sinovdan o‘tkazilgan deb e'lon qilingandan keyin xorijiy OAVlarda «Nukus zahri» yoki «o‘zbek zahri» deb qo‘llanilgan.
1984-1988 yillarda Nukusdagi harbiy qismlar majmuasining kimyoviy qurollardan himoyalanish vositalarini yaratish markazi (26382-sonli harbiy qism)da xizmat qilgan zaxiradagi polkovnik Viktor Abramov ham to‘rt yarim yil kimyoviy qurollar sinovini o‘tkazishda ishtirok etganini ta'kidlab, biron marta bo‘lsa ham «Novichok» so‘zini eshitmaganini ma'lum qiladi.
Biz u bilan elektron pochta orqali gaplashdik.
«Bizda bunday nom yo‘q edi. Kimyoviy qurollardagi barcha sinov retseptlari kodlangan, masalan «P-nn» deb qo‘llanardi, bu yerda «nn» – retsept raqamini anglatadi» – deydi u.
Ba'zi xorijiy OAVlar modda go‘yoki Qoraqalpog‘istondan olib kelinganiga shama qilgan.
Qoraqalpoq davlat universiteti professori, biologiya fanlari doktori Gaffar Asenov esa Buyuk Britaniyadagi asab bilan zaharlanish mojarosiga javoban, moddaning Qoraqalpog‘istondan bo‘lishi mumkin emasligini aytdi.
90 yoshdan oshgan Asenov butun umri davomida Orolbo‘yi hududini tadqiq qilib kelgan.
– 1992 yilda, taxminan yarim yil davomida boshqa mutaxassislar qatori men ham Oroldagi poligonni zararsizlantirishda bevosita ishtirok etdim. Aytishim kerak, biz hech qanday konteyner yoki ularning izlarini topmadik. Bugungi kunga qadar biz nafaqat laboratoriyalar joylashgan joylardan, balki boshqalardan ham sinovlarni o‘tkazmoqdamiz, bunda brutsellyoz, vabo va kuydirgi shtammlari mavjudligiga alohida e'tibor berilmoqda. Biz ularni topa olmadik, – deya olimning so‘zlarini keltiradi centre1.com sayti.
Gaffar Asenov ushbu ma'lumotlarni bizga ham tasdiqladi.
– Ustyurtdagi poligonda «Novichok» sinovdan o‘tkazilganini men eshitmaganman va u yer hozir xavfdan xoli, – dedi u.
Ustyurtdagi kimyoviy qurollar sinovi qanday kechgan?
Vil Mirzayanov «Novichok»ni Nukusning qoshidagi Ustyurtda sinovdan o‘tkazilgan, deydi. Aslida Ustyurtdagi poligon Nukusga kamida 400 km olisda.
U joyga shaxsan o‘zim ikki marta borib ko‘rdim. Eski texnikalar, mashina, hattoki samolyot qoldiqlari ham turgan edi.
U joyni Ustyurt aholisi «taqiqlangan zona» yoki «40x40» (qirqqa qirq) deb nomlashadi. Shuning o‘zidan ma'lumki, poligon zonasi 40x40 km.ni qamrab olgan. Har bir kilometrda 5-6 metr keladigan tosh ustunlar turibdi. Jasliq qishlog‘idan poligon zonasigacha beton yo‘l yotqizilgan. Odamlar uning armaturasini olish uchun sindirishgan. Bir vaqtlari tashlab ketilgan ko‘mirlarni hamon odamlar tashiyotgan shekilli, har joyda xaltalarga solingan ko‘mirlarni ko‘rdik. Shaxsan o‘zim pulemyotning stvolini, patron qoldiqlarini va shoxlari kesilgan sayg‘oq kallalarini ko‘rdim.
Hozir bu joy «Saygachiy» majmua landshafti qo‘riqxonasi hududi sanaladi. Hududga kirish 2015 yildan taqiqlangan.
O‘tgan asrning 80-yillarda bu joyda, ya'ni Ustyurtning janubi-sharqiy qismida (Jasliq qishlog‘i yaqinida) kimyoviy qurollar va ularga qarshi himoya vositalarini sinash uchun mo‘ljallangan «Sakkizinchi kimyoviy mudofaa stansiyasi» harbiy o‘quv poligoni tashkil qilingan. Bu yerda avval biologik qurollar sinalgan. Keyin biologik qurollar sinovi Orol dengizi o‘rtasidagi Vozrojdeniye oroliga ko‘chgan va o‘rni kimyoviy qurollar sinaladigan poligonga aylantirilgan.
Poligondagi ishlar Nukusdagi harbiy qismlar majmuasi – «23 Gosudarstvennyy nauchno-issledovatelskiy poligon (23 GNIP)» tomonidan boshqarilgan. GNIP – «8 Tsentr po obucheniyu voysk zashchite ot zajigatelnogo orujiya veroyatnogo protivnika» (8 TsOVZZOVP) deb ham nomlangan.
SSSR tarqab, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan keyin poligon faoliyati tugatildi. Harbiylar Rossiyaga olib ketildi. Nukusdagi harbiy qismlar majmuasi o‘rnida O‘zbekiston harbiy kuchlari faoliyat boshladi.
GNIP ikkita harbiy qismlardan – kimyoviy sinov polki (44105-sonli harbiy qism) va kimyoviy qurollardan himoyalanish vositalarini yaratish markazi (26382-sonli harbiy qism)dan tashkil topgan edi.
Ustyurtdagi poligonda, 26382-sonli harbiy qismda xizmat ko‘rsatgan Viktor Abramov chitalnaya.ru saytida o‘z memuarlarini joylashtirgan. «Nukus. Saygaki» povestida aynan Ustyurtdagi kimyoviy qurollarni sinovdan o‘tkazadigan harbiy poligonda to‘rt yarim yillik harbiy xizmati mobaynida 3 marotaba bo‘lganini va ko‘rgan-bilganlarini yozgan.
Unga ko‘ra, sinov maydoni «B» deb nomlangan. «A» maydoni esa Nukusdagi harbiy qism. «V» esa Orol dengizining g‘arbiy qismi Ustyurt chinki etagidagi harbiylarning yashaydigan bazasi.
«O‘tloq maydonning shamol tomonida maxsus uskunalarga o‘rnatilgan snaryadlar portlatilardi. Portlash paytida undan zaharlovchi modda sochilar edi va osmonda zaharlangan bulut hosil bo‘lib, shamol bo‘ylab tarqalar edi. Ba'zida snaryadlar uskunalardan portlatilmagan, balki miltiqlardan, gaubitsalardan va minometlardan otishma bo‘lgan.
Buning uchun Jasliqqa temir yo‘l orqali eshelonda qayerdandir artilleriya vzvodi kelib, pozitsiyalarga joylashib, poligon maydoni tomondagi nishonlarga otar edi.
Kimyoviy qurol samolyot orqali sochilardi. Samolyotdan sochilganda osmonda kamalakli ajoyib bulut hosil bo‘lar edi, lekin bu ko‘rinishi ajoyib bo‘lgani bilan o‘ta xavfli zahar edi.
Bir yili qish ertaroq keldi. Biz odatda kun sovuq bo‘lgandan darhol amaliyotni to‘xtatar edik. Sababi, shimoldan minglab sayg‘oqlar to‘dasi kelar edi. Sayg‘oqlar kelishidan bir necha kun avval sinovni to‘xtatmasak, ular zahardan qirilib ketishi mumkin va shunday ham bo‘ldi. Sovuq erta tushib, sayg‘oqlar biz kutgandan ertaroq kelib qoldi. Hali poligon maydonida zahar ketmagan edi va oqibatida yuzlab sayg‘oqlar nobud bo‘ldi. Sayg‘oqlarni zonadan tashqarida o‘ra qazib ko‘mib tashladik», deya eslaydi V.Abramov.
Uning ta'kidlashicha, zahar nari borsa 10 kungacha xavfli bo‘ladi, keyin zararsizlanadi. Ko‘milgan sayg‘oqlar bo‘yicha ham shuni aytish mumkin. Amaliyot paytida hududning barcha tomoni jiddiy nazorat ostiga olingan, sababi biron odam yoki jonzot yaqinlashgudek bo‘lsa, shu joyda o‘lib ketishi aniq.
V.Abramov «V» maydoni to‘g‘risida ham to‘xtaladi. «V» maydoni – lager bazasi hisoblanadi. Dengizning yoqasi. Barcha kerakli oziq-ovqat va qurollar shu yerga yetkazildi. Harbiylar shu yerdan poligon maydoniga qatnardi. «V» maydonida buloq bor edi, suvi tuzliroq. Lekin ichsa bo‘ladi. Mabodo suv tugab qolgudek bo‘lsa, shu buloqning suvidan ichardik. Buloqdan kuniga 10-11 metr kub suv olinar edi. Sayg‘oqlar ham shu buloqdan suv ichardi», – deb yozadi Viktor Abramov.
Aytilayotgan manzilga biz ham borib ko‘rdik. Platodan pastga tushadigan beton yo‘l bor. Hanuzgacha harbiy qismga oid binolar saqlanib qolgan. Negadir platoning chinki portlatilgan.
Ayni paytda mazkur hudud «Saygachiy» majmua landshafti qo‘riqxonasiga tegishli. Hududga kirish taqiqlangan. Lekin xorijdan kelgan sayyohlar borib turishadi.
Bizningcha, shunday joylarni sayyohlik maqsadida ham targ‘ib qilgan ma'qul. Chunki bu joylarda sovuq urush davridagi eng qo‘rqinchli qurollar sinovdan o‘tkazilgan. Ustyurtning eng chiroyli kanonlari ham shu tomonlarda. Yana miloddan avvalgi V-IV asrlardan tortib, o‘tgan asrning 90 yillarigacha bo‘lgan juda qiziqarli tarixiy obektlarni uchratish mumkin.
Yesimqan Qanaatov, jurnalist
Mavzuga oid
17:38
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
20:13 / 24.12.2024