Jamiyat | 12:18 / 19.06.2020
7081
2 daqiqa o‘qiladi

«Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun ma'qullandi

Joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida 502ta brakonerlik holati aniqlangan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 520tani tashkil qilgan. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Shavkatjon Abdurazzoqov ma'lot berdi.

Senatning 5-yalpi majlisida «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Shavkatjon Abdurazzoqov ovchilik va baliqchilikdagi huquqbuzarliklar va ularning sabablari to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

«2018-2019 yillar va joriy yilning 5 oyi davomida brakonerlik holatlari ko‘p aniqlandi. Buni asosan davlat ekologik nazoratining kuchaytirilishi bilan bog‘liq hodisa deb baholasa bo‘ladi. Joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida 502ta holat aniqlangan bo‘lsa, o‘tgan yilga nisbatan kamayishiga erishilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 520tani tashkil etgan», deya Shavkatjon Abdurazzoqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘mita raisi huquqbuzarliklarning oldini olish choralari haqida gapirdi.

«O‘tgan yilning o‘zida «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi Kodeksning 10ta moddasiga o‘zgartirishlar kiritilib, jarima miqdorlari oshirildi. O‘tgan yilga nisbatan ovchilik, brakonerlik holatlari o‘sishi aniqlanmagan bo‘lsada, lekin unga solingan jarimalar miqdori 5 baravarga oshirildi. Joriy yilning may, iyun oylari «Brakonerlikka qarshi kurash oylari» deb e'lon qilinib, qo‘mita va hamkor tashkilotlar tomonidan bunday holatlarning oldini olish choralari ko‘rilyapti», dedi Shavkatjon Abdurazzoqov.

«Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunni ma'qullash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Mavzuga oid