O‘zbekiston | 16:31 / 22.06.2020
4184
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusga test topshirganlar soni 1 milliondan oshgan

O‘zbekistonda so‘nggi bir kunda 17 mingdan ortiq test sinovi o‘tkazilgan va shu vaqtgacha test qilinganlar soni 1 milliondan oshiqni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Botirjon Qurbonov ma'lum qilindi.

Agentlik rasmiysi AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilishicha, so‘nggi bir kunda O‘zbekistondagi virusologik laboratoriyalarda 17 600ta, epidemiya mavsumi davomida 1 038 575ta test sinovi o‘tkazildi.

Ma'lum qilinishicha, ayni vaqtda shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarning 3 nafari o‘ta og‘ir, 15 nafari og‘ir, 125 nafari o‘rta og‘ir ahvolda. Qolgan bemorlar qoniqarli holatda, shuningdek, 68 kishida pnevmoniya aniqlangan.

Epidemik vaziyat noxush bo‘lgan hududlardan kelgan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 59 540 nafar fuqaro salomatligi ustidan tibbiy nazorat davom etmoqda. Jumladan, uy sharoitida — 36 655 nafar fuqaro, statsionar sharoitda — 22 885 nafar fuqaro karantinga olingan.

22 iyun kuni soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 6358taga yetgan. Shu vaqtgacha 4377 kishi tuzalgan, 19 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga barcha talablarga rioya qilgan holda hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari rahbarlari tomonidan imzolanadigan shartnoma asosida 2020 yil 1 sentyabrga qadar koronavirus infeksiyasini laborator tekshirish bo‘yicha pullik tibbiy xizmat ko‘rsatishlariga ruxsat berilgan.

Mavzuga oid