O‘zbekiston | 11:32 / 22.06.2020
7586
5 daqiqa o‘qiladi

Soliq monitoringini o‘tkazish tartibi e'lon qilindi

Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirishga oid ayrim nizomlar tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirishga oid ayrim nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

“Soliq monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom;

“Soliq organi va bank tizimi o‘rtasida elektron ma'lumot almashinuvi tartibi to‘g‘risida”gi nizom;

“Davlat boji va boshqa yig‘imlarni undiradigan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat boji va boshqa yig‘imlarning budjet tizimiga tushumlarini hisobga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlanadi.

Soliq monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, soliq organining vakolatli mansabdor shaxslari va yuridik shaxs soliq monitoringi ishtirokchilari hisoblanadi.

Soliq monitoringi soliq to‘lovchiga nisbatan davlat soliq organlari tomonidan, yirik soliq to‘lovchilarga nisbatan esa – Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Soliq (hisobot) davri uchun soliq monitoringi o‘tkazilayotgan bo‘lsa, bunday davr uchun kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.

Soliq monitoringini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bosqichida soliq organi tomonidan tushuntirish ishi o‘tkaziladi, uning doirasida soliq to‘lovchiga qonun hujjatlari bilan bilan tasdiqlangan talablar va soliq monitoringini o‘tkazish tartibi tushuntiriladi.

Har bir soliq to‘lovchi faoliyatining va tuzilmasining noyobligini va o‘ziga xosligini inobatga olgan holda, soliq organining mansabdor shaxslari soliq to‘lovchining axborot tizimlari bilan birlamchi tanishib chiqadi, so‘ngra soliq monitoringini o‘tkazish rejasi va metodologiyasini ishlab chiqadilar.

Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida ariza soliq to‘lovchi tomonidan hisobda turgan joydagi soliq organiga yozma va (yoki) soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda, Nizomning 1–ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etiladi.

Hisobda turgan joydagi soliq organi soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida arizani va unga biriktirilgan hujjatlarni davlat soliq organlariga, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha esa – Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasiga ko‘rib chiqish uchun yuboradi.

Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida arizada quyidagilar ko‘rsatiladi:

soliq to‘lovchining nomi va identifikatsiya raqami;

joylashgan yeri manzili (pochta manzili);

yillik moliyaviy hisobot ma'lumotlari bo‘yicha oldingi yil uchun daromadlar miqdori;

taqdim etiladigan ma'lumotlarning to‘g‘riligini tasdiqlaydigan soliq to‘lovchi rahbarining (soliq to‘lovchi vakilining) lavozimi, familiyasi, ismi, sharifi.

Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida ariza bilan quyidagilar taqdim etiladi:

soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida ariza taqdim etgan yuridik shaxsda bevosita va (yoki) bilvosita ishtirok etadigan hamda bunday ishtirok ulushi 25 foizdan ortiqni tashkil etadigan jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risidagi axborot;

axborotga doir hamkorlik reglamenti;

soliq solish maqsadi uchun amaldagi hisob siyosati.

Soliq kodeksi 171–moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida ariza taqdim etgan soliq to‘lovchi soliq organi tomonidan soliq monitoringini o‘tkazish yoki uni o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar o‘zining arizasini Nizomning 2–ilovasiga muvofiq shaklida yozma yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabinet orqali elektron ariza asosida chaqirib olishi mumkin.

Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida ariza soliq organi tomonidan uni o‘tkazish to‘g‘risida yoki uni o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar qaytarib olingan taqdirda taqdim etilmagan deb hisoblanadi.

Mavzuga oid