O‘zbekiston | 15:18 / 27.06.2020
27074
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident: «To‘g‘ri gapni gapirgan odam – islohotlarga xayrixoh»

Namangan shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar, yoshlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etyapti.

– Keyingi paytlarda an'anaga aylanganidek, bir-birimiz bilan ochiqcha gaplashib, muammolarni mahallalardan boshlab tumanlar miqyosida o‘rtaga tashlasak, shu asosda bir yilga reja qilib olsak, o‘ylaymanki, ushbu yig‘ilishimizdan ko‘zlangan natijaga erishamiz. Eng katta maqsad-muddaomiz – odamlarni rozi qilish. Shu bois bugun viloyat faollari, har bir tuman mutasaddilari o‘zlarining takliflarini berishi kerak. Kelgusi yilga qanday rejalar qilamiz, qanday imkoniyatlarimiz bor, bugun shularni gaplashamiz, – dedi davlat rahbari.

Prezident joylarda yutuqlar borligini, o‘zgarishlar bo‘layotganini, lekin bular hali bizning olgan marralarga mos emasligini ta'kidladi.

– To‘g‘ri gapni gapirgan odam – islohotlarga xayrixoh. Achchiq gaplardan to‘g‘ri xulosalar chiqarib yo‘limizni topib olishga harakat qilsak, eng katta marramiz shu bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda eskicha tushunchada qolib ketgan rahbarlar yo‘q emasligi qayd etildi. Pandemiya sharoitida yuzaga kelgan inqiroz paytida iqtisodiyotni tiklash juda og‘ir masala ekani, bu joylardagi ijro organlari mutasaddilaridan katta mas'uliyat talab qilishi ta'kidlandi. Namangan viloyatini rivojlantirish bo‘yicha eng maqbul yo‘lni topib, iqtisodiyotni yurgizish, ish o‘rinlari yaratib, aholining bandligini ta'minlash eng katta masala bo‘lib qolayotgani aytib o‘tildi.

Uchrashuvda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, soha va tarmoqlarda yangi loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan vazifalar belgilandi, deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid