O‘zbekiston | 17:24 / 01.07.2020
17470
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident nochor oilalarni sud bojidan ozod etishni taklif qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektorda odil sudlov ta'minlanmagan, korrupsiya avj olgan davlatga hech qanday tadbirkor, investorda ishonch bo‘lmasligi haqida gapirdi.

Davlat rahbari aholidan kelib tushgan murojaatlarning 8 mingdan ortig‘i yoki 44 foizida sudlarda ish to‘liq va xolis ko‘rilmayotgani, uzoq muddat cho‘zilayotganini aytib o‘tdi. Xususan, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlarida aholining aksariyat qismi sudlar faoliyatidan norozi. Qorovulbozor va Xovos tumanlarida oylab sud ishlari ko‘rilmagan. Bundan tashqari, tuman va viloyat iqtisodiy sudi chiqargan qarorlar yuqori sudda o‘zgarayotgani, tadbirkor va investorlar sarson bo‘layotganidan dalolat beradi.

«Bunaqada bizga kim ham ishonardi? Hech kim!», degan prezident.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, yig‘ilishda 20 million AQSh dollardan ortiq mablag‘ kiritgan investorlar faoliyatida sud jarayoni bilan bog‘liq muammo kuzatilgan taqdirda, ishni to‘g‘ridan to‘g‘ri Oliy sudda ko‘rish, nochor oilalarni sud bojidan ozod qilish taklif qilindi. Shuningdek, har bir viloyat sudida axorot xizmati faoliyatini tashkil qilishga ehtiyoj sezilayotgani ma'lum qilindi.

Prezident sud tizimini isloh qilish haqida gapirarkan, kelgusida biror bir sudyani hududlarda vakolati doirasidan tashqarida bo‘lgan ishlarga jalb qilmaslik talabini qo‘ydi. Ta'bir joiz bo‘lsa, shu vaqtga qadar sudyalar qishloq xo‘jalik ishlariga ham jalb qilingani haqida gapirdi.

Ayni vaqtda mamlakatda sudyalarning 14 foizi xotin-qizlar hisoblanadi. Prezident ushbu sohada ham gender tengligiga e'tibor qilish taklifini bildirgan.

Mavzuga oid