Jamiyat | 18:50 / 01.07.2020
30418
10 daqiqa o‘qiladi

«Terminal» filmining o‘zbekcha talqini yoxud mantiqsizlik mahkumasi

2004 yilda Hollivud kinoijodkorlari tomonidan ishlangan «Terminal» filmini ko‘pchilik tomosha qilgan bo‘lsa kerak. Filmning bosh qahramoni Viktor Navorskiy Nyu-York shahriga uchib kelib, ma'lum sabablarga ko‘ra o‘z vatani Krakoziyaga keta olmay qoladi. AQShga ham kira olmaydi, oqibatda bir necha oy davomida aeroportda arosatda qolib ketadi. Bugungi hikoyamiz qahramonining qismati ham ana shu filmda hikoya qilingan hodisalarni yodga soladi.

Qarshi shahrida yashovchi Mamadaliyeva Intizor Muxamedovna 1976 yilda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatida tug‘ilgan. Millati o‘zbek, ma'lumoti oliy, oilali, uch nafar voyaga yetmagan farzandning onasi, oila a'zolarining barchasi O‘zbekiston Respublikasining to‘laqonli fuqarolari.

I.Mamadaliyevaning so‘zlariga ko‘ra, u 1992 yil 12 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasida o‘qish va doimiy istiqomat qilish maqsadida o‘sha paytdagi doimiy manzili – O‘sh viloyati Qorasu tumani Savay qishlog‘i, Qizil Sharq uchastkasidan propiskadan chiqqan hamda Samarqand shahar Kooperativ institutiga o‘qishga kirish maqsadida Samarqand shahar Dahbet ko‘chasi 237-uyda joylashgan yotoqxonada doimiy yashay boshlagan. Institutga o‘qishga kirgani munosabati bilan 1992 yil avgust oyida Dahbet ko‘chasi 237-uyga propiskaga kirgan. Institutni 1997 yilda tugatgan. 1998 yilda O‘zbekiston fuqarosi I.Ishnazarovga turmushga chiqishi munosabati bilan Qarshi shahriga ko‘chib ketgan. 2000 yil 2 yanvar kuni Qarshi shahar IIB tomonidan rasmiylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini olgan. 25 yoshga to‘lgani munosabati bilan 2001 yil 31 iyul kuni yangi fuqarolik pasportini olgan. 2012 yilda uni yo‘qotib qo‘ygani sababli qayta pasport olishga murojaat qilgan va shundan so‘ng hammasi ostin-ustun bo‘lib ketgan.

Uning yo‘qolgan pasportini tiklash bo‘yicha murojaatidan so‘ng u fuqarolik pasporti va O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini noqonuniy olganlikda gumon qilinadi. Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yakunda ish sudda ko‘rib chiqiladi.

Sud I.Mamadaliyevani 1992 yil 20 may kuni Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyati, Qorasu tuman IIBdan sobiq ittifoq fuqaroligi pasportini olib, 1992 yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Samarqand shahri Kooperativ instituti yotoqxonasi, ya'ni Dahbet ko‘chasi 237-uyda vaqtinchalik ro‘yxatda turib, O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi Qonun talablariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa-da, noqonuniy ravishda Qarshi shahar IIB pasport bo‘linmasi boshlig‘i M.S. bilan bir guruhga birlashib, oldindan jinoiy til biriktirib, 2000 yil 2 yanvar kuni Qarshi shahar IIB pasport bo‘linmasidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini olishga erishgan hamda mazkur fuqarolik pasporti qalbaki ekanligini bila turib, undan 2012 yil avgust oyiga qadar foydalanib kelgan, deb topgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2013 yil 18 yanvardagi hukmiga ko‘ra, I.Mamadaliyeva O‘zbekiston Respublikasi JKning 228-moddasi ikkinchi qismining «b» bandi va 228-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilgan deb topilib, Oliy Majlis Senatining 2012 yil 5 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida» qarori qo‘llanib, jazodan ozod qilingan. Mazkur hukm bilan I.Mamadaliyevani O‘zbekiston Respublikasidan deportatsiya qilish belgilanadi.

I.Mamadaliyevaning sud hukmiga apellyatsiya tartibida kiritgan shikoyati viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib (2013 yil 26 fevral) sud hukmi o‘zgartirishsiz qoldiriladi.

Oradan yillar o‘tib, I.Mamadaliyevaning deportatsiya chorasini bekor qilishni so‘rab nazorat tartibida Oliy sudga yo‘llagan shikoyati sud qarorlarini nazorat tartibida ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risidagi ajrim bilan qanoatlantirishdan rad etiladi

«1992 yil 12 iyundayoq Qirg‘izistondagi yashash joyimdan propiskadan chiqib ketganman. Bu haqida O‘sh viloyati Qorasu tumani IIB tomonidan yuborilgan 2019 yil 2 sentyabrdagi 23-34\1750-sonli javob xati, manzilgohlar byurosi ma'lumotnomasi, arxiv hujjatlari hamda Qorasu tumani Savay qishlog‘i boshqarmasining 2015 yil 11 dekabrdagi 5319-sonli ma'lumotnomalari berilgan. 1992 yilda Qirg‘izistondan butunlay chiqib ketganman. Qirg‘iziston fuqarosi ham hisoblanmayman. Shu holatda meni qanday qilib Qirg‘izistonga deportatsiya qilishlari mumkin? Sud hukm chiqarayotganda nahotki shuni o‘ylab ko‘rmagan? Sud hukmida deportatsiya qilinsin, deyilgani bilan Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lmaganim uchun, tabiiyki, Qirg‘iziston tomoni meni qabul qilib olishdan bosh tortdi. Natijada, fuqarolik maqomiga ega emasligim sababli ko‘plab huquqlarim cheklandi. Deportatsiya tamg‘asi o‘laroq fuqaroligi bo‘lmagan shaxs sifatida yashash guvohnomasini ham berishmayapti. Ikki o‘rtada havoda muallaq qolib ketgandayman», deya hasrat qiladi Intizor Mamadaliyeva.

Aniqlanishicha, I.Mamadaliyeva 2020 yil mart oyida fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini rasmiylashtirib berishlarini so‘rab, Ichki ishlar vazirligiga murojaat yo‘llagan.

Murojaat Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilib, unda jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2013 yil 18 yanvardagi hukmida I.Mamadaliyevani O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish masalasi Qarshi shahar IIB mas'ul xodimlariga yuklatilganligi, biroq Qirg‘iziston Respublikasining tegishli vakolatli organlari tomonidan yuborilgan 16.05.2013 yildagi va 02.09.2019 yildagi javob xatlarida I.Mamadaliyeva Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi emasligi hamda pasport ro‘yxatida turmasligi ma'lum qilingani aytiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi Qonunining 11-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida yashab turgani holda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan va chet davlat fuqaroligiga mansubligini isbotlaydigan dalillari bo‘lmagan shaxslar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar deb hisoblanishi ko‘rsatilgani tufayli I.Mamadaliyeva tekshiruv natijalariga kura, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblanishi sababli, jinoyat ishlari buyicha Qarshi shahar sudining 18.01.2013 yildagi hukmida ko‘rsatilgan I.Mamadaliyevani O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish masalasi qayta ko‘rib chiqilib, uning respublika hududida qolishi maqsadga muvofiq deb topilganidan so‘ng, Qarshi shahar IIO FMB tomonidan belgilangan tartibda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi rasmiylashtirib berilishi ma'lum qilingan.

Bundan tushunish mumkinki, Qarshi shahar IIO FMB sud hukmidagi deportatsiya chorasi bekor qilingan taqdirdagina I.Mamadaliyevaga fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini rasmiylashtirib beradi.

Oliy sud esa hukmni hali beri o‘zgartirib berish niyatida emas. I.Mamadaliyevaning sud hukmining deportatsiya qilishga oid qismini o‘zgartirib berishni so‘rab qayta yo‘llagan murojaati ham yana bir bor rad etilgan.

Shunday qilib, I.Mamadaliyeva na deportatsiya qilingan va na fuqaroligi bo‘lmagan shaxs sifatida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan. Hikoya qilganlarimizning filmdagidan farqi shundaki, uch nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining onasi bo‘lgan ayol - I.Mamadaliyeva aeroportda emas, vatan ichra bevatan bo‘lib qolmoqda.  

Vaholanki, «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi Konunning 6-moddasini inobatga olsak, I.Mamadaliyeva allaqachon O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lishi kerak edi. Ammo, inson taqdiriga befarq bo‘lgan mulozimlar tufayli o‘zining Qonun bilan berilgan huquqlaridan ham foydalana olmayapti.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: oilali, uch nafar voyaga yetmagan farzandning onasi bo‘lgan ayolni oilasidan ajratib, farzandlarini onasiz qoldirish sud hukmi chiqarilayotgan vaqtda kimga kerak bo‘lgan ekan?

Afsuski, bir inson taqdiri ikki enlik satr sabab arosatda qolmoqda.

Taqdir yozig‘i, tergov va sud idoralarining ayblovlariga ko‘ngan I.Mamadaliyeva hech bo‘lmaganda sud hukmidagi deportatsiya qo‘llash to‘g‘risidagi choraning olib tashlanishidan umidvor. Bunga erishish ilinjida u Oliy sudga takroriy murojaat yo‘llamoqchi.

Ma'lumot uchun: 2020 yil 13 martda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, 1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o‘tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar (2020 yil 1 aprel) fuqaroligi bo‘lmagan hamda O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

Mazkur masalaga mutasaddi idoralar yana bir bor jiddiy e'tibor qaratib, arosatda qolgan vatandoshimizning taqdiriga befarq bo‘lmaydilar, deb umid bildirib qolamiz.

Abbos Salaydinov
Dilshod Abduqodirov

Mavzuga oid