O‘zbekiston | 14:20 / 06.07.2020
5132
2 daqiqa o‘qiladi

Yosh ijodkorlarning Zomin seminari onlayn tarzda o‘tkazilmoqda

2017 yili qayta tiklangan yosh ijodkorning Zomin seminari an'anaviy tarzda so‘lim tog‘lar bag‘rida o‘tkazilib kelinar edi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘p ishlar ortga surildi, to‘xtab qoldi, shaklini o‘zgartirdi. Ijodkorlar ham bu yil Zominga bora olishmadi. Ammo yurtimiz hududlaridan 58 nafar yosh ijodkorning qo‘lyozmalari seminar uchun bir necha oy davomida saralangan.

Foto: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

«Shu bois bugun – 2020 yilning 6 iyul kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat hokimligi bilan hamkorlikda yosh ijodkorlarning an'anaviy «Zomin qaldirg‘ochlari» seminarini masofaviy tarzda bo‘lsa-da tashkil etdi», — deb xabar berdi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati rahbari Fozil Farhod.

Seminar avvalida bir guruh yozuvchi-shoirlar Adiblar xiyobonida bo‘ldi. Ular Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yib, shoir ruhiga hurmat bajo keltirdi. Ochilish marosimida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev «Zomin qaldirg‘ochlari» seminari qatnashchilarini masofadan turib tabrikladi.

Seminar ayni soatlarda Yozuvchilar uyushmasida «ZOOM» dasturi orqali onlayn tarzda bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari, Jizzax viloyati hokimligi vakillari, yosh ijodkorlar qatnashmoqda.

Foto: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Shunisi quvonarliki, bu yil Zomin seminarida ilk bora Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ham yosh ijodkorlar ishtirok etyapti. Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Afg‘onistondan 12 nafar qalamkash she'riyat yo‘nalishida qatnashyapti.

O‘tkazilayotgan seminarda turli hududlarda yashab ijod qilayotgan yosh iqtidor egalari aniqlanadi. Ularning ijodi qo‘llab-quvvatlanadi. Ustoz yozuvchi-shoirlar tavsiyasi asosida eng sara qo‘lyozmalar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining «Birinchi kitobim» loyihasiga tavsiya etiladi.

Mavzuga oid