O‘zbekiston | 15:32 / 10.07.2020
29287
2 daqiqa o‘qiladi

Dezinfeksiya qilish foydasizmi? Davlat bosh sanitariya inspektori izoh berdi

Dezinfeksiya qilishning samarasini hech kim muhokama qilishi mumkin emas. Aynan shu choralar bois, mamlakatda mavsumiy kuzatiladigan ayrim kasalliklarga chalinish holatlari keskin kamaydi. O‘zbekiston davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov AOKAda bo‘lib o‘tgan tadbirda shunday bayonot berdi. 

U Kun.uz muxbirining savoliga javob berar ekan, “dezinfeksion vositalarning samaradorligini muhokama qilishga hech kimning haqi yo‘q”ligini ta'kidlagan. 

“Dezinfeksiya qilish choralari foyda beradimi? Chunki, qator xorijiy ekspertlar bunday choralar samarasiz ekanini ta'kidlashmoqda”, - deya savol bilan murojaat qilgan jurnalist. 

“Dezinfeksion vositalarning samaradorligini muhokama qilishga hech kimning haqi yo‘q. Albatta, O‘zbekiston ob-havosi va iqlimini biz dezinfeksiya qila olmaymiz. 

Lekin ochiq joylar, bozorlar, yo‘laklar dezinfeksiya qilinishidan maqsad, odamlar u yerga tuflagani, kasallik qo‘zg‘atuvchilarning tushgani yoki odamlarning qo‘li bilan ushlagani yoki yurgani e'tiboridan dezinfeksiya qilinmoqda. 

Umuman, dezinfeksion vositalarni ishlatishdan asosiy maqsad kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlarni yo‘q qilish. Amaliyotda uchta usul bor: dezinfeksiya – kasallik qo‘zg‘atuvchi viruslar, bakteriyalar va zamburug‘larga qarshi ishlov berish. Dezinseksiya – bo‘g‘imoyoqlilarga qarshi ishlov berish. Derotizatsiya – kemiruvchilarga qarshi ishlov berish. Bu amaliyot, albatta, qo‘llanilishi kerak. 

Hozirgi kunda O‘zbekistonda ko‘plab kasalliklar bo‘yicha keskin kamayish holatlarini ko‘rayapmiz. Qator respirator kasalliklar, virusli gepatit-A turi, oshqozon-ichak kasalliklari keskin kamayib ketdi. Bularning barchasining tag zamirida o‘sha dezinfeksion ishlar samarasi yotibdi. Bularsiz hozirgidek barqaror muhitga aylana olmasdik.

Shu nuqtainazardan, o‘ylaymanki, dezinfeksion tadbirlar bundan keyin ham davom ettiriladi”,- deya javob bergan Nurmat Otabekov.

Mavzuga oid