O‘zbekiston | 10:42 / 10.07.2020
26503
3 daqiqa o‘qiladi

Moliya vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Jamshid Abruyev Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 9 iyuldagi qaroriga asosan Jamshid Ismailovich Abruyev Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Jamshid Abruyev

Jamshid Abruyev 1979 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek. Ma'lumoti oliy, 1999 yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti va 2004 yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetlarini tamomlagan.

U o‘z faoliyatini 2000 yilda Samarqand shahar Temir yo‘l tumani xalq ta'limi bo‘limi «Markazlashgan xisobxona» hisobchisi, bosh hisobchi o‘rinbosari lavozimida boshlagan. 2003 yilda Samarqand shahar, Temir yo‘l tumani hokimligi moliya bo‘limi «Budjet inspeksiyasi»ning 1-darajali iqtisodchisi bo‘lgan. 2004 yilda Samarqand viloyati, Toyloq tumani hokimligi moliya bo‘limi daromadlarni rejalashtirish va iqtisodiy tahlil qilish bo‘yicha 1-darajali iqtisodchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

2004 yildan 2012 yilga qadar Samarqand viloyat hokimligining Moliya boshqarmasi 1-toifali iqtisodchisi, yetakchi iqtisodchisi, bosh iqtisodchisi, bo‘lim boshlig‘i muovini lavozimlarini egallagan. Keyinchalik Toshkent viloyat hokimligi Moliya boshqarmasi Mulk tarkibida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik sub'yektlarida dividendlarni hisoblanishini va ishlatilishini nazorat qilish bo‘limi bosh hisobchi-eksperti sifatida ishlagan.

Moliya vazirligi tizimida 2012 yilda Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasining Umumiy o‘rta va maktabgacha ta'limni moliyalashtirish bo‘limi yetakchi iqtisodchisi sifatida boshlagan, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasi boshliq o‘rinbosari, 2017 -2018 yillarda vazirlik Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

U 2019 yil fevralidan buyon Moliya vazirligi Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil mayidan Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Shohrux Shorahmetov 2020 yilning 3 iyulida Sog‘liqni saqlash vaziriga o‘rinbosar bo‘lgandi.

Mavzuga oid