O‘zbekiston | 15:59 / 14.07.2020
12676
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijdagi vatandoshlar yarim yil ichida O‘zbekistonga 2,4 mlrd dollar jo‘natishgan

2020 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonga yuborilgan transchegaraviy pul o‘tkazishlarning hajmi 2,4 milliard AQSh dollari miqdoriga teng bo‘lgan. Bu o‘tgan 2019 yilning shu davriga nisbatan 156 million dollar yoki 6 foizga kam, deb yozadi Markaziy bank.

Foto: Shutterstock

Chegara ortiga jo‘natilgan valuta mablag‘larining hajmi esa 427 million dollarni tashkil etgan. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 million dollar yoki 9 foizga kamroqligini ko‘rsatmoqda. Natijada, transchegaraviy pul o‘tkazishlar bo‘yicha ijobiy saldo 2 milliard dollar darajasida bo‘lgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 116 million dollar (5 foiz) ga kamroq bo‘lgan.

May oyida xalqaro pul o‘tkazish tizimlari orqali 485 million dollar kirib kelgan va aprel oyiga nisbatan o‘sish 1,9 barobarni yoki 235 million dollar ortiqchani tashkil etgan. Iyun oyida o‘zbekistonliklar vatanga 621 million dollar jo‘natishgan. Bu esa pul o‘tkazmalari hajmining ishonchli tarzda tiklanayotganidan darak beradi.

Iyun oyida Markaziy bank boshqaruvi transchegaraviy o‘tkazmalar oqimining tiklanishi «aholining iste'molchilik kayfiyatiga ijobiy ta'sir o‘tkazishi kerak»ligini qayd etgan edi. 

Mavzuga oid