O‘zbekiston | 14:40 / 14.07.2020
4749
2 daqiqa o‘qiladi

«Xususiy laboratoriyalarda test olish taqiqlangani yo‘q» – Oqilov

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Habibulla Oqilov xususiy tibbiyot muassasalarida koronavirusga test olishni taqiqlash bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmaganini ma'lum qildi.

«Xususiy klinikalar va laboratoriyalarda koronavirusga test olishni taqiqlovchi hech qanday ko‘rsatma bo‘lmagan. Aksincha, Sog‘liqni saqlash vazirligi PZR va immunoferment tahlillarini o‘tkazish mumkin bo‘lgan laboratoriyalar ro‘yxatini e'lon qildi. Ularning aksariyati Toshkentda joylashgan, lekin viloyat markazlarida ham laboratoriyalar mavjud.

Xususiy klinikalar doimiy rejimda muassasaning o‘zida hamda xonadonlarga chiqib test olishi ham mumkin», deya Oqilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, xususiy klinikalarda olingan test natijalari musbat chiqqan taqdirda, ular kasallikning umumiy statistikasiga kiritib borilishi shart.

«Xususiy klinikalarda topshirilgan tahlillar natijasi musbat chiqqan holda kasallik tasdiqlangani haqidagi axborot bemorning turar joyiga qarab Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining tegishli hududiy markaziga yetkazilishi shart. Har bir bunday holat umumiy statistikaga qo‘shilishi lozim», dedi shtab a'zosi.

U shuningdek, o‘zlarida koronavirus alomatlarini sezgan homiladorlar qayerga murojaat qilishi kerakligi haqida ma'lumot berib o‘tdi.

«Homilador ayol o‘zida COVID-19’ni gumon qilgan taqdirda birinchi navbatda ayollar maslahatxonasidagi kuzatuvchi shifokori va oilaviy poliklinikasidagi shifokoriga murojaat qilishi lozim. Kasallik simptomsiz kechayotgan bo‘lsa, barcha epidemiologik va gigiyenik choralarga rioya qilib, uy sharoitida yakkalangan holda kuzatuv ostiga olinadi.

Ayolda kasallikning u yoki bu alomatlari (yo‘tal, tana haroratining ko‘tarilishi, ta'm va hid bilish sezgisining yo‘qolishi, mushaklardagi og‘riq va holsizlik) paydo bo‘lganda zudlik bilan maxsus ajratilgan shifoxona yoki tug‘ruq majmuasiga statsionar sharoitda yotqizilishi kerak», degan Oqilov.

 

Mavzuga oid