Jamiyat | 21:50 / 18.07.2020
31905
2 daqiqa o‘qiladi

Sarvar Karimov kasalxonaga joylashganini xabar qildi

Sarvar Karimov o‘zi, akasi va singlisi kasalxonaga yotqizilganini aytdi. U avvalroq otasi koronavirusdan vafot etgani haqida yozgandi.

Foto: twitter.com/sarvarkarimovic

O‘zbekistonlik taniqli kinoijodkor Sarvar Karimov kasalxonaga yotqizilganini aytdi. Bu haqda rejissyor tvitterdagi sahifasida yozgan. Uning aytishicha, hozirda «Nuroniy» sanatoriyasida davolanmoqda.

«Meni, akamni va singlim Yunusoboddagi «Nuroniy» sanatoriyasiga joylashdik. 8ta qavatga bitta infeksionist va ikkita terapevt bor ekan. Bechoralarning ahvoli biznikidan badtar. Boshqa vrachlar yo‘q, ukollar yo‘q, apparatlar yo‘q. Sabr qilishdan boshqa ilojimiz ham yo‘q.

Menga hamdardlik bildirgan va sabr tilagan barchaga rahmat. Hozir «Nuroniy» sanatoriyasida davolanyapmiz. Vrachlar juda kam, butun shifoxonaga atigi 3-4 kishi. Qo‘ldan kelgancha yordam berishyapti, ammo ularga ham qiyin. Charchab adoyi tamom bo‘lgan hammasi. Shifokorlarni asrang, kattakonlar.

Va'da qilingan millionlar berildimi, opa, desam indamay pastga qarab qo‘yishdi... Ko‘pchilik vrachlar ishga chiqmay qo‘yishgan, ishlayotganlarga faqat sabr tilash mumkin. O‘z hayotini havf ostiga qo‘yib, yana hamma bemorlarning ta'nasini eshitib, tishni tishga qo‘yib ishlashyapti. Baraka topishsin.

Yaxshiyam dabdurustdan yer qimirlamadi, osmondan kometa tushmadi. Yarim yildan buyon butun dunyo ko‘rib turipti nimalar bo‘layotganini. Bizni «tepa»dagilar ko‘rmi, karmi, bilmadim... Shuncha payt tayyorgarlik ko‘rish o‘rniga nima qilishdi ekan, hayronman. Xudodan ularga insof so‘raylik, yaxshilar», deb yozgan Sarvar Karimov tvitterdagi sahifasida.

Mavzuga oid