«Said-Abdulaziz Yusupov oqlangani yo‘q» - Oliy sud
21 iyul kuni AOKAda sud sohasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda rasmiylardan jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘lgan qator masalalar, xususan taniqli jurnalist Said-Abdulaziz Yusupovning ozodlikka chiqarilishi bo‘yicha ham izoh so‘raldi.
Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimovning so‘zlariga ko‘ra, Said-Abdulaziz Yusupov ikki marta sudlangan.
«Birinchi holatda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. Ikkinchi holatda esa firibgarlik jinoyati bilan tergov olib borildi. Sudlanuvchi firibgarlik orqali yetkazilgan zararni to‘liq qoplagani sababli unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanib, qamoqdan ozod qilindi, oqlangani yo‘q», – deya Muslimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondiga rahbarlik qilib kelgan Said-Abdulaziz Yusupov 2019 yil 10 mayida firibgarlik bilan ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan va 2020 yil 8 iyul kuni ozodlikka chiqarilgan edi.
Qo‘lga olinishidan ikki kun o‘tib Yusupovning 2018 yili 25 sentyabrda yozib olingan videomurojaati paydo bo‘lgan, videomurojaatda u jinoyat ishi soxtalashtirilganini iddao qilgan edi.
«Yusupov ishi» yopiq sudda ko‘rilgan, OAVga jarayonni yoritishga imkon berilmagan edi.
Mavzuga oid
17:49 / 06.12.2024
Oliy sud: 10 oyda 4 934 kishi sud zalida qamoqdan ozod qilindi
19:20 / 21.10.2024
Toshkentda sudyalar uchun Germaniya va Sloveniya tashkilotlari hamkorligida seminar-trening boshlandi
14:44 / 21.09.2024
Senatda Oliy sud raisiga o‘rinbosarlar saylandi
21:57 / 23.07.2024