O‘zbekiston | 23:56 / 22.07.2020
9393
2 daqiqa o‘qiladi

Niqob taqish o‘pka qurishiga sabab bo‘lmaydi – Aziza Xo‘jayeva

Uzoq vaqt niqob taqib yurish o‘pka qurishini keltirib chiqarishi haqidagi gaplar asossiz, deb ma'lum qildi tibbiyot fanlari nomzodi, immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva.

Ijtimoiy tarmoqlarda niqob taqib yurish go‘yoki o‘pka qurishini keltirib chiqarishi haqida ma'lumot tarqaldi. Immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayevaning so‘zlariga ko‘ra, bu ma'lumot ilmiy asosga ega emas.

«Agar niqob o‘pka qurishiga olib kelganda, bironta sog‘ shifokor qolmagan bo‘lardi. Chunki shifokorlar soatlab niqobda turib, bemorlarni operatsiya qilishadi.

Niqob taqqan holatda ham, niqobsiz bo‘lgan holatda ham organizmdagi saturatsiya (kapillyar qon tomirlarning kislorod bilan to‘yinganlik darajasi) bir xil. Niqob gipoksiyaga – kislorod yetishmovchiligiga sabab bo‘lmaydi.

O‘pka qurishi (fibroz)ning sabablari mutlaqo boshqa. Autoimmmun kasalliklarda, yillar davomida chekuvchilarda fibroz kuzatilishi mumkin. Niqob taqish natijasida o‘pka qurib, pnevmoniya kelib chiqishi mutlaqo yolg‘on. Pnevmoniya va o‘pka qurishining farqi katta. Pnevmoniyada o‘pka suyuqlikka shishadi, undagi mayda qon tomirlarning ichki devori yallig‘lanadi», – dedi mutaxassis «Tez yordam» dasturining 22 iyul kungi sonida.

Mavzuga oid