O‘zbekiston | 18:00 / 05.08.2020
19180
5 daqiqa o‘qiladi

«International Job Organization – xususiy bandlik agentligi» rahbari qamoqqa olindi

«International Job Organization – xususiy bandlik agentligi» fuqarolarning 5,5 mlrd so‘mdan oshiq pullarini firibgarlik bilan qo‘lga kiritganlikda ayblanmoqda. Bugungi kunga qadar birorta ham fuqaro respublikadan tashqariga ishga yuborilmagan.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ish yurituvida «International Job Organization – xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, 1993 yil Qirg‘iziston Respublikasida tug‘ilgan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs Abduraxmanov Sherzod Abdulxamidovich Toshkent shahar, Yunusobod tumani, A.Donish ko‘chasi, 2-mavzeda joylashgan, faoliyat turiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlovchi fuqarolarni xorijiy davlatda ishga joylashtirish, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma'lumotlar berish hisoblangan «International Job Organization – xususiy bandlik agentligi» MChJ uchun 2019 yilning 19 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan 0058-sonli litsenziya olib, jamiyatga rahbarlik qilib kelgan.

Jamiyat tashkil topilgan kundan bugunga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritishni maqsad qilib, respublikamizning barcha viloyatlarida vakolatxona ochib, turli OAVlari orqali jamiyat haqida e'lonlar berib, bosh ofis va vakolatxonaga ishga joylashish bo‘yicha murojaat qilib kelgan fuqarolarni Koreya Respublikasi va Yevropa qit'asida joylashgan davlatlarga ishga yuborishini va'da qilgan.

MChJ fuqarolarga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan olgan litsenziyani ko‘rsatib, Polsha davlatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan «APEX Sp.z.o.o» va «WIN SOLUTION Sp.z.o.o» korxonalari bilan tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga joylashtirish to‘g‘risidagi memorandumni ko‘rsatish orqali fuqarolarning ishonchiga kirib, amalda biror-bir fuqaroni ishga jo‘natishni maqsad qilmasdan, har bir fuqarodan taklif etilgan davlatdagi ishdan kelib chiqqan holda dastlabki tergov davomida aniqlangan 132 nafar fuqarodan 45 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi pullarni agentlikning bank hisob raqamiga kirim qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Amalda esa ushbu fuqarolarning birortasini hech qaysi bir xorijiy davlatga ishga yubormasdan, bu pullarni shaxsiy ehtiyojlari va jamiyatning faoliyati uchun maqsadsiz sarflab, o‘zgalarning 5,6 mlrd so‘m miqdordagi pullarini egallash jinoiy faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan «International Job Organization – xususiy bandlik agentligi» MChJ direktori Sh.Abduraxmonov va boshqalarga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shu yil 10 iyun kuni Sh.Abduraxmanov JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari joriy yilning 26 iyunida IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga olingan va MChJning bosh ofisida tintuv tergov harakati o‘tkazilgan.

Jinoyat ishi tergov qilish jarayonida Sh.Abduraxmanov jinoyat ishida JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Jinoyat ishining ko‘p hajmli ekanligi, respublikaning barcha viloyatlarida jabrlanuvchilar borligi va dastlabki tergov muddatining o‘tib borayotgani hamda hozirgi karantin sharoitini inobatga olib, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklarini oldini olish maqsadida, ulardan o‘zlari yashaydigan tuman, shahar IIBlari huzuridagi Tergov bo‘linmalariga murojaat qilishlari so‘raladi.

Fuqarolar so‘roq qilib bo‘linganidan so‘ng yetkazilgan zararning aniq miqdori ma'lum bo‘ladi. Haqiqatda yetkazilgan zararning jami miqdori bugungi kunga qadar aniqlanganidan oshishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda, tergov harakatlari va jinoyat ishi natijasi yuzasidan qo‘shimcha ravishda axborot berib boriladi.

Mavzuga oid