O‘zbekiston | 19:32 / 07.08.2020
6958
5 daqiqa o‘qiladi

9 avgust – Quruvchilar kuni. «O‘zsanoatqurilishmateriallari»: kecha va bugun

Mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda. Yangi uy-joylar, madaniy-maishiy obektlar, yirik zavodlar, zamonaviy infratuzilma obektlari qurilmoqda.

Tabiiyki, bunday katta hajmdagi ishlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarilishida qurilish materiallariga bo‘lgan talab ortib boradi.

Shu bois, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, yangi turdagi, energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarish, sohaga investorlarni keng jalb qilish orqali yirik loyihalarni amalga oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi PQ-4198-sonli va 2019 yil 23 maydagi PQ-4335-sonli qarorlari bilan qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish istiqbollari va strategiyasini belgilab berildi. 

2016 yilda jadal sur'atlar bilan boshlangan ishlar bugungi kunda o‘z mevasini berib, sohada jiddiy o‘zgarishlar va natijalar kuzatilmoqda.

Xususan, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni bugungi kunga kelib 10 mingtadan oshdi. O‘tgan yillarda 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 180tadan oshib ketdi.

Misol uchun, bazalt toshidan armatura, gulqog‘oz, lenolium, devorbop mahsulotlardan gazobeton va penobeton kabi bir qator yangi qurilish materiallarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Soha bo‘yicha 2016 yilda 6,8 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 16,8 trillion so‘mga yetkazildi.

Ta'kidlash joiz, qurilish materiallarini ishlab chiqarishga investitsiyalarni keng jalb qilishga katta e'tibor qaratilib, respublikamizda yaratilgan qulay investitsion muhit tufayli bu borada katta natijalarga erishilmoqda.

Xususan, 2016 yilda sohaga 360 million dollar investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, o‘tgan 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 1,3 milliard dollarga yetkazildi. Ushbu, jalb qilingan investitsiyaning 680,4 million dollari xorijiy investitsiya va kredit liniyalarini tashkil etdi.

Bunda eng avvalo, ichki bozorni sifatli va arzon qurilish materiallari bilan bilan ta'minlashga katta e'tibor qaratildi.

Xususan, o‘tgan qisqa davr davomida xorijdan katta hajmda import qilingan, keramik plitalar, santexnika buyumlari, bezakli oyna, lak buyoqlari, pardozbop toshlar, gipsokarton, quruq qurilish qorishmalari kabi aksariyat qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.

Albatta, chuqur tahlillar asosida jalb qilingan investitsiyalar hisobiga zamonaviy korxonalar barpo etilishi natijasida mahsulotlar nafaqat ichki bozorda balki, tashqi bozorlarda ham xaridorgir bo‘lmoqda.    

Bugungi kunda keramik plitalar, sanitar-texnik buyumlar, gulqog‘oz (oboy), quruq qurilish aralashmalari, tabiiy pardozbop toshlar, ohak kabi qurilish materiallari eksport qilmoqda. Tahlillarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, 2016 yilda 55,3 million dollarlik mahsulotlar eksport qilingan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 2,3 barobarga ortib, 140 mln dollarlik qurilish materiallari xorij bozoriga chiqarildi. Joriy yilda ham kamida 200 mln. dollarlik qurilish materiallarini eksport qilish maqsad qilingan.

 “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan qurilishning asosi bo‘lgan sement mahsulotini ishlab chiqarish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda mamlakatimizda sement ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan 30 ta korxona mavjud bo‘lib, joriy yil yakunigacha sement ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlar  20 million tonnaga yetkaziladi.

Hozirgi kunda, “Qizilqumsement”, “Ohangaronsement”, “Quvasoysement”, “Bekobodsement” va “Olmaliq Tog‘-kon Metallurgiya Kombinati” aksiyadorlik jamiyatlari singari yirik ishlab chiqaruvchilarning hissasi ayniqsa katta.

2020-2021 yillarda uyushma mas'ulligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida umumiy quvvati 14 mln. tonna bo‘lgan yana 18 ta yangi sement zavodlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shu fursatdan foydalanib, “O‘zsanoatqurilishmaterillari” uyushmasi jamoasi nomidan qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan barcha hamyurtlarimizni kasb bayrami bilan tabriklaymiz. Olib borayotgan bunyodkorlik ishlariga ulkan zafarlar tilaymiz.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi Axborot xizmati

Mavzuga oid